Elektron ta’lim – bu talabalar bilim olishiga yo‘naltirilgan interaktiv elektron o‘qitish muhiti bo‘lib, geografik joylashuvi va vaqtiga bog‘liq bo‘lmagan holda faoliyat yurituvchi elektron uzatish muhiti bo‘lib internet yoki raqamli texnologiyalardan foydalanishga mo‘ljallangan innovatsion yondashuv hisoblanadi.
Elektron ta’lim muhiti – kompyuter yoki mobil qurilmalar vositasida raqamli tizim yoki mobil ilovalar orqali onlayn sharoitda bilimlar olish va bilimlarni nazorat qilish uchun xizmat qiladi.
Elektron ta’lim muhitini yaratish uchun quyidagilar zarur bo‘ladi: kontent, texnologiya, texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilma va muassasa. Yuqori sifatli elektron ta’lim muhitini yaratish uchun quyidagi mutaxassislar guruhi talab qilinadi: tajribali professor-o‘qituvchi, dasturchi, multimedia mutaxassisi, elektron ta’lim texnologiyalari va yaxshi pedagog. Bu yerda ayrim rollarning bir nechtasini bitta odam bajarishi mumkin.
Kompyuter vositasida ta’lim jarayonini tashkillash qator qulayliklarga ega bo‘lib, dars xarakteridan kelib chiqib ulardan qulayini tanlash mumkin. Jumladan, kompyuterdan foydalanib o‘qitish jarayonida qo‘llaniladigan usullarni quyidagi turlarga bo‘linadi: 1) butun sinf bilan bir varakayiga ishlash; 2) guruh bilan ishlash; 3) har bir o‘quvchi bilan individual ishlash.
Pedagogik jarayonda kompyuterni qo‘llash usulini tanlash to‘g‘ridan-to‘g‘ri didaktik topshiriqqa ham bog‘liq bo‘ladi. Kompyuter texnologiyalar bilim olish mumkin bo‘lmagan yoki muayyan darajada murakkab bo‘lgan o‘quv jarayonida qo‘llanilsa, yanada yaxshi samara beradi. Bunda o‘quvchi vazifani mashina emas, balki o‘zi yechayotganini bilishi juda muhim ahamiyatga ega.
Zamonaviy ta’limning asosiy maqsadlaridan biri bu — har bir ta’lim oluvchining bilimlar yig‘indisi bilan qurollantirilibgina qolmay, qiziqishlari, moyilligi, rivojlanishi, tarbiyasi, hamda ularni ta’lim jarayonida kutilmagan vaziyatlarda mos ravishda faol qo‘llay olishini ta’minlashdan iborat.
Pedagogik jarayonlarni tashkil qilishning innovatsion shakllari, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va katta miqdordagi resurslarning mavjudligi kabi innovatsion komplekslarni yaratilishi hisobiga ta’limda sifat darajasining ortishiga erishish mumkin. Bunday komplekslar o‘quv jarayonini mustaqil ravishda tashkil qilishga qodir bo‘lgan ijodkor o‘qituvchiga mo‘ljallangan. Axborot texnologiyalari o‘quv jarayonida yangi shakldagi ta’lim texnologiyalarini qo‘llash o‘qitish samaradorligini oshirish imkonini beradi. Pedagogik dasturiy vositalar xilma-xildir. Shunga ko‘ra, ularni nomlash va tizimli tasniflash borasida muayyan muammolar vujudga keladi. Jumladan, S.Tursunov pedagogik dasturiy vositalarni nomlash va turkumlarga ajratishda juda ko‘p va turli atamalar qo‘llanilganligini ta’kidlaydi [130]. Bunga yana bir misol N.Ye.Yegorova [47], A.K.Ryasulevalar o‘z tadqiqotlarida bu kabi dasturlarni «o‘rgatuvchi kompyuter dasturlar» - deb nomlashadi va ularga quyidagicha ta’rif beradilar [173]:
O‘rgatuvchi kompyuter dasturi – bu o‘quvchining o‘quv-bilish faoliyatini nazorat qiluvchi va qisman o‘qituvchi funksiyasini bajaruvchi dastur.
O‘rgatuvchi kompyuter dasturi – bu ma’lum bilimlarni talabaga yetkazish va ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun mo‘ljallangan dastur. Ko‘rinadiki, ularga berilgan ta’riflar ham xilma-xildir. Bu esa, o‘z navbatida, chalkashliklarni keltirib chiqaradi.
Pedagogik dasturiy vositalar qanday nomlanishidan qat’iy nazar, ularning zarurati mazkur vositalar yordamida o‘quv-tarbiya jarayonlarining qiziqarli va samarali bo‘lishi bilan baholanadi. Ularni baholash va ekspertizasi to‘g‘risida 2.5 paragrifida batafsil to‘xtalamiz.
A.G‘.Hayitov o‘z dissertatsiyasida pedagogik dasturiy vositalariga (PDV) quyidagicha ta’rif bergan: “maxsus ishlab chiqilgan, o‘qitish va ta’lim olishda pedagogik funksiyalarni amalga oshirish uchun moslashtirilgan ta’lim oluvchi bilan o‘zaro hamkorlikdagi ko‘p qirrali kompyuter dasturlari tushuniladi”.
I.V.Robert o‘z ishlarida pedagogik dasturiy vositalarga quyidagicha ta’rif bergan: «pedagogik dasturiy vositalar - kompyuter texnologiyalari yordamida o‘quv jarayonini qisman yoki to‘liq avtomatlashtirish uchun mo‘ljallangan didaktik vosita hisoblanadi». Ular ta’lim jarayonini samaradorligini oshirishning istiqbolli shakllaridan biri hisoblanib, zamonaviy texnologiyalarning o‘qitish vositasi sifatida ishlatiladi [112].
Bu turdagi dasturlar axborot olish jarayonini va qandaydir sohada bilimlarni shakllantirish, malaka va ko‘nikmalarni mustahkamlash, nazorat va tahlillarni kompyuterlashtirishni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Bu ularning o‘rgatuvchi dasturlarni yaratish va ekspluatatsiya qilishni yengillashtiruvchi dasturlardan asosiy farqi hisoblanadi.
Pierre Tchounikine esa «pedagogik dasturiy vositalar - ta’limda qo‘llaniladigan ixtiyoriy pedagogik konteksti mavjud yoki ta’lim maqsadida ishlab chiqilgan dasturiy ta’minot bo‘lishi mumkin» – deb ta’rif berib, pedagogik dasturiy vositalarni o‘quv maqsadli dasturiy ta’minotlar sifatida qaraydi2. Pedagogik dasturiy ta’minotlarni loyihalash, dizayn ta’minoti, o‘quvchilarning dasturiy ta’minotdan foydalanish usullari o‘rtasidagi munosabatlar mavjudligini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Pedagogik dasturiy vositalar ta’limga oid o‘ziga xos funksiyalar yoki xususiyatlarni taqdim etishi, o‘quv faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan bilimlarni o‘ziga singdirishi, o‘qitish mexanizmlarini amalga oshirishi yoki o‘quvchilarni pedagogik maqsadlarini amalga oshirishga ham xissa qo‘shadi [175].
Yuqorida keltirilgan ta’riflar, tushunchalar va ularning turli xususiyatlaridan kelib chiqish asosida pedagogik dasturiy vositalarga quyidagicha ta’rif berdik: «pedagogik dasturiy vositalar - o‘qitish va ta’lim olishda pedagogik funksiyalarni amalga oshirish uchun moslashtirilgan dastur bo‘lib ta’lim oluvchi bilan o‘zaro hamkorlikdagi ko‘p qirrali kompyuter va mobil texnologiyalari yordamida o‘quv jarayonini qisman yoki to‘liq avtomatlashtirish uchun mo‘ljallangan didaktik vositadir».
Pedagogik dasturiy vositalarni yo‘naltirilgan maqsadiga ko‘ra ikkita katta turga ajratish mumkin:
Kompyuter tarbiya dasturi – tarbiyaviy jarayonlarda qo‘llash uchun mo‘ljallangan, o‘zida tarbiyaviy, pand-nasihat xarakteridagi manbalarni birlashtirgan kompyuter dasturi hisoblanadi.
Kompyuter o‘quv dasturi – o‘quv jarayonida qo‘llash uchun maxsus ishlab chiqilgan yoki moslashtirilgan boshqaruvchi muhit.
Bundan tashqari o‘rgatuvchi kompyuter dasturlarini jilolantiruvchi, maslahat beruvchi, shug‘ullantiruvchi, o‘rgatuvchi, nazorat dasturlari kabi turlari ham mavjud.
Ulardan biri bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash uchun, boshqalari esa yangi tushunchalarni o‘zlashtirishga mo‘ljallangan. Ko‘pincha, bitta dasturda bir nechta maqsadlar (o‘qitish, shug‘ullanish, nazorat) uyg‘unlashtirilgan bo‘ladi. O‘qitish jarayonida avval dastur orqali taqdim qilingan axborot yuzasidan tushungani bo‘yicha savol beradi. Agar javob noto‘g‘ri bo‘lsa, mashina to‘g‘ri javob bo‘yicha eslatma beradi yoki javob beradi va yangi savol beradi. Shug‘ullantirish rejimida faqat savollar beriladi, noto‘g‘ri javob berilganda qo‘shimcha tushuntirish beriladi; natijalar eslab qolinmaydi, ularda savolning javobini o‘ylash va mulohaza qilish uchun vaqt cheklanmaydi. Nazorat rejimida topshiriqlar variantlari kompyuter tomonidan tanlab olinadi, o‘ylab, mulohaza qilish vaqti esa chegaralanadi, natijalar to‘la qayd qilinadi, xato javob berilganda to‘g‘ri javob va izohlar (tushuntirishlar) taqdim qilinadi. Tugallangandan keyin xatoga yo‘l qo‘yilgan va takrorlash talab qilinadigan mavzular belgi qo‘yilgan holatda qayta taqdim qilinadi.
Ye.I.Mashbisning ta’kidlashicha ko‘plab mualliflar besh turdagi o‘rgatuvchi dasturlarni keltirishida [89]: a) shug‘ullantiruvchi, b) murabbiylik qiluvchi, v) muammoli o‘qitish, g) imitatsion va modellashtiruvchi, d) o‘yinli.
S.Ya. Batыshev o‘qitishning yangi axborot vositalaridan kelib chiqqan holda pedagogik dasturiy vositalarni quyidagicha tasniflash mumkin [20]: 1) o‘rgatuvchi dasturiy vositalar, 2) o‘quv materialini o‘zlashtirish darajasini nazorat qilish, 3) axborot-qidiruv dasturiy tizimlari, 4) imitatsion dasturiy vosita, 5) modellashtiruvchi dasturiy vositalar, 6) namoyish qiluvchi dasturiy vositalar, 7) o‘quv-o‘yinli dasturiy vositalar, 8) xordiq uchun dasturiy vositalar.
K.A.Volodko pedagogik dasturiy vositalarning quyidagi ko‘rinishlarga bo‘lgan [176]: 1. Kompyuterli o‘quv muhiti, 2. Kompyuter o‘rgatuvchi dastur, 3. Avtomatlashgan o‘rgatuvchi tizimlar, 4. Elektron darlik, 5. Elektron qo‘llanma, 6. Ekspert-o‘rgatuvchi tizim, 7. Mualliflik uskunaviy muhiti, 8. Nazorat qiluvchi dasturlar, 9. Texnologik uskunalarning kompyuter simulyatorlari, 10. Demonstratsion dasturlar.
A.K.Ryasuleva ishlarida pedagogik dasturiy vositalarni o‘rgatuvchi dasturlar deb atab ularni quyidagicha turlarga ajratadi [173]:
Do'stlaringiz bilan baham: |