Markaziy nerv sistemasi Sut emizuvchilarning bosh miyasi boshqa umurtqali hayvonlarning bosh miyasiga nisbatan ancha murakkab tuzilgan. Avvalo, oldingi miya yarim sharlari kuchli rivojlangan. Miyaning kulrang moddasi faqatgina uning tagida joylashmasdan, qopqog’ida ham joylashib, ikkilamchi miya gumbazi hisoblangan neopalliumni hosil qiladi.
Miya qopqog’ining yuzasida burmalar hosil bo’ladi. Miyacha o’ta murakkab tuzilgan va uch bo’limdan iborat.
Sut emizuvchilarning bosh miyasini ko’rish uchun miya qutisini ochish kerak. Hayvon boshning ensa qismidagi terisini kesib, bosh skeletini teridan ajratiladi. Buning uchun kalamush boshini ensa tomonini o’zingizga qaratib, qaychini o’tkir pallasini boshni ensa bo’limiga kiriting va boshni orqa qismini ustidan ko’ndalang kesma qiling. Keyin boshni ustidan bo’yiga qarab kesma qiling. Bu vaqtda ancha qalin ensa va quloq suyaklarini kesish lozim.
Kesma burun qismiga yetganda miya qutisining oldingi qismida yana ko’ndalang kesma qiling. Undan keyin, miya qutisini qopqog’i hamma tomonidan kesiladi va miya qutisining qopqog’i ko’tarib olinib bosh miya ochiladi.
Bosh miya besh bo’limdan iborat. Oldingi miya yarim sharlari yaxshi rivojlangan. Yarim sharlarning oldingi uchida hidlov bo’laklari yaxshi ko’rinib turadi. Oraliq miya ustidan yarim sharlar bilan qoplangan. Yarim sharlarni yon tomonga siljitsangiz epifiz bezini ko’rasiz. O’rta miya to’rtta bo’rtma hosil qiladi. Bosh miyaning bu bo’limida ko’rish va eshitish organlarining markazlari to’plangan (98-rasm).
98-rasm. Quyonning bosh miyasi yuqoridan (A), pastdan (B) va yon tomondan (V) ko’rinishi:
1-oldingi miya yarim sharlari; 2-hidlov bo’lagi; 3-ko’ruv nervi; 4-epifiz; 5-oraliq miya; 6-o’rta miya; 7-miyacha; 8-uzunchoq miya; 9-gipofiz; 10-Varoliev ko’prigi.
Miyacha kuchli rivojlangan va uch qismdan iborat, o’rta chuvalchangsimon qismi va ikki yon qismidan iborat. Miyachaning yuzasi ko’ndalang burmalardan tashkil topgan. Miyachaning keyingi qismining ostida uzunchoq miya joylashgan. Uzunchoq miyada rombsimon chuqurchasi bo’ladi.
Bosh miyani ostidan ko’rish uchun uni ag’daring. Buning uchun bosh miya nervlari kesiladi, keyin orqa miya ham kesiladi va bosh miya miya qutisidan ajralib olinadi. Bosh miyaning ostida ko’ruv nervlarining kesishmasi-xiazmani, oraliq miyadan chiqqan gipofizni va miyachani ikki qismini bog’lab turuvchi varoliev ko’prigini ko’rish mumkin.
Ovqat hazm qilish organlari Og’iz yorig’i tashqi tomonidan faqat sut emizuvchilarga xos bo’lgan harakatchan lablar bilan chegaralangan. Og’iz bo’shlig’iga bir qancha juft so’lak bezlarining chiqarish yo’llari ochiladi. Og’iz to’rida muskulli tili joylashgan. Jag’larida maxsus chuqurchalarda-guruhlarga bo’lingan tishlar bor. Og’iz bo’shlig’ining keyingi bo’limida halqum va o’rtasidan yumshoq tanglay orqali ustki (burun) va pastki (og’iz bo’shliqlariga) qismlarga bo’lingan. Halqum qizilo’ngachga, bu esa oshqozonga ochiladi. Oshqozonning keyingi bo’limidan o’n ikki barmoqli ichak boshlanadi va uning sirtmog’ida oshqozon osti bezi joylashgan. O’n ikki barmoqli ichak bir qancha sirtmoq hosil qiladigan ingichka ichakka o’tadi. Ingichka ichak qorin bo’shlig’ining ko’p qismini to’ldirib turadi. Ingichka ichakning yo’g’on ichakka o’tish joyida ko’r ichak joylashgan. Yo’g’on ichak to’g’ri ichak bilan tugaydi. To’g’ri ichak esa orqa chiqaruv teshigi orqali tashqariga ochiladi. Faqat tuban sut emizuvchilardagina kloaka bo’ladi.
Sut emizuvchilarda ichakning uzunligi ovqatning harakteriga bog’liq. Etxo’rlarda ichak uzunligi tanaga nisbatan 2,5-6 marta, kemiruvchilarda 5-12 marta, kavsh qaytaruvchilarda esa 12-30 marta uzun bo’ladi.
Kalamushning jigari ancha katta va olti pallali bo’ladi. O’t pufagi yo’q. Jigardan ishlab chiqilgan o’t suyuqligi ingichka ichakning oldingi qismiga qo’yiladi va ovqat hazm bo’lishda katta ahamiyatga ega. Shuningdek hazm jarayonidagi zaharli moddalarni zararsizlantiradi va glyukogenni to’playdi. Uzunchoq to’q qizil rangli taloq, oshqozonning yonida joylashgan
Qon aylanish sistemasi Sut emizuvchilarning yuragi ko’krak qafasining oldingi tomonida joylashgan va yumaloq devorli yurak oldi xaltachasi bilan o’ralgan(96-rasm)
.
96-rasm. Kalamushning qon aylanish sistemasi:
1-yurak oldi bo’lmasi; 2-yurak qorinchasi; 3-aortaning chap yoyi; 4-nomsiz arteriya; 5-chap umrov osti arteriyasi; 6-o’ng umrov osti arteriyasi; 7-uyqu arteriyasi; 8-orqa aorta; 9-ichki arteriya; 10-oldingi tutqich arteriya; 11-buyrak arteriyasi; 12-orqa tutqich arteriya; 13-jinsiy organlar arteriyasi; 14-yonbosh arteriyasi; 15-dum arteriyasi; 16-oldingi kovak vena; 17-bo’yinturuq vena; 18-umrov osti venasi; 19-dum venasi; 20-yonbosh vena; 21-tutqich vena; 22-jigar darvoza venasi; 23-jigar venasi; 24-keyingi kovak vena; 25-o’pka venasi; 26-toq vena. Venoz qonli qon tomirlar qora rangda berilgan.
Yuragi to’rt kamerali-ikkita yurak bo’lmasi va ikkita yurak qorinchasidan iborat. Faqat bitta chap aorta yoyi saqlangan.
Kichik qon aylanish doirasi o’ng yurak qorinchasidan venoz qonini olib chiqadigan o’pka arteriyasidan boshlanadi. Bu qon tomir orqa tomondan bukilib ikkiga ajraladi va o’pkalarga boradi. O’pkalarda tozalangan qon o’pka venalari nomi bilan kelib, chap yurak bo’lmasiga qo’yiladi.
Katta qon aylanish doirasining arterial tizimi chap yurak qorinchasidan chiqadigan aortadan boshlanadi. Bu aorta yurakdan chiqib, keskin chapga bo’linadi va chap aorta yoyi deb ataladi.
Aorta yoyi keyingi tomonga burilib, umurtqa pogonasi bo’ylab dum tomonga qarab boradi va orqa aorta deb ataladi. Aorta yoyidan kaltagina nomsiz arteriya ajraladi va o’ng umrov osti arteriyasiga, xamda o’ng uyqu arteriyasiga ajraladi. Keyin aorta yoyidan mustaqil holda chap uyqu arteriyasi va chap umrov osti arteriyasi chiqadi.
Uyqu arteriyalari boshni, umrov osti arteriyalari esa oldingi oyoqlarni arterial qon bilan ta’minlaydi. Orqa aorta ko’krak bo’limidan qorin bo’limiga o’ta turib ichak arteriyasi, oldingi tutqich arteriya, jinsiy organlar va buyrak arteriyalarini ajratadi. Chanoq kamariga yetgach ikkita yonbosh arteriyalarini ajratib, o’zi ingichka dum arteriyasi bilan tugaydi. Yonbosh arteriyalari keyingi oyoqlarni arterial qon bilan ta’minlaydi.
Gavdaning bosh qismidan venoz qon juft bo’yinturuq venalarga to’planadi, ular oldingi oyoqlardan kelgan o’mrov osti venalari bilan qo’shilib juft oldingi kovak venalarni hosil qiladi. Oldingi kovak venalar o’ng yurak bo’lmasiga qo’yiladi.
Dum venasi keyingi oyoqlardan kelayotgan yonbosh venalar bilan qo’shilib, toq keyingi kovak venani hosil qiladi. Bu yirik vena o’ng yurak bo’lmasiga qo’yiladi. Keyingi kovak vena yo’l-yo’lakay o’ziga bir necha vena qon tomirlarni (jinsiy, buyrak, jigar) o’ziga biriktirib oladi. Sut emizuvchilarda buyrak qopqa tizimi hosil bo’lmaydi. Ichki organlardan (ovqat xazm qilish yo’llaridan) bir qancha vena qon tomirlari chiqib o’zaro qo’shiladi va jigar qopqa venasini xosil qiladi, bu jigarga kirib kapillyarlar to’riga ajraladi. Jigardan qon juft jigar venalariga, ular esa keyingi kovak venalarga qo’yiladi.
Ayiruv organlari Sut emizuvchilarda boshqa amniotalar singari ayiruv funktsiyasini ikkilamchi yoki chanoq buyraklari (metanefros) bajaradi (97-rasm). Juft buyraklari loviyasimon shaklda bo’lib, umurtqa pog’onasining bel qismida joylashgan. Buyraklarni ko’rish uchun ichaklarni olish kerak.
Har bir buyraklardan siydik pufagiga ochiluvchi siydik yo’llari boshlanadi. Buyraklarning oldingi uchida qizil, sariq rangli ichki sekretsiya bezi bo’lgan buyrak usti bezi joylashgan.
Lupa orqali buyraklarning ko’ndalang-kesimi tekshirilganda, tashqi po’stloq qavatida Boumen kapsulasi hamda qon tomirlar to’plamini ko’rish mumkin. Ichki miya qismida nozik radial yo’nalishdagi chiziqlarni ko’rish mumkin. Bu chiziqlar oxirgi uchidan so’rg’ichlar orqali buyrak jomiga ochilgan.
Ko’payish organlari Sut emizuvchilarda ichki urug’lanish mavjud. Tirik tug’ish munosabati bilan urg’ochilarida jinsiy organlari kuchli shakllangan. Qin va bachadon yuzaga kelgan. Bachadoni kuchli kengayish xususiyatiga ega.
Ko’pchilik voyaga yetgan erkak sut emizuvchilarining erkaklarida urug’donlari tana bo’shlig’idan tashqarida ya’ni yorg’oqdagi moyak xaltachasida joylashgan. Moyak-xaltachasi hayvonning tashqi tomonidan qaralganda yaxshi ko’rinadi.
Erkaklarining juft urug’doni loviyasimon shaklda bo’ladi. Har bir urug’donning tashqi tomonidan mezonefros qoldig’i-urug’don ortig’i bor. Urug’don ortig’idan urug’ yo’li chiqadi va siydik-tanosil nayining boshlang’ich qismiga ochiladi. Urug’ yo’lining pastki qismi kengayib, qayrilgan shoxsimon urug’ pufakchasini hosil qiladi. Urug’ yo’lining siydik chiqarish nayiga o’tish joyida prostata bezi joylashgan va shu yerga Kuper bezining chiqarish yo’li ham ochiladi. Siydik-tanosil nayi erkaklik jinsiy organining ichidan o’tadi (97-rasm).
97-rasm. Urg’ochi kalamushning siydik – tanosil sistemasi:
1-buyrak; 2-siydik yo’li; 3-siydik pufagi; 4-buyrak usti bezi; 5-urug’don; 6-urug’don ortig’i; 7-urug’ yo’li; 8-urug’ pufagi; 9-prostata bezi; 10-kuperov bezi; 11-jinsiy a’zo.
Urg’ochilarining juft tuxumdoni donador shaklida bo’lib, buyrak atrofida joylashgan. Juft tuxum yo’lining voronkasi tuxumdonga yaqin joyda tana bo’shlig’iga ochiladi. Tuxum yo’lining ikkinchi uchi esa kengayib qalin devorli bachadon shoxiga aylanadi. Bachadon shoxlari uzunchoq toq qinga ochiladigan bachadonga qo’shiladi. Qinning orqa uchi dahlizga ya’ni siydik-tanosil nayiga aylanadi, chunki unga pastki tomondan siydik pufagi ham ochiladi. Nihoyat, qin dahlizi siydik-tanosil teshigi bilan tashqariga ochiladi.
Mavzu bo’yicha topshiriqlar: Sut emizuvchilarning nafas olishi,ovqat hazm qilishi, qon aylanish va nerv tizimini o’rganish.
Quyon va kalamushni yorish usullarini o’rganish.
3. Ularning ovqatlanishi va ekosistemadagi o’rnini o’rganish.
4. Sut emizuvchilarning ko’payishi va riojlanishini o’rganish.