Sut emizuvchilarning teri tuzilish: epidermis, kutis (chin teri) ter va yog’ bezlari.
Teri hosilalari: shoxsimon tuzilmalar va jun qoplami, vibrissalar, qillar, ninalar, tangacha, tirnoq, tuyoq, shoxlar.
Junning tuzilishi: tanasi, ildizi, jun so’g’oni, jun so’rg’ichi, jun xaltachasi, kutikula, po’stloq.
Sut emizuvchilarning terisi boshqa umurtqalilarga xos ikki qavatdan iborat; biriktiruvchi to’qimadan iborat kutis (chin teri) va epitelial to’qimadan iborat epidermisdan tashkil topgan. Sut emizuvchilarda teri boshqa umurtqali hayvonlarga nisbatan murakkab tuzilganligini quyidagilarda ko’rish mumkin. Jumladan terining qalinligi teri osti klechatkasiga bog’liq.
90-rasm. Sut emizuvchilarning teri tuzilishi
1-epidermisning shoxsimon qavati; 2- epidermisning malpigey qavati; 3-chin teri (kutis); 4-jun; 5-ter bezlari; 6-ter bezining ochilish teshigi; 7-yog’ bezlari; 8-jun muskullari; 9-terining biriktiruvchi to’qimali tolasi; 10-qon tomirlar; 11-jun asosidagi so’rg’ichlar.
Tashqi epidermisning o’zini ikkita qavatga bo’lish mumkin. Tashqi shoxsimon qavat epiteliyning o’lik hujayralari hisobga hosil bo’ladi va tez-tez to’kilib turadi. Tirik epitelial hujayralar hisobiga epidermisning shox qavati yangidan hosil bo’ladi.
Terining ichki kutis yoki chin teri qavati ancha yaxshi rivojlangan. U zich biriktiruvchi to’qima hamda silliq tolali muskullardan va teri yog’ qavatidan iborat. Biriktiruvchi to’qimada qon tomirlar va nerv tolalarining uchlari joylashgan.
Sut emizuvchilarning terisida ko’p xujayrali teri bezlari joylashgan bo’lib, har-xil funktsiyalarni bajaradi.
Ter bezlari oddiy nay shaklida tuzilgan bo’lib, ularning uchi ip koptokchadek bo’lib o’ralgan. Ular bevosita terining yuzasiga yoki soch xaltasiga ochiladi va ter chiqaradi. Yog’ beziga qarama-qarshi ularoq, ter bez xujayralarining o’zidan hosil bo’lmasdan, balki to’g’ridan-to’g’ri qon tomirlardan ter beziga o’tadi. Ter o’zining ximiyaviy tarkibiga ko’ra siydikka yaqin bo’lib, unda erigan holdagi mochevina, osh tuzi va shunga o’xshash moddalar bo’ladi, lekin unda siydikdagiga qaraganda suv ko’p bo’ladi. Ter chiqqanda garchi zararli moddalar organizmdan chiqib ketsa ham lekin terining asosiy vazifasi shundaki u gavda yuzasini sovitib turadi. Ba’zi sut emizuvchilarda ter bezlari bo’lmaydi, chunonchi kitsimonlarda, krotlarda, itlarda. Kemiruvchilarda juda kam, quyonlarda esa faqat labi bilan qo’ltig’ida bo’ladi.
Yog’ bezlari tuzilishiga ko’ra alveolyar tuzilishiga ega, chunki ularning kanali mayda kanalchalarga bo’linadi, bu kanalchalarning uchi kengayib alveola hosil qiladi. Yog’ bezi hamma vaqt jun xaltasiga egiladi va yog’ chiqarib, jun bilan terini moylab turadi hamda ularni qurishdan va nam bo’lishidan saqlaydi. Embrionda teri yog’i butun gavdaning boshdan oyog’ini qalin qatlam bo’lib qoplab turadi va tug’ish vaqtida bolaning ona jinsiy yo’llaridan o’tishini osonlashtiradi.
Hidli bezlar boshqa bezlarga qaraganda murakkab tuzilgan va ko’pincha shaklan o’zgargan yog’ bezlari va ter bezidan iborat bo’ladi ba’zi hollarda bu ikkala bez qo’shiluvidan hosil bo’ladi va maxsus xaltachaga ochiladi. Ko’pgina susarsimonlarning orqa chiqaruv bezlari hidli bezlarga kiradi bu bezlar juda qo’llansa sekret chiqaradi va bu sekret bir tomondan hayvonning o’zini-o’zi himoya qilish uchun xizmat qilsa, ikkinchi tomondan har-xil jinsdagi individlarda bir-birini axtarib topish uchun xizmat qiladi. Masalan, Amerika skunslari, kabargalarda, suv kalamushi, qunduz, bug’u, qo’ylar, kiyiklarning yosh xaltachalari, echkilarning tuyoq bezlarini ham olish mumkin.
Sut bezlari. Sut emizuvchilarda shaklan o’zgargan ter bezlaridir. Sut bezlari ter bezlari singari nay shaklida tuzilmasdan balki uzum boshiga o’xshab tuzilgan. Bir teshiklilardan tashqari barcha sut emizuvchilarda so’rg’ichlari bo’ladi. Ular qo’ltiq tagidan qov sohasigacha qator bo’lib joylashgan. Bezlarning joylashishi va so’rg’ichlari xilma-xil bo’ladi. So’rg’ichlar soni ikkitadan, yigirma oltitagacha bo’lib, bolalar soniga mos holda bo’ladi.
Sut, sut bezlarining faoliyati natijasida hosil bo’ladi. Tarkibida, asosan ozuqabop moddalar mineral tuzlar va suv bo’ladi. Sut bezlari homiladorlikning so’ngi bosqichlarida faoliyat ko’rsata boshlaydi.
Junlar, sut emizuvchilarning eng harakterli shox tuzilmalaridir. Junlar faqat shu sinfga kiradigan hayvonlarda uchraydi. Kitsimonlarga kiradigan ba’zi sut emizuvchilardagina, delfinlarda (beluga, narval) junlar mutloqo bo’lmaydi. Jun ikkita asosiy qismidan: teri ustiga chiqib turadigan tana va teri ichiga botib kiradigan tomirdan iborat. Jun tanasi, o’z navbatida, yumshoq o’zak moddasi, uni o’rab turadigan zich po’stloq qatlam va yupqa tashqi po’stdan tashkil topgan. O’zak moddasi junning markaziy kanali deb ataladigan qismini to’ldirib turadi va mayda-mayda teshikli yumshoq to’qima hujayralari orasida havo bo’ladi.
Jun tanasining pastki tomoni sekin-asta tomirga aylanadi, tomirning uchi noksimon shaklda kengaygan bo’lib, jo’n so’g’oni (miyachasi) deb ataladi. O’sayotgan jun so’rg’ichi kirib turadi, jun so’rg’ichi junni oziqlantirish uchun xizmat qiladi. Jun tomiri chin teriga botib kiradi va jun xaltasida turadi. Jun xaltasining devori ikki qatlamdan: tashqi jun xaltachasi hamda unga taqalib turadigan ichki-jun qinidan yuzaga kelgan.
91-rasm. Teridagi junning ko’ndalang kesimi:
1-epidermisning shoxsimon qavati; 2- epidermisning malpigey qavati; 3-chin teri (kutis); 4-yog’ bezlari; 5-jun o’zagi; 6-junning po’stloq moddasi; 7-jun qobig’i; 8-jun xaltachasi; 9-jun qini; 10-jun so’rg’ichlari; 11-yog’ to’qimasi; 12-jun xaltachasining muskullari.
Jun xaltachasining devori shaklan o’zgargan chin teri to’qimasidan iborat bo’lsa, jun qini epidermisning davomidir. Epidermis jun xaltasining ichiga chuqur botib kiradi va jun so’g’onining ostiga borib jun tomiriga taqalgan holda yuqoriga qayrilib chiqadi.
Vibrissalar, qillar va ninalar shaklan o’zgargan junlardir, ninalar himoya moslamasi rolini o’ynaydi, xususan tipratikan, jayra, yexidnalarda taraqqiy etgan. Qo’shimcha tuyg’u organi-vibrissalar esa hayvonning panjalarida, ko’kragida va bosh qismida joylashgan bo’ladi.
Sut emizuvchi hayvonlarda eski junlarning tushib ketishi, hamda ularning yangi junlar bilan almashinish jarayoni ya’ni tullash uzoq muddatga cho’zilib, sekinlik bilan o’tishi yoki aksincha qisqa muddat ichida tugashi mumkin. Odatda tez o’tadigan tullash, sovuq qish bilan issiq yoz tez almashinadigan o’rta va sovuq iqlimi mintaqalardagi hayvonlarda tez amalga oshadi.
Sut emizuvchilar orasida umurtqalilarning boshqa sinflari o’rtasida xususan qushlar o’rtasida ko’zatadigan tiniq, ravshan rangli turlar uchramaydi. Bu ham fizik, ham ekologik sabablarga bog’liq. Fizik sababi juda ko’pchilik sut emizuvchilarning terisi bilan junida faqat ikki turli pigment qora va sariq pigmentlar bo’lsa kerak, shuning uchun sut emizuvchilarda rang ana shu ikki pigmentning bir-biriga har-xil tarzda qo’shilishidan hosil bo’ladi.
Quruqlikda yuruvchi barcha sut emizuvchilarning barmoq uchlarida tirnoqlari, changal tirnoqlari yoki tuyoqlari, ba’zilarida esa shoxlari bo’ladi.
92-rasm. Tirnoq (A), changal tirnoq (B) va tuyoqlarning (V) tuzilishi:
Tirnoq, tuyoqlar barmoq falangalarining ustni qoplab olgan bo’lib, epidermisning malpigiy qavati hisobiga o’sib boradi.
Sut emizuvchilar orasida eng ko’p uchraydigan changal tirnoq ancha qalin va changal shox tirnoq plastinkasi ustiga qayrilgan bo’lishi bilan yassi tirnoqdan farq qiladi. Changal tirnoq plastinkasi barmoq uchini yon tomonlaridan o’rab olib, uchi o’tkir bo’lib qayrilib chiqib turadi. Changal tirnoqda pastki devor ustki plastinkasi ham yaxshi ko’rinib turadi, lekin tirnoqda u rivojlanmay qolgan holda bo’ladi.
Ba’zi sut emizuvchilarda shox tangachalari ham mavjud bo’lib, ular sudralib yuruvchilar va qushlardagi tuzilmalarga mos keladi. Bunday shox qalqonlar zirxlilarning tanasida. Shuningdek sichqon, quruqlik kalamushi va suv kalamushlarining faqat dum qismida bo’ladi.
Shox tuzilmalarga korkidonning oddiy shoxlari bilan kuvush shoxlilarning suyak o’siqqa o’rnashgan ichi g’ovak g’ilofdan iborat shoxi ham kiradi. Bug’ularning shoxi terining kutus qatlamidan kelib chiqqan suyak tuzilmalardir.
93-rasm. Kavsh qaytaruvchilardan (1-3) kuvush shoxlilar va zich (4-5) shoxli tuyoqlilar
1-sibir tog’ echkisi; 2-arhar – qo’yi; 3-zubr; 4-shimol bug’isi; 5-evropa bug’isi.
Sut emizuvchilarning nafas olish organlari qushlarnikiga nisbatan ancha murakkablashgan. O’pkasi ko’plab bronxiola va alveola pufakchalaridan iborat. Shuning uchun gaz almashnish yuzasi ancha katta.
Tashqi burun teshiklaridan havo burun bo’shlig’iga o’tadi. Burun bo’shlig’ida burun chig’anoqlari yaxshi rivojlangan va bularda hidlov nervlari tarmoqlangan bo’ladi. Burun bo’shlig’ida havo tarkibidagi chang zarrachalari va boshqa mexanik birikmalar yopishqoq pardaga chiqadi. Keyin havo xoanalar orqali avval og’iz bo’shlig’iga, keyin hiqildoqqa o’tadi.
Sut emizuvchilarning hiqildog’i qator tog’aylardan tashkil topgan.
95-rasm. Qo’yning hiqildog’i: oldidan (A) va orqadan (B) ko’rinishi.
1-hiqildoq usti; 2-qalqonsimon tog’ay; 3-uzuksimon tog’ay; 4-traxeya; 5-cho’michsimon tog’ay.
Ulardan ayrimlari faqat sut emizuvchilarda paydo bo’ladi. Hiqildoq qopqog’i hiqildoq yorig’ini ustidan yopib turadi va ovqatni o’tkazmaydi. Hiqildoqning asosida uzuksimon tog’ay joylashgan. Hiqildoqning oldingi va yon devorlarini qalqonsimon tog’ay o’rab turadi. Cho’michsimon tog’aylar hiqildoqning orqa yonlarida joylashadi. Cho’michsimon tog’aylar orasida tovush pardalari tortilgan. Hiqildoq uzun nay shakldagi traxeyaga ochiladi. Traxeya to’liq bo’lmagan tog’ay halqalardan iborat. Traxeya ko’krak qafasida o’pkalarga kiradigan ikkita bronxlarga bo’linadi. Bronxlar o’pkalarda diametri kichrayib boradigan naychalarga bo’linadi va oxirida pufakchalar-alveolalar bilan tugaydi. Alveolalar devorida kapillyar qon tomirlari joylashgan. Aynan shu yerda gaz almashinadi. O’pkaning alveolyar tuzilishi faqat sut emizuvchilargagina xosdir.
O’pka ko’krak bo’shlig’ida bronxlarga ochilib turadi. Sut emizuvchilarning ko’krak qafasi qorin bo’shlig’idan gumbaz shaklidagi muskulli to’siq, diafragma pardasi bilan ajralib turadi.
Nafas olish akti ko’krak qafasi va diafragma pardasining harakati tufayli yuzaga keladi. Nafas olish vaqtida ko’krak qafasining hajmi keskin oshadi, diagfragma pardasi esa yapaloqlashadi va bu vaqtda elastik o’pkalar kengayadi va havoni tortib oladi. Havoni chiqarganda ko’krak qafasining devori siqilib, diafragma ichkariga gumbazsimon botib kiradi. Natijada ko’krak qafasining umumiy hajmi kichrayadi va undagi bosim oshadi va o’pka siqiladi natijada uning ichidagi havo tashqariga chiqib ketadi.
Yorish.
Kalamushni yorishdan oldin, oyoqlarini to’g’rilab, vannacha yoki taxtachaga qornini yuqoriga qilib yotqiziladi. Qorin tomondagi terini pintset bilan ko’tarilib qaychi bilan terini anal teshigidan toki iyagigacha bo’yi bo’ylab kesiladi, bunda teri ostidagi muskullarni kesib qo’ymaslik kerak. So’ngra o’rta chiziqdan terini tanadan yon tomonlarga qarab ajratiladi, igna va to’g’nagich bilan vannachaga yoki taxtachaga qadaladi.
Qaychi bilan qorinning muskul devorini bo’yiga bo’ylab, to ko’krak qafasigacha kesiladi. So’ngra oxirgi qovurg’alarning tashqi qirralari bo’ylab yon tomonlariga qarab ko’ndalangiga kesiladi. Hosil bo’lgan muskul bo’laklarini vannaga yoki taxtachaga qistiriladi. Qaychi bilan ko’krak qafasining yon tomonlaridan qovurg’alarning orqa va qorin chegarasigacha kesiladi. Ichki organlarning umumiy joylashishi bilan tanishgandan so’ng ayrim organlarning tuzilish bilan tanishib chiqiladi (94-rasm).
94-rasm. Urg’ochi kalamushning ichki organlarining umumiy joylashishi:
1-yurak; 2-chap aorta yoyi; 3-hiqildoq; 4-traxeya; 5-o’pka; 6-diafragma; 7-quloqoldi so’lak bezi; 8-qizilungach; 9-oshqozon; 10-o’n ikki barmoqli ichak; 11-oshqozon osti bezi; 12-ingichka ichak; 13-yo’g’on ichak; 14-ko’r ichak; 15-to’g’ri ichak; 16-anal teshigi; 17-jigar; 18-taloq; 19-buyrak; 20-siydik yo’li; 21-siydik pufagi; 22-tuxumdon; 23-tuxum yo’li; 24-bachadon shoxi; 25-bachadon; 26-qin; 27-chiqaruv teshigi; 28-jinsiy teshik; 29-ko’krak bo’shlig’i; 30-qorin bo’shlig’i.
Do'stlaringiz bilan baham: |