www.ziyouz.com
kutubxonasi
54
ba’zi arab tabiblari ham bitirib chiqqan. U Payg‘ambarning (s.a.v.) zamonlarida
yashagan bo‘lib, Rasululloh agar sahobalarining kasali qaytalanaversa, unga borib
davolanishni maslahat berardilar.
Valid ibn Abdulmalik zamonida Islomdagi ilk shifoxona barpo qilindi. U shifoxona faqat
moxovlar uchun maxsus edi. Ularga tabiblar va moyanalar tayinlandi hamda bemorlar
chiqib ketmasliklari uchun hibs qilib qo‘yishga amr etildi. Ulardan tashqari ko‘rlarga ham
maosh belgilangandi. Keyin birin-ketin shifoxonalar qurila boshlandi. Ular «bemoriston»,
ya’ni kasalxona nomi bilan tanilgandi.
Shifoxonalar ikki xil: ko‘chma va doimiy bo‘lardi. Ko‘chma shifoxonalarni birinchi bor
Islom Rasululloh (s.a.v.) hayot ekanliklaridayoq urfga kiritgandi. Handaq g‘azotida
yaradorlar uchun chodir tikilgandi. Sa’d ibn Muoz tirsaklaridan yaralangan edilar,
Rasululloh (s.a.v.): «Uni ko‘chma chodirga olib boringlar, toinki yaqindan ko‘rib
turaman», dedilar. Bu – Islomdagi ko‘chib yuradigan birinchi harbiy shifoxona edi.
Keyinchalik undan xalifa va podshohlar keng foydalanadigan bo‘lishdi. Hatto, ko‘chma
shifoxonalar kasal muhtoj bo‘ladigan hamma narsa: dori-darmon, ichimlik va taomlar,
kiyim-kechak, tabib va dorixonalar bilan ham jihozlanadigan bo‘ldi. Bunday shifoxonalar
doimiy xastaxonasi bo‘lmagan yerlarda bir qishloqdan ikkinchi qishloqqa ko‘chib yurardi.
Vazir Iyso ibn Ali al-Jarroh Bag‘dod va boshqa shaharlar shifoxonalarining boshlig‘i Sinon
ibn Sobitga shunday deb yozadi: «Qishloq ahli haqida o‘ylab ko‘rdim. Odatda, bu yerlar
kasaldan holi emas. Qishloqlarda tabiblar bo‘lmagani uchun bemorlar muolajasi haqida
hech kim qayg‘urmaydi. Shuning uchun qishloqlarni aylanishga dori-darmon va
ichimliklar bilan jihozlangan tabiblarni jo‘natishga harakat qiling. Ular ham bir hududda
hojat talab etganicha tursinlar va u yerdagilarning muolajasini qilsinlar. Shundan keyin
boshqa joylarga ko‘chsinlar». Sulton Mahmud as-Saljuqiy davrida ba’zi ko‘chma
shifoxonalar shu darajada kattalashib ketdiki, ularning jihozi qirqtalab tuyaga
yuklanardi.
Doimiy shifoxonalarga kelsak, ular poytaxt va shaharlarni to‘ldiradigan darajada ko‘p
edi. Islom olamidagi kichkina shahar ham bir necha shifoxonaga ega edi. Masalan,
Qurtubaning o‘zida ellikta shifoxona bor edi.
Shifoxonalarning turi ko‘p bo‘lgan. Masalan, qo‘shin uchun alohida shifoxonalar bo‘lib,
ularda maxsus tabiblar xizmat qilishardi. Yana mahbuslarning ham xos shifoxonalari
bo‘lgan. Ularni har kuni tabiblar aylanib chiqishar va kasallarini lozim dori-darmonlar
bilan muolaja etishardi. Vazir Ali ibn Iso ibn Jarroh Sinon ibn Sobitga yozgan xatida
quyidagi jumlalar bor: «Mahbuslar haqida ham o‘ylab ko‘rdim. Adadlari ko‘p bo‘lgani va
joylarining yomonligi uchun oralarida kasallari yo‘q emas. Shuning uchun ularning
huzurlariga har kuni kiradigan, dori va ichimliklar beradigan tabiblar tayinlash kerak. Bu
tabiblar hamma qamoqxonalarni aylanib, bemorlarni davolashlari lozim».
Shuningdek, «Tez yordam» nuqtalari bo‘lib, ular jomelar va omma to‘planadigan
joylarda bino qilingandi. Al-Maqriziyning aytishicha, Ibn Tulun o‘zining mashhur
jomeasini qurganda, uning oxiriga dorixona ham qurgan. U yerda hamma ichimlik va
dorilar topilar, xizmatkorlar shay edi. Yana juma kunlari tabib kelib, namozxonlardan
xastalikka chalinganlarini muolaja qilardi.
Yana umumiy shifoxonalar ham bo‘lib, ular eshigini hamma uchun ochib qo‘ygandi.
Islom hazorasi. Ahmad Muhammad
Do'stlaringiz bilan baham: |