www.ziyouz.com
kutubxonasi
137
govgumgacha qo‘li bo‘shamaydi, hammasiga o‘zi qaraydi, o‘zi reja oladi, puxtalab ko‘z soladi...
Gulimxon deraza oldiga kelib, sutday oqarib yotgan tun bag‘riga tikildi. Oy tizim-tizim tog‘
o‘rkachlari uzra porlardi, durdona yulduzlar bodrab chiqqandi. Ertalabga qarab oy botadi, yulduzlar
so‘nadi, ammo shu kech allamahalda tunning cheki yo‘qday, hech qachon tong oqarmaydiganday
ko‘rinardi. Tog‘ etaklari sukunatida chekdagi pat-patning ovozigina hokim edi.
Gulimxon uzoq uxladimi, aytish qiyin, balki ko‘zi uyquga endigina ilingandir, lekin shunda uyqu
aralash qulog‘iga itlarning akil-lashgani va qandaydir uvlagan ovoz chalindi. Gulimxon uyqudan
bazo‘r ko‘zini ochdi, endi bo‘rining cho‘zib-cho‘zib, nola qilib uliganini aniq eshitdi. Uv solgan ovoz
ko‘kka o‘rlar va yurakka og‘ir vahima solardi. Gulimxonni titroq bosdi, u eriga yaqinroq surilib yotdi,
uning bag‘riga tiqildi. Sal o‘tmay bo‘ri ulishi achchiq, alamli yig‘iga aylandi. Azob-uqubatda qolgan
maxluq g‘amini hech qayoqqa sig‘dirolmay faryod ko‘tarardi.
— Akbara-ku! — uyqu aralash xirillagan ovoz bilan dedi Bo‘ston yostiqdan shahd boshini
ko‘tarib.
— Qanaqa Akbara? — so‘radi Gulimxon gap nima haqida borayotganligini anglamay.
— Ona bo‘ri! — dedi Bo‘ston bo‘ri ovoziga quloq tutib, so‘ng qo‘shib qo‘ydi: — Toshchaynar
ham qo‘shilishib uvlayapti. Eshityapsanmi, qassobxonadagi buqaday bo‘kiryapti.
Ular nafaslarini ichlariga yutib qotib qoldilar.
— Uv-uv-uv-v-va-uv-V-va-a-a-u! — anduh to‘la faryod taralardi cheksiz tun qo‘ynida.
— Nima, nimaga uvlayapti? — qo‘rqib pichirladi Gulimxon.
—
Nima bo‘lardi? Alamidan yig‘layapti!
Ular indamay qoldilar.
— Voy qistaloq! — jahli chiqib so‘kindi Bo‘ston.— Sen yota tur, bolaga qara, uyg‘onib ketmasin.
E, qo‘rqma, nimadan qo‘rqasan, nodon! Bo‘ri xo‘p uvlayapti yaqin o‘rtada, bolasini sog‘inib
dovlayapti, xo‘p, nima qilish kerak? Men qo‘tonlardan xabar olay-chi, nima gap ekan?
U shundan so‘ng apil-tapil kiyindi, dahlizga o‘tib etigini oyog‘iga tortdi, so‘ng xonaga qaytib kirib,
chiroqni o‘chirdi-da, eshik-ni mahkam yopib tashqariga chiqdi. Gulimxon uning deraza yonidan
o‘tgani, allanimalar deb, so‘kingani, «Jayson! Jayson! Mah!»— deb itni chaqirgani va qadamlari asta
uzoqlashib ketganini tinglab yotdi. Shunda yana ona bo‘rining cho‘zib uv tortgani, erkagining do‘rillab
unga jo‘r bo‘lgani eshitildi. Ular tortayotgan uvvos sasida qahru-g‘azab ko‘pirib toshar, do‘q yig‘i
bilan almashar, keyin yana telba vasvasa shiddatli xurujga minar, so‘ng umidsiz yolvormoqqa o‘tardi...
Odamning yuragini ezib, buydalab yubormoqdaydi bo‘rilarning uvvosi. Gulimxon qulog‘ini chippa
berkitdi, so‘ng borib, xuddi qashqirlar uyga bostirib kiradiganday eshikning ilgagini soldi, qaltirab,
shol ro‘moliga o‘ranib, nima qilishini bilmay garangsib o‘rin tepasiga keldi. Ishqilib, bola uyg‘onib,
qo‘rqib ketmasin-da, dedi u. Ichi shunday alag‘-chalag‘ edi.
Bo‘rilar esa hamon uv tortishar, ular xuddi shu yaqin orada aylanishib, u yerdan bu yerga o‘tishib,
daydishayotgandek edi. Itlar ularga javoban quturib vovullashar, lekin hovlilardan tashqari chiqishga
botinmasdilar. Shunda birdan varanglab miltiq ovozi keldi, yana bir otildi. Bo‘ston bilan qorovul
Qudurmat bo‘rilarni qo‘rqitish uchun o‘q chiqarganlarini Gulimxon tushundi.
So‘ng hammayoq jim bo‘lib qoldi. Itlar akillashi bosildi. Bo‘rilarning ham uni o‘chdi., «Xudoga
shukr, ketishdi, odamning o‘takasini yorib yuboray deyishdi-ey!»— o‘yladi Gulimxon yengil tin olib.
Lekin baribir dili xavotirda edi. U uxlayotgan Kenjashni karavotdan o‘zlarining to‘shaklariga olib
o‘tib, o‘rtaga yotqizdi. Bu orada Bo‘ston qaytib keldi.
— Uyquni ham harom qildi, qistaloqlar,— deb norozi to‘ng‘il-adi u aftidan bo‘rilar va itlarni
nazarda tutib.— Hayvon, qip-qizil hayvon ekan, bu Bozorboy! — derdi u kufr bo‘lib, qayta o‘ringa
cho‘zilarkan.
Gulimxon eridan so‘rab-surishtirib o‘tirmadi. Shusiz ham uyqusi chala bo‘ldi. Ertalab azonlab yana
qo‘tonlarni aylanishi kerak. U miriqib uyquni urib yotadigan cho‘ponlardan emas.
Erining ko‘ngli nihoyat joyiga tushganligi, o‘g‘ilchasini bag‘riga bosib, shirin so‘zlar aytib,
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |