www.ziyouz.com
kutubxonasi
134
— E, yo‘q,— dedi kulib Marat.— Bo‘ston — Amerikaning katta shaharlaridan biri, Nyu-Yorkdan
qolishmaydi. Bizda esa Bo‘ston — bo‘z to‘n degani, ya’ni kulrang chopon. Tushundingmi?
— Tuf-ey, ana, qurg‘urni qara, rost, rost!— deb tasdiqladi Bozorboy, bu gaplarning bari ikki pulga
qimmatligi, Bo‘stonning obro‘yiga zarracha ham putur yetkazolmasligidan achinib.— Xuddi o‘zi.
Bo‘ston deb choponni aytamiz...
Kechaning seryulduz falagi — sarbaland tog‘lar qorong‘ulikda qud-ratli yag‘rini elas-elas ko‘zga
chalinib turgan ko‘l uzra yoyildi. Uch otliq hazil-huzul qilishib Tamanga ketib borishar, shu kecha bir
qancha odamlarning taqdir kalavalari yechib bo‘lmaydigan darajada og‘ir chuvalashib ketganligini
hayollariga ham keltirmas edilar... Mana, ularning gap-so‘zlari, ot taqalarining toshlarga urilgan
ovozlari borgan sari sekinlab, so‘ng butunlay eshitilmay qoldi... Bo‘ston dvijogining pat-pati ham
orqada so‘ndi, uning chiroqlari tog‘larga cho‘kkan qorong‘ulik ichidan cho‘ponlarning bir necha
qo‘ralari-yu hovlilariga oq shu’lalar taratardi.
Qaerdadir uzoq ketmay qashqirlar izg‘ishardi...
II
Gulimxon kichkintoyni aldab-suldab, erkalab bir amallab uxlagani yotqizdi, o‘zi yotmay — erini
kutdi. Eri hali-zamon kelishi kerak edi. Tashqarida itlar birdan baravar vovullay boshladi. Gulimxon
yelkasiga issiq ro‘molini tashlab, derazaga yuzini bosdi. Direktorning «Gazigi» chiroqlari bilan
qorong‘ulikni yorib, qo‘zilaydigan qo‘ylar saqlanayotgan katta qo‘ton oldidan qayrildi. Bo‘stonning
mashinadan tushgani, xayrlashib, kabina eshigini yopgani va mashina orqasiga keskin burilib ketganini
Gulimxon ko‘rib turdi. Eri darrov uyga kirib kelmasligini Gulimxon bilardi. Bunaqa paytlarda u avval
qo‘tonlar va saroylarni aylanadi, g‘aramxonaga qaraydi, qorovul Qudurmatdan kuni bo‘yi bo‘lgan ish-
hushlarni so‘raydi, qo‘ylar yotib qolmadimi, chala tashlab qo‘ymadimi, qo‘zilaganlari bormi, yo‘qmi,
hammasini bilmaguncha tinchimaydi,
Kuni bilan ko‘chadan horib-charchab kelgan erini qaynoqqina ob-osh bilan kutib olish uchun
Gulimxon o‘choq tagiga oldindan hozirlab qo‘yilgan o‘tinlarni tashladi. Gulimxon issiq choy bo‘lmasa
eriga hech narsa tatimasligini biladi. U qachon kelarkin deb, ostonaga quloq sola boshladi. Kichkintoy
Kenjash otasining sovuqdan muzday bo‘lib qolgan mo‘ylovlari yuziga tekkach, issiqqina to‘shagida
maza qilib dumalab, lablarini chapillatib qo‘yishini tasavvuriga keltirdi-da, Gulimxon jilmayib qo‘ydi.
Odatda kichkintoyni Bo‘stonning o‘zi o‘ringa yotqizardi. Bundan oldin u bilan anchagacha o‘ralashar,
va hatto hushiga kelsa, eshik, derazalarni mahkam berkitib, uyni isitib, o‘zi kichkinani tosga solib
cho‘miltirardi. Qo‘shnilari Bo‘ston yoshi qaytib, bolaga haddan ziyod mehr qo‘yyapti, ilgari u bunday
emasdi, deyishardi. Ilgari u bolalaridan ham ko‘ra ishni ko‘proq yaxshi ko‘rardi. Mana, endi oldingi
bolalari voyaga yetishib, o‘zlari bolalik bo‘lib qolishdi. O’z kunlarini o‘zlari ko‘rishadi. Ular Bo‘stonni
ko‘rgani kelib turishadi. Lekin, bolaning to‘rva qoqdisi hammadan ham lazizroq bo‘lar ekan. Biroq,
Bo‘stonning Kenjashga bunchalar qattiq mehr qo‘yganligining boshqa bir achchiq sababi ham yo‘q
emas. Buni bir Gulimxon bilmasa, tushunmasa, kim biladi, tushunadi. Axir, ular bir kunmas-bir kun er-
xotin bo‘lamiz, farzand ko‘ramiz deb, hech hayollariga keltirishibdimi: axir, uning eri Ernazar dovonda
nobud bo‘lmasaydi, va shundan so‘ng ko‘p vaqt o‘tmay Bo‘stonning birinchi xotini Orzigul qazo
qilmasaydi, bu ishlar qayoqda edi. Ular o‘tgan ishga salavot deb qo‘yishgan, lekin yolg‘iz qolgan
chog‘larida har birlari o‘z hayollariga g‘arq bo‘ladilar, kechgan kunlarini o‘ylaydilar... Kichkintoy —
ularni bir-birlariga mustahkamroq bog‘lab turadi. Axir, u ne-ne mashaqqatlarning shirin mevasi. Axir
dovonga yo‘lni Bo‘ston boshlagan edi, o‘shanda yordamchisi Ernazar uning ko‘z o‘ngida halok bo‘ldi,
ko‘z ilg‘amas chuqur muzlik qa’rida qolib ketdi... Faqat shu kichkintoygina Bo‘ston yuragidagi
o‘pqonni to‘ldirib turar, yarasiga malham edi. Binobarin, qadimdan qolgan gap bor — faqat
tug‘ilishgina o‘limning o‘rnini to‘ldiradi.
Mana, nihoyat qadam tovushlari eshitildi, Gulimxon erining qoshiga yugurib chiqdi, etigini
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |