Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
www.ziyouz.com
kutubxonasi
1
CHINGIZ AYTMATOV
QIYOMAT
Roman
Rus tilidan Ibrohim G’AFUROV tarjimasi
TOSHKENT
G’afur G’ulom nomidagi
Adabiyot va san’at nashriyoti
1989
BIRINCHI QISM
I
Qishning qisqa kuni norasta nafasiday birpasgina ilib turdi-yu, tog‘larning kungay betlarida ko‘p
o‘tmay havoning avzoyi buzildi, muzliklardan sovuq shamol izg‘idi, dara-o‘ngirlarga erta tushgan
xufton qorong‘iligi shitob bilan yoyildi, qor-quyunli kechaning izg‘irin sovug‘i turdi.
Tevarakka qalin qor tushgan. Tabiatning bebosh xohishiga ko‘ra, xuddi to‘rt tomonga o‘t
ketganday bundan ikki kun burun to‘sindan qattiq qorbo‘ron quturib o‘tgan, Issiqko‘l tog‘ tizmalari qor
ko‘rpalari bilan qoplanib yotardi. Tog‘lar qora quyun ichra g‘oyib bo‘ldi, osmon ko‘zdan yo‘qoldi,
atrof-javonib ko‘rinmay qoldi. So‘ng sukunat cho‘kdi, havoning rang-ro‘yi ochildi. O’shandan buyon
qish bo‘roni tinib, o‘ngu so‘li jami qor zabtida qolgan tog‘lar yotsirab, jimjit ayozda xo‘mraygancha
qotib turardilar.
Faqat o‘sha kunbotar chog‘ida Uzun Chot darasi bo‘ylab osmonning uzoq shamolgohida, sallador
bulutlar qo‘ynida tutab yotgan Ola Mo‘ngu muz dovoni sari o‘tib borayotgan og‘ir vertolyotning
guldiragan ovozi dam sayin yaqinlashib, kuchaygandan kuchayib borar va nihoyat, atrof-tumonat,
tovush hamda yorug‘likdan bo‘lak hech narsa yetib borolmaydigan cho‘qqilar, tizmalar, mangu ko‘k
muzliklarni tamom o‘z hukmiga oldi. Tog‘u toshlarga urilib, avvalgisidan yana beshbadtar
zo‘raygandan zo‘raygan qaldiroq boshlar uzra shunchalar ayovsiz dahshat solar ediki, go‘yo yana
ozgina shunday davom etsa, yana o‘sha yer qimirlaganiday... qiyomat-qoyim qo‘padiganday edi.
O’zi shunga yaqinlashib ham qoldi — vertolyot uchib o‘tarkan, yo‘l ustidagi shamollar yalab
ketgan tik qoya bag‘ridan guldurosning zo‘ri tufayli tosh uyumlari ko‘chib o‘rnidan qo‘zg‘aldi-da,
so‘ng yana shu zahoti xuddi qon quyulganday aylanib to‘xtadi. Xuddi shuni kutib turganday beqaror,
muallaq toshlar, bir necha og‘ir xarsang baland uchurumdan yo‘l-yo‘lakay chang-to‘zon ko‘tarib,
shiddat va suron solib quladi. Tog‘ yonbag‘riga yetganda, ular xuddi zambarakning o‘qiday qarsillab
tushib, yorilib, qizil tol va qorag‘at butalarini o‘pirib o‘tib, qor to‘zonlarini ko‘kka sovurgancha
yuksakdan osilib turgan qoya tagida, quyuq butazorlar bilan to‘silgan o‘ngirda, ikki qirg‘og‘i yaxlagan
jilg‘a bo‘yidagi bo‘ri ini og‘zida to‘xtadilar.
Urg‘ochi bo‘ri Akbara tepadan qulagan toshlar va qor uyumlaridan cho‘chib o‘zini orqaga oldi,
qorong‘i o‘ngir sari tisarildi, yelkasidagi yollari tikkayib, ko‘zlari g‘ira-shirada vahshiyona o‘t sochib,
qanday balo kelmasin, unga qarshi sapchishga hozirlanib turdi. Lekin, u bekorga xavotirlangan edi.
Ochiq dasht yomon. Unda tepangda quvalayotgan vertolyotdan hech qaerga qochib qutulolmaysan, u
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |