www.ziyouz.com
kutubxonasi
3
qursog‘ida bir narsalar bo‘layotganday edi, buni o‘ylab uning chehrasi ochildi. Toshchaynar qulog‘ini
dikkaytirib guvalakdek qiyshiq va cho‘ng kallasini ko‘tardi, shunda uning ichiga chuqur botgan
qoramtir ko‘zlarining qorachuqlari sovuq yiltillab, ulardan qandaydir bir sharpa, allaqanday tatti
bashorat o‘tganday bo‘ldi. U ohista tomog‘ini qirib, yo‘talganday irilladi. Shu bilan juftiga mehr-
oqibatini, uni har qanday balo-qazolardan himoya qilishga tayyor ekanligini, ko‘k ko‘z qanjig‘iga
g‘ing demay bo‘ysunishini izhor etdi va shundan so‘ng Akbaraning boshini, ayniqsa uning porlab
turgan ko‘k ko‘zlari hamda tumshug‘ini katta, issiq so‘lakayi oqib turgan tili bilan erkalab yalab-
yulqay ketdi. Akbara Toshchaynarning tilini yaxshi ko‘rardi. Arlonining qoni jo‘shib, betoqat hirsga
to‘lib, nari sakrab-beri sakrab o‘ynoqlab, shunda ham tili ilonday eshilib-to‘lg‘anib, shiddatga kirishini
yoqtirar, lekin o‘zini go‘yo hech narsani sezmaganday beparvo ko‘rsatar edi. U et-moyga ko‘p to‘yib,
osuda rohatlanib yotgan chog‘larida ham arlonining so‘lakayi oqib turgan ipakdek yumshagan tilini
xush ko‘rardi.
Bu ikki jondorning boshchisi, aqli-esi Akbara edi. Ovni u boshlab berardi. Arlon esa uning qora
quli — amru irodasini g‘ing demay bajo keltirar, binobarin, ishongan tog‘i edi. Arlon hech qachon
charchash nimaligini bilmasdi. O’rtalaridagi shu muomala yo‘sini hech qachon buzilgan emas. Faqat
bir kuni kutilmagan sinoat bo‘lib o‘tdi. Arlon kechasi bilan yo‘q bo‘lib ketdi-da, tong azonda butunlay
boshqa qanjiqning badbo‘y isini ergashtirgancha qaytib keldi. Daydigan arlon bo‘rilarni o‘n
chaqirimlab uzoq yerlardan maraz hidiga chaqiradigan o‘sha yebto‘ymas yuho bo‘rining isiga Akbara
sira toqat qilolmadi. Yomon g‘ashi kelib, achchig‘i chiqdi, nafrati qo‘zidi, to‘sindan shartta erkagining
yelkasiga tishlarini qattiq botirdi. So‘ng bir necha kungacha unga hech ro‘yxush bermay, orqasidan
yalintirib yurdi. So‘ljaygan, obro‘sini to‘kkan ahmoqni o‘ziga yaqinlashtirmadi. U dod deb, qancha uv
solmasin, o‘ziga go‘yo hech bir aloqasi yo‘qday, xuddi endi u o‘zi uchun o‘lganday, hatto yo‘liga
bo‘lsin, bir marta qayrilib qaramadi. To‘xtamadi. Agar Toshchaynar shunda unga yaqinlashish va
ko‘nglini ovlash uchun yana osilguday bo‘lsa, Akbara chindan u bilan tap tortmay olishardi. Zotan, bu
ikki maxluqning boshi o‘zi, arloni esa — oyog‘i edi.
Hozir esa Toshchaynarning keng bag‘rida yotib, picha hushi o‘ziga keldi. Qo‘rqinchli damlarda
erkagining birga bo‘lganidan, unga dalda berganidan rozi edi. Shuning uchun arlonining erkalashlariga
qarshilik qilmadi, hatto unga javoban o‘zi ham uning tumshug‘ini bir-ikki bor yalab qo‘ydi. Lekin,
boyagi vahimaning asorati hali ketmagan, dam-badam vujudiga titroq kirar, shunda batniga quloq tutar,
hali tug‘ilmagan bolalari nima sababdandir bezovta bo‘layotganliklarini tinglarkan, hammasiga: ini
borligiga ham, tog‘larga katta qor tushganiga ham, sovuq tun shitob bilan bostirib kirib kelayotganiga
ham shukurlar kilardi.
Urg‘ochi bo‘rini qattiq qo‘rqitib yuborgan kun ana shunday o‘tib borardi. Onalik tabiatining barcha
g‘ayrishuuriy sezimlariga tobe holda u o‘zi uchungina emas, bolalarim deb, mana shu qorong‘i
o‘ngirda yaqinda tug‘iladigan bo‘richalarim deb qo‘rqdi. Axir, xuddi shularni deb, ikkovlashib qidira-
qidira nihoyat, mana shu haybatli tik qoya ostidagi qalin changalzorlar va toshtepalar bilan to‘silgan
xoli o‘ngirni boshpana qilgan edilar.
Buning ustiga Akbara bilan Toshchaynar bu yerlarga kelgindi edilar. Razm solib qaralsa, ular u
yerlik bo‘rilardan ajralib turardilar. Ularning yelka yollari ko‘krak junlariga quyunday buralib tushar,
butun yelkalarini to kallaga dovur qalin jun qoplagan, xuddi dasht bo‘rilariniki kabi yollari oqish-
ko‘kish tusda tovlanar edi. Shuning uchun bularni oqyol deb atashardi. Oqyollar Issiqko‘lning tog‘
atroflarini o‘ziga makon tutgan yerlik bo‘rilardan yirikroq, bo‘laliroq edilar. Agarda Akbaraga
yaqinroqdan birovning ko‘zi tushsa, uning tip-tiniq ko‘k ko‘zlaridan tamomila hayratga tushgan,
bunaqasini boshqa hech qachon uchratmagan bo‘lar edi. Shu yerlik cho‘ponlar bu qanjiq bo‘rini Oqdil
deb yurishdi. Keyin-keyin borib Akbari dedilar, yana birmuncha vaqtlar o‘tib esa Akbara — Ulug‘ deb
atadilar. Kim aytsa aytgandiru, lekin unga shunday nom berilishi bejiz emasdi. Bunda qazoning ham
hukmi borga o‘xshab ko‘rinardi...
Bultur bu yerlarda ko‘kyollar yo‘q edi. Ular kelishga keldilaru, lekin hech kimga qo‘shilmay
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |