www.ziyouz.com
kutubxonasi
4
bo‘lak bo‘lib yurdilar. Boshida bu yerlarning tub egalari bilan to‘qnashib qolmaylik deb, ko‘pincha
egasiz yerlarda chetlab-chetlab izg‘ishdi, boriga qanoat qilib jon saqlashdi. Keyin o‘lja izlab odamlar
yashaydigan pastdagi joylarga ham panja ura boshlashdi. Lekin, bari bir tub yerlik bo‘ri to‘dalariga
qo‘shilishmadi. Ko‘kko‘z bo‘ri Akbara ochdan o‘lsa o‘lardiki, lekin birovlarga qaram, sig‘indi bo‘lib
yashashga aslo ko‘nmas edi.
Hamma narsani vaqt hal qiladi. Bora-bora kelgindi ko‘kyollar oyoqqa mustahkam turib olishdi.
Son-sanoqsiz omonsiz janglarda Issiqko‘l adirlaridagi ko‘p yerlarni o‘zlariga qaram qilishdi.
Kelgindilar har narsaga ega chiqdilar. Mahalliy bo‘rilar ularning aymoq-dariga asti yaqin yo‘lay
olmasdilar. Jon saqlash uchun begona joylardan qochib kelgan ko‘kyollarning hayoti Issiqko‘lda shu
angiz izga tushib ketdi. Lekin shungacha ular, eh-he, qanchalab voqealarni boshlaridan kechirmadilar.
Sezgir, ziyrak Akbara ularning hammasini qayta boshdan o‘tkazganday bo‘lib yuradi, tez-tez eslab
qo‘yadi. Qaniydi, maxluqlar ham ko‘rgan kunlarini birma-bir so‘ylab bersalar edi. Balki yana kim
biladi, esiga tushganda, hammasi tag‘in ko‘z o‘ngidan o‘tib, alamli yoshlarini tiyolmay og‘ir-og‘ir
ingrasa, ajabmas...
* * *
O’sha qo‘ldan ketgan dunyo Mo‘yinqumning bu yerdan uzoq saksovulzor dalalarida qoldi. Chek-
chegarasiz Mo‘yinqum sahrolarida sayg‘oqlarning adadsiz suruklarini adadsiz karra surib, quvib
yurgan ov kunlari orqada qoldi. Ota-bobo zamonlaridan beri qaqroq saksovulzor sahrolarda to‘da-to‘da
bo‘lib umr kechiradigan, xuddi cheksiz vaqtning o‘zi kabi juda qadim, chopib charchamaydigan,
ayrituyoq, quvushshox, do‘ngtumshuq shu jonivorlar murtidan okean suvlarini purkagan kitlarday
burunlaridan pishqirib havo olib, pishqirib havo chiqarib, kun yorishgandan kun botgunga qadar
to‘xtamay yugura olardilar. Ular o‘zlarining abadiy hamrohlari — bo‘rilar ta’qibiga uchrab, birdan
harakatga kelganlarida, o‘takasi yorilgan bir suruk boshqasini talvasaga solib o‘z ortidan
ergashtirganda, so‘ng ularga yana bir, yana ikki, yana uch kiyik to‘plari hurkib qo‘shilganda, so‘ng
yana va yana yangi-yangi, katta-kichik to‘dalar dam sayin qo‘shilaverganda — sayg‘oqlar
Mo‘yinqumning ko‘z ilg‘amas kengliklarida — adirlar, pasttekisliklar, yaydoq qumliklardan xuddi yer
yuziga tushgan to‘fon kabi toshganda, ana o‘shanda zamin go‘yo teskari aylanayotganday bo‘lar, yoz
faslida dovullar hamda do‘llar savalaganday tuyoqlar ostida tinimsiz guvillar, shunda havo quyun
yanglig‘ qo‘zg‘alar, osmonga chaqin chaqilganday uchqunlar sochar, hammayoqni hayvon
suruklarining hidlari, hayot-mamot uchun borayotgan telbavoriy quvdi-qochdining hidlari tutib ketar,
bo‘rilar kiyik izdihomining ikki biqinidan va orqasidan to‘shlari yer bag‘irlab chopishar, podalarni
o‘zlarining pistirmalari sari haydab borishga urinishar, pistirmada esa sho‘rlik quvg‘indilarni ashaddiy,
sara vahshiy bo‘rilar kutib turishar, ular saksovullar orasidan bo‘rilarga tashlanishib, xunrezlik qilishar,
o‘zlari ham ular bilan baravar qora tuproqqa dumalab-dumalab ketishar va shunda sayg‘oqning
kekirdagini shartta uzib tashlashar, varaqlatib qonini oqizishar, so‘ng yana qochayotgan poda ortidan
ta’qibni davom ettirar edilar. Biroq sayg‘oqlar qandaydir yo‘llar bilan bo‘rilar biqinib yotgan yerlardan
xabardor bo‘lishar va ko‘pincha o‘sha joylarni aylanib o‘tishar edi, quv-quv shundan keyin yana
shiddatliroq avjiga minar va ularning hammalari — qochayotganlar ham, quvayotganlar ham — shu
berahm borliqning bandi balolari hars-hars qilib, tillari bir qarich osilib, o‘lar holatga yetib jon-jahdlari
bilan yugurishar, qanday bo‘lmasin, ishqilib, yashash, omon qolish uchun aziz qonlarini olov qilib
yoqishar, endi bu quvg‘indilaru quvib boruvchilarni Xudovandning o‘zi to‘xtatmasa, boshqa hech
kimning bu narsa qo‘lidan kelmas, zotan, gap o‘lish yo qolish ustida borar, binobarin, bunday ko‘z
ko‘rib quloq eshitmagan quvdi-quvdiga dosh berolmagan, olishuv uchun yaratilmagan bo‘rilarning
yuraklari yorilib ketar va ular chang-to‘zonga qorishgancha yerga qular, jon taslim qilar edilar, quvish-
qochish esa bir zum bo‘lsin susaymas, osmon dovul turgan kabi qorto‘zon bilan qoplanar, holdan toyib
yiqilgan bo‘rilar, mabodo, o‘lmay qolgan taqdirlarida ham, bu yerlarda turmay, boshqa yoqlarga bosh
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |