2-§. Eramizning boshlaridan VII asrga qadar bo‘lgan davrda
O‘zbekiston hududida davlat va huquq
Tarixda Kushon podsholigi nomi bilan o‘chmas iz qoldirgan yirik
davlatning paydo bo‘lishi Xitoy manbalarida yuechjilar nomi bilan
yuritilgan massaget qabilalari bilan bog‘liq. Miloddan avvalgi ikkinchi asr
o‘rtalarida inqirozga yuz tutgan Yunon-Baqtriya davlatining
kuchsizligidan foydalangan yuechjilar miloddan avvalgi 140-yilda So‘g‘d
yerlari orqali Baqtriyaga hujum qiladilar va Shimoliy Baqtriyani ishg‘ol
qiladilar. Ular ushbu hududda bir asr mobaynida yashaganlar. Yuechjilar
beshta qabiladan iborat bo‘lib, ular orasida Guyshuan (Kushon) qabilasi
o‘z mavqei bilan boshqalardan ajralib turgan. Milodning birinchi asri
boshlarida kushon qabilasi mavqei yanada kuchayib, boshqa qabilalar
ustidan o‘z hukmronligini o‘rnatgan. Shu vaqtdan e’tiboran Kushon
podsholigi tashkil topgan.
24
Eramizning birinchi asri birinchi choragiga kelib mavjud
podsholiklar orasida Kushon podsholigi alohida o‘rin tuta boshlaydi.
Keyinchalik bu podsholik qariyb butun O‘rta Osiyoni o‘z ichiga olgan
yirik imperiyaga aylandi. Uning tarkibiga Baqtriya, So‘g‘diyona,
Marg‘iyona, Hindistonning shimoliy qismi kirgan. Shuningdek,
So‘g‘diyona orqali Farg‘ona, Sharqiy Turkiston ham Kushonlar
saltanatiga bo‘ysungan. Kushonlar shimolda Shosh, sharqda Sharqiy
Turkiston, g‘arbda Eron, janubda Shimoliy Hindistongacha bo‘lgan ulkan
hududni birlashtirishga erishganlar. Uning poytaxti dastlab (So‘g‘diyona)
Kattaqo‘rg‘onda bo‘lgan, keyinchalik poytaxt Hindistonga ko‘chirilgan.
Kushon podsholigida sug‘orma dehqonchilik, hunarmandchilik, ichki va
tashqi savdo, fan va madaniyat, qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalar
rivojlanganligi haqida ko‘pgina ma’lumotlar bizgacha yetib kelgan.
Afsuski, bizgacha bu davlatning boshqarish tizimi, ichki ma’muriy
tuzilishi, huquq manbalari haqidagi ma’lumotlar to‘liq yetib kelmagan.
Ba’zi bir manbalarda Kushon davlatida kuchli markaziy davlat apparati
tashkil etilganligi, uning tepasida podsho turgani, ma’muriy-hududiy
jihatdan viloyatlarga bo‘linganligi, pul va din sohalarida islohotlar
o‘tkazilganligi haqidagi ma’lumotlar uchraydi.
Tarixchi olim Azamat Ziyoning yozishicha, «Saltanatga asos
solinganidan so‘ng mintaqa uchun an’anaviy satrapiyalar tizimidan keng
foydalana boshlangan. Satraplar oliy hukmdor tomonidan uning ishon-
chini qozongan, chamasi o‘z doirasi namoyandalari orasidan tanlangan.
Shu bilan birga, satraplik lavozimiga harbiy yurishlarda jonbozlik
ko‘rsatgan lashkarboshilar ham lozim topilgan. Umuman olganda esa
satraplar baqtriyaliklar orasidan bo‘lishi shart bo‘lgan»
1
.
Shuningdek, adabiyotlarda Kushon podsholigining asosiy tayanchi
harbiy qo‘shin bo‘lib, lashkarlarning umumiy soni 150–200 ming atrofida
bo‘lgani, qo‘shin otliq va piyodalardan tashkil topgani haqida
ma’lumotlar uchraydi.
Ayrim manbalarda qayd qilinishicha, davlat boshlig‘i mamlakatni
boshqarishda ko‘p tarmoqli davlat apparatiga tayangan davlat organlarida
turli unvonlar va darajalarga ega mansabdorlar xizmat qilgan, «buyuk
satrap», «oddiy satrap», «chegara boshliqlari» kabi unvonlar bo‘lgan,
shaharlar podshohning noiblari tomonidan boshqarilgan.
1
Ⱥɡɚɦɚɬ Ɂɢɺ. ȸɡɛɟɤ ɞɚɜɥɚɬɱɢɥɢɝɢ ɬɚɪɢɯɢ: (ɗɧɝ ԕɚɞɢɦɝɢ ɞɚɜɪɞɚɧ Ɋɨɫɫɢɹ
ɛɨɫԕɢɧɢɝɚ ԕɚɞɚɪ). –Ɍ., 2000. – Ȼ. 67.
25
Kushon podsholigi, Rim imperiyasi va Sosoniylar davlati o‘rtasidagi
munosabatlarning beqarorligi kuchlar nisbatining Sosoniylar foydasiga
hal bo‘lishiga olib keldi. IV asrning 70–80-yillarida Kushon
podsholigining g‘arbiy qismi Sosoniylar tomonidan bosib olinadi va
Shimoliy Hindistondagi Kushan Gupta davlati tarkibiga qo‘shib olindi.
O‘rta Osiyo hududida kichik-kichik davlatlar tashkil topdi. Bular
Panjakentdan Karmanagacha bo‘lgan hududdagi So‘g‘d davlati,
Zarafshon vodiysining g‘arbidagi Buxoro boshchiligidagi shahar davlatlar
ittifoqi, Samarqand yaqinidagi Maymurg‘, Ishtixon va Kushaniya
davlatlari, Farg‘onadagi shahar-davlatlar ittifoqi edi. Bu davlatlarda butun
hokimiyatni o‘z qo‘lida to‘plagan podsho boshchilik qilgan. Podshohning
shaxsi ilohiylashtirilgan bo‘lib, hokimiyat unga xudo tomonidan ato
etilgan degan tasavvur keng tarqalgan. Podshoh huzurida oqsoqollar
kengashi bo‘lgan. Shahar-davlatlari boshliqlari o‘z tanga pulini zarb etish
huquqiga ega bo‘lgan. Shahar davlatlar otliq qo‘shin va qullardan tashkil
topgan qurolli bo‘linmalarga ega bo‘lgan.
Aytish kerakki, Kushon podsholigi O‘rta Osiyo xalqlari tarixida
o‘chmas iz qoldirgan davlatlardan biri bo‘lib, tarixning ochilmagan bu
qirrasi o‘z tadqiqotchilarini kutmoqda. Gap shundaki, qariyb 400 yil umr
ko‘rgan, ulkan hududda o‘z hukmronligini o‘rnatgan Kushon podsholigi
o‘z davri uchun mukammal, kuchli markazlashgan davlat organlari tizimi,
huquq manbalariga ega bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Chunki ulkan
hududni boshqarish, o‘sha davrdagi murakkab jarayonlardagi ijtimoiy
munosabatlarni tartibga solish tegishli siyosiy-huquqiy institutlarsiz amri
mahol edi.
IV asrning oxiri va V asr boshlarida orol bo‘yida istiqomat qiluvchi
ko‘chmanchi massagetlar o‘zlarining Eftalitlar davlati nomi bilan tarixga
kirgan davlatini tashkil qiladi. V asrning o‘rtalariga kelib butun O‘rta
Osiyoda eftalitlar hukmronligi o‘rnatiladi. Keyinchalik O‘rta Osiyoni,
Sharqiy Eron viloyatlarini, Hindistonning shimoliy qismini va Sharqiy
Turkistonni birlashtiruvchi yirik davlatni barpo etishga muvaffaq
bo‘ladilar.
Eftalitlar davlatining tuzilishi, markaziy va mahalliy davlat organlari,
sudi va harbiy qo‘shini haqidagi ma’lumotlar bizgacha yetib kelmagan.
Ixtiyorimizda bo‘lgan manbalardagi ayrim ma’lumotlarga tayangan holda
eftalitlar davlat tuzumi va huquqi haqida umumiy tasavvurga ega
bo‘lishimiz mumkin. Vizantiyalik tarixchi Prokopiyning (VI asr)
yozishicha, «Eftalitlarni bir shoh boshqargan, ular qonuniy davlatga ega
bo‘lganlar va o‘zlari bilan qo‘shnilari o‘rtasida romeylar (vizantiyaliklar)
26
va Forslarda mavjud bo‘lgan adolatdan zarracha kam bo‘lmagan adolatga
amal qilganlar»
1
. Xitoy manbalarida qayd qilinishicha, Eftalitlar davlatida
taxt otadan bolaga o‘tmagan, shu suloladan kim davlat boshlig‘i
lavozimiga loyiq topilsa, o‘sha kishi taxtni egallagan. Aynan kimning
ushbu lavozimga loyiqligini aniqlash vakolatiga maxsus kengash ega
bo‘lgan.
Prokopiyning guvohlik berishicha, eftalitlar davlatni qonunlar asosida
boshqarganlar. Ba’zi manbalarda qayd qilinishicha, eftalitlar davlatida
podsho hokimiyati unchalik kuchli bo‘lmasdan, mahalliy hokimlarning
mavqei yuqori bo‘lgan. Joylarda hokimiyat yirik yer egalari qo‘lida
bo‘lib, ular katta mulkka, qal’a va harbiy qo‘shinga ega edi.
Mamlakatning iqtisodiy va siyosiy hayotida shaharlarning o‘rni katta
bo‘lgan. Vizantiya hukmdori Yustin II
ning «Eftalitlar shaharda
yashaydilarmi yoki qishloqdami» degan savoliga ashinaliylarning elchisi
«A’lo hazrat, ular shaharlik sulolalardan»
2
, degan javobi fikrimiz dalilidir.
Eftalitlar davlatida yirik shaharlar hokimlar tomonidan boshqarilgan.
Ushbu hokimlar ham o‘z harbiy kuchlariga, o‘z tangalarini zarb qilish
huquqiga ega bo‘lganlar. Ichki savdo munosabatlarida tangalar
ayirboshlash vositasi vazifasini bajargan.
Eftalitlar kuchli harbiy qo‘shinga ega bo‘lishgan, qo‘shinning asosiy
qismini otliq lashkar tashkil qilgan. Ayrim manbalarda yozilishicha,
eftaliylar davlatida jinoyat sodir qilganlik uchun qattiq jazo choralari
qo‘llanilgan. Masalan, o‘g‘irlik uchun bo‘ynini kesib qatl etish yoki
o‘g‘irlab ketgan mulkni o‘n barobar miqdorida undirib berish jazosi
qo‘llanilgan.
Asta-sekinlik bilan markaziy hokimiyatning kuchsizlanishi, mahalliy
hokimlarning mustaqillikka intilishining kuchayishi va ular o‘rtasidagi
raqobat VI asrning o‘rtalariga kelib Eftalitlar davlatining yemirila
boshlashiga olib keldi.
VI asr o‘rtalariga kelib Oltoy, Yettisuv va Markaziy Osiyodagi turli
qabila va xalqlarni birlashtiruvchi, katta davlat – Turk hoqonligi tashkil
topadi. Hozirgi O‘zbekiston hududi Turk hoqonligi tomonidan bosib
olinadi. Keyinchalik hoqonlik hududi Xitoy va Mo‘g‘ilistonning bir qismi
hisobiga yanada kengaytirildi.
1
Do'stlaringiz bilan baham: |