XX ASR ADABIYOTI.
REJA:
1. O‘zbek adabiyotida «Milliy Uyg‘onish» davri.
2. 30- 50 yillar O‘zbek Adabiyoti.
3. 50- 80 yillar O‘zbek Adabiyoti.
O‘zbek adabiyotida «Milliy Uyg‘onish» davri. XIX asrning so‘nggi choragida Markaziy Osiyoning chorizm tomonidan bosib olinishi bilan o‘zbek xalqi tarixida yangi davr - mustamlakachilik davri boshlandi. Qariyb 130 yil davom etgan mustamlakachilik davrida O‘zbekiston dastlab «oq», keyin «qizil» kishanlar ostida yashadi. Mustamlakachilikning bu har ikkala bosqichida moddiy boyliklarimiz tinimsiz ravishda tashib ketildi,.. mamlakatimizda ruslashtirish jarayoni kechdi,.. ko‘z-ko‘z qilsa arzugilik milliy tarixi soxtalashtirildi. To‘g‘ri, Sovet hokimiyati yillarida agrar sanoat, fan va madaniyat bir qadar rivoj topdi, shaharlarimizning me’moriy qiyofasi o‘zgardi. Lekin o‘zbek xalqi, ayniqsa, uning Behbudiy, Munavvar Qori, Fitrat, Cho‘lpon,
Abdulla Qodiriy singari zukko farzandlari so‘nggi 130 yil davomida mustaqillik haqidagi orzu va umidlar bilan yashadi.
XX asrning boshlarida xalqning ana shunday ilg‘or fikrli, o‘tkir nigohli, g‘ayrat va shijoatli siymolari sifatida o‘zbek jadidlari maydonga chiqdilar. Shu davrda Eron va Turkiyada milliy inqiloblar sodir bo‘lgan va Sharqda uyg‘onish boshlangan edi. Ana shu uyg‘onish davrining qaldirg‘ochlari sifatida Turkiyada yosh turklar paydo bo‘lib, ularning islohchilik harakatlari Fitrat singari Istambulda tahsil ko‘rib qaytgan yoshlar ongi va dunyoqarashiga katta ta’sir o‘tkazdi. Bog‘chasaroyda Ismoil G‘aspirali nashr etgan «Tarjimon» gazetasining, shuningdek, Qozon, Ufa va Orenburgda chiqa boshlagan nashrlarnig ta’siri ham o‘zbek jadidchiligining tug‘ilishi va qudratli xarakatni vujudga keltirishda muhim omil bo‘ldi.
XX asrga kelib Turkistonda ijtimoiy va siyosiy hayotda jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘la boshladi. Mustamlakachilik siyosati yanada kuchaydi. Turkiston Rossiyaga, asosan, xomashyo xazinasi sifatida kerak bo‘lib, tayyor mahsulot masalasida unga doimo qaram bo‘lib turishi lozim edi. Buning natijasi o‘laroq xalq orasida norozilik harakatlari boshlandi. Va ilg‘or guruhlar jadidlar orqasidan ergasha bordilar. Milliy uyg‘onish, o‘zlikni anglash, milliy ozodlik harakatlari kuchaydi. Bu harakatga javoban mahalliy hukumat jadidlariga qarshi keskin choralarni belgilaydi, ammo ular har qanday to‘siqqqa qaramay o‘z g‘oyalarida sobiq qoldilar.
Shunday sharoitlarda hayotdagi o‘zgarishlar, yangiliklar, murakkabliklar, ziddiyatlar, kurashlarni hozirjavoblik bilan aks ettiruvchi o‘ziga xos tafakkur chirog‘i badiiy adabiyot bo‘ldi.
Shakl, mazmun, g‘oya, janr, muammo, usul jihatidan bu davr adabiyotida xilma-xil yo‘nalishlar xukm surdi. Xalqni ma’rifatga chorlovchi, jadidchilik g‘oyalarini ilgari suruvchi asarlar bilan bir qatorda diniy yo‘nalishdagi asarlar ham yaratildi. Vatanparvarlikka, milliy uyg‘onishga chorlovchi ilg‘or shoirlar bilan bir qatorda an’anaviy ruhda she’r yozuvchi shoirlar ham oz emas edi. Millatparvar, jonkuyar asarlar davr hayotidagi illatlarni, mustamlakachilik siyosatidagi norasoliklarni hajv etib, ularga qarshi kurashga chorlasalar, ayrim zamonasoz shoirlar imperator hazratlari-yu, uning to‘ralarini madh etardilar.
Bu davr o‘zbek adabiyotida yozuvchilarning o‘zidagi badiiy tafakkurning o‘sishi hamda turk, tatar, ozarbayjon, rus adiblari ta’sirida roman, drama, yangi yo‘nalishdagi doston, publitsistik maqolalar paydo bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |