30- 50 yillar adabiyoti. 30-yillarning tarixiy manzarasi 20-yillarning so‘nggida boshlangan jamoalashtirish (kollektivlashtirish), industrlashtirish kabi ommaviy safarbarlik tufayli faqat
shaharliklargina emas, qishloq axli ham o‘zlarining hosildor yerlaridan mahrum bo‘lishligi bilan xarakterlanadi.
30-yillarning avvalidan boshlaboq jamiyatni «yot unsurlar»dan tozalashga kirishildi. Bu borada o‘ziga to‘q, o‘rtahol hayot kechirayotgan xalqning katta qismi va ayniqsa, 1937 yilga kelib xalqqa qarshi, uning «guli» bo‘lgan ziyolilarga qarshi qaratilgan qirg‘in avj nuqtasiga ko‘tarildi. Shu sababdan «yangi hayot»ning barpo etilayotgani, «yangi kishi» ning tug‘ilib kelayotganligi haqidagi afsonalarga ishontirildi. 30 - yillar adabiyotining yetakchi sohasi - she’riyat sovet tuzumini kuylash, uning afzalliklarini ko‘z-ko‘z qilishda boshqa adabiy turlariga nisbatan bayroqdorlik qildi. Yozuvchilarning Butunittifoq qurultoylarining qarorlariga ko‘ra shoir va yozuvchilar besh yillik gigantlari - sanoat korxonalari, zavod va fabrikalar, kolxoz (jamoa xo‘jaligi) va sovxoz (sovet xo‘jaligi)larga borib, «yangi hayot»ni barpo etayotgan zamondoshlari bilan tanishdilar va ular mehnatini kuylashga kirishdilar. 30 - yillarning o‘rtalariga kelib Oybek, Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, Usmon Nosir kabi shoirlar ijodida lirikaning go‘zal namunalari paydo bo‘ldi.
Oybekning «O‘zbekiston», Hamid Olimjonning «Baxtlar vodiysi» va boshqa qator she’riy asarlarda o‘zbek she’riyatining voqelikni teran idrok etish hissiyoti sezilib turdi.
Shu yillarda, ayniqsa, avj olgan ikkinchi yo‘nalish G‘afur G‘ulom nomi bilan bog‘liq. Iste’dodli shoir davrining tirik nafasini «Turksib yo‘llarida», «Yalovbardorlikka» kabi she’rlarida mujassamlashtirdi.
yillar adabiyoti muayyan yutuqlar bilan birga qo‘pol xatolarni ham chetlab o‘tmadi. Partiya adabiyotga rahbarlik qilar ekan, asarlar odatda partiya ekkan ko‘chatlarning zaharli mevalar berishini sezgan ziyolilar o‘z sohalaridan chetlashtirildi, qatag‘on qilindilar.
30-yillar adabiyoti erishgan yutuqlardan biri uning xalq ommasi bilan yaqin aloqa o‘rnata olganligida bo‘ldi. Yozuvchi va shoirlar Katta Farg‘ona kanali, Farhod GESi kabi umumxalq qurilishlarida mehnat ahli bilan birga bo‘lib, uni zavqlantira, ruhlantira oldilar. Adabiyotning bu xususiyati, ayniqsa, urush yillarida ko‘rindi.
Vatan urushi davrida she’riyat, nasr va dramaturgiya turlarida yaratilgan ko‘pgina asarlar safarbarlik ruhiga ega bo‘ldi. Oybekning «O‘lim yovga!», Hamid Olimjonning «Jangchi Tursun», G‘afur G‘ulomning «Sen yetim emassan» kabi asarlari xalqni qahramonona kurash va mehnatga otlantirdi.
Publitsistik maqolalar va ocherklarning bu davrdagi ahamiyati oshganiga qaramay, yozuvchilar urush davri haqiqatini ifodalashda hikoya, qissa, va roman janrlaridan ham keng foydalandilar. Abdulla Qahhor, Oydin, Said Ahmad kabilarning front orqasidagi kishilar jasoratini
yoritish niyatida yozgan «Asror bobo», «Xotinlar», «Kampirlar sim qoqdi» kabi asarlari yaratildi.
O‘zbek dramaturglari ham harbiy davr talabidan kelib chiqib, xalqni qahramonlikka da’vat etuvchi sahna asarlarini yaratdilar. Teatr sahnalarida juda qisqa muddat ichida qator pesalarni tomoshabinlar e’tiboriga taqdim etdilar.????? H. Olimjonning «O‘zbekiston qilichi» Uyg‘un va S.Abdullaning «Qasos», Tuyg‘un va Amin Umariyning «Davron ota», kabi dramalar shu tarzda maydonga keldi. Bu asarlar Komil Yashin qalamiga mansub «O‘lim bosqinchilarga» pesasi bilan birga shu davr dramaturgiyasining safarbarlik g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan namunalarini tashkil etdi.
Shu davrlarda o‘zbek adabiyotida tarix - o‘tmishga murojat qilish kuchaydi. Chunki, ijodkorlar oldida faqat bugunninggina emas, tarixning nafasini ham sezib turish mas’uliyati turar edi. Shu sababdan ijodkorlar xalqimizning milliy qahramonlari siymolarini yaratishga bel bog‘ladilar. Oybek «Mahmud Torobiy», Hamid Olimjon «Muqanna», Maqsud Shayxzoda «Jaloliddin Manguberdi», Uyg‘un va Izzat Sultonlar «Alisher Navoiy» pesalarini yaratdilar. Dastlabki uch asardagi milliy ozodlik uchun kurash mavzulari harbiy davr ruhiga uyg‘un edi.
Urushdan keyingi yillarda xalqni ulug‘ g‘alabaga olib kelgan omillarni nazardan o‘tkazar ekanlar, G‘.G‘ulom «Vaqt», «Kuz keldi», Oybek «Raisa», Shayxzoda «Aks sado» singari she’rlar yaratib, xalq qudrati manbalarini idrok qilishga urindilar.
50-yillargacha bo‘lgan o‘zbek adabiyoti bugungi kun talablari asosida yondoshganda, Oybekning «Navoiy» romani yoxud G‘.G‘ulomning «Vaqt» she’ri bilan bellasha oluvchi asarlarni bera olmadi.
Keyinchalik ana shu badiiy zamindan Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Shukur Xolmirzaev, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov singari shoir va yozuvchilar yetishib chiqdilar.
30 – 50-yillar adabiyoti Oybek va G‘.G‘ulom, H Olimjon va Shayxzoda, Uyg‘un va Yashin, Mirtemir va S.Abdulla, Usmon Nosir va Zulfiya va boshqa qator iste’dodli yozuvchilarni yetishtirib berdi. Agar partiyaning adabiyotga rahbarligi to‘g‘ri bo‘lganida va yana balki ma’daniyat, san’at ishlariga «siyosiy rahbarlik» qilmaganida, sotsialistik realizm uslubi ularning iste’dodini jilovlamaganida va vulgar, qo‘pol, bir yoqlama tanqidchilik adabiyotimiz ustiga tinmay qora bo‘yoqlar sochib turmaganida bu san’atkorlar ko‘plab o‘lmas asarlar yaratgan bo‘lar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |