«Xamsa». «Xamsa»chilik Yaqin va O‘rta Sharq xalqlari adabiyotida uzoq va murakkab tarixga ega bo‘lgan adabiy an’anadir. «Xamsa»chilikka asos solgan mutafakkir shoir, ozarbayjon xalqining otashin kuychisi
Nizomiy Ganjaviydir. Uning hayoti va faoliyatidagi (1141-1203) buyuk badiiy mahorat faqat ozarbayjon adabiyotidagina emas, balki Yaqin va O‘rta Sharq xalqlari adabiyotida ham yangi bob ochdi. Undan keyin «Xamsa» yaratish kuchli bir oqimga aylanib ketdi va bu janrda qator qalamkashlar o‘z kuchlarini sinab ko‘rdilar. Ammo «Xamsa» yaratish uchun besh doston yaratishning o‘zi bo‘lmaydi, xamsachilikning o‘z an’analari bo‘lib, ularga to‘la rioya qilish va ularni amalda bajarish zarurati ham asosiy omillardan biri. Mana shu talablarga javob bera oladigan darajada «Xamsa» yaratgan shoirlardan faqat uchtasigina Nizomiy bilan bellasha oldilar. Ular ulug‘ hind shoiri Xusrav Dehlaviy (1253-1325), tojik xalqining ulug‘ shoiri Abdurahmon Jomiy (1414-1492) va Alisher Navoiydir.
XV asr o‘zbek mumtoz adabiyoti oldiga bir qator katta mas’uliyatli vazifalar qo‘ydi. Bu buyuk ishga faqat Navoiygina kirishdi va uni muvaffaqiyat bilan uddaladi. Navoiy ustoz so‘z san’atkori sifatida shuhrat topgan Nizomiy va Dehlaviy bilan ijodiy bahslashdi, ularning an’analarini davom ettirdi, nihoyat uch yuz yillik tajribaga ega bo‘lgan xamsachilik taraqqiyotida yangi va yirik adabiy hodisa yuzaga keltirdi. Bu buyuk obida katta bilim va yuksak badiiy didni, iste’dod va qobiliyatni talab etar edi. Shuning uchun ham Navoiy «Farhod va Shirin»da:
Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasiga panja urmoq...
Kerak sher oldida ham sheri jangi
Agar sher o‘lmasa, bori palangi, - deydi.
Ikki yildan ziyodroq vaqt ichida 51 ming misradan ortiq besh dostonni yaratdi. 1483-1485 yillar mobaynida yozilgan Navoiy «Xamsa» si avvalgi «Xamsa»lar bilan tenglashibgina qolmay, balki ulardan o‘zib ham ketdi.
«Hayrat-ul-abror» («Yaxshi kishilarning hayratlanishi») falsafiy-ta’limiy doston hisoblanib, Navoiy «Xamsa»mundarijasini tashkil qiladi. 7976 misradan tashkil topgan bu doston 64 bobdan iborat bo‘lib, bulardan 21 bobi muqaddima, 40 bobi maqolat va masalalardan tuzilgan, shulardan 20 tasi maqolat bo‘lsa, 20 tasi hikoya, masal, uchtasi esa xotimadir. Dostonning asosini maqolatlar tashkil etadi. Doston uch kompozitsiyaviy zanjir bilan bog‘langan va ko‘tarilgan masalalar ham uch turkumga ajratilgan, ular asosan: 1.Falsafiy masalalar; 2. Ijtimoiy - siyosiy masalalar; 3. Axloqiy-ta’limiy masalalardir.
Yuqorida aytganimizdek, dostonning asosini maqolatlar tashkil qiladi ular quyidagilar: birinchi maqolatda - imon, ikkinchisi - islom, uchinchisi - boshqaruv, to‘rtinchisi - ikkiyuzlamachilik, beshinchisi - donolik, oltinchisi - xalq xizmati, yettinchisi - sabr, sakkizinchisi -koinot, to‘qqizinchisi - ishq, o‘ninchisi - haqiqat, adolat, o‘n birinchisi -tabaqalar,
o‘n ikkinchi - o‘n uchinchi maqolatlar - ogohlik, mehr-oqibat va boshqalar haqida.
Mumtoz adabiyotimizning tarixiy an’analari va odatlarini yuqori pog‘onalarga ko‘targan Navoiy «Xamsa» dostonida ham, ayniqsa, «Hayrat-ul-abror»da, aniqrog‘i 21 bobdan iborat muqaddimada odatdagi hamd, munojot, na’t, hayrat qismlarida «Xamsa»ning borki mundarijasini tuzib chiqqan edi. Mana shu mundarija yoki jo‘nroq qilib aytilsa, reja keyingi dostonlarda bayon etiladi, o‘sha mundarija badiiy talqinlar bilan yoritib beriladi.
«Hayrat-ul-abror»dagi falsafiy masalalarda Navoiyning fikricha ilohiyot - xudo butun borliqning yagona moyasi-substansiyasidir. Uni yaratishdan maqsad - o‘sha borliqni bezash uchun insonni yaratgan, inson bilan borliqni ko‘rkamlashtirgan va u - inson bilan olam go‘zaldir, degan xulosani keltirib chiqaradi.
Koniyu hayvoni, agar xud nabot
Har biri bir gavhari oliy sifot.
Borchasini garchi latif aylading
Borchadin insonni latif aylading.
«Hayrat-ul-abror»dagi ijtimoiy-siyosiy masalalarga to‘xtaladigan bo‘linsa, unda odil shohlar haqida, ularning adolatli idora usuli va johillarni jazolash choralarini ta’riflar ekan, barcha adolat va razolatlar xalqning boshida ekanligini e’tirof etadi. Ayniqsa, johil hukmdorlar saroyi manzarasini quyidagicha ta’riflaydi:
Bazmlar muhayyo bo‘lgan jannat bog‘idek u qasrlarning ziynati nimadan vujudga kelgan? Pardalarning ipi elning jonidan, la’li va qizil bo‘yog‘i ulus qonidan, quyosh tusli naqshlar el moli bilan zarlangan, elning duru la’li bilan gavharlangan...
Shuningdek, axloqiy-ta’limiy masalalarda ham bir qator o‘gitlar bilan bezatilgan misralar borki, ular bevosita o‘quvchining dil to‘ridan joy oladi. Bu o‘rinda Hotami Toyi hikoyati o‘rnak tarzida keltirilgan. Navoiy rang-barang tavsifiy va epik obrazlar yaratadi, bularning hammasi bosh qahramon – Navoiy obrazi, uning tafakkuri va his-tuyg‘ulari bilan bir katta badiiy manzarani namoyon etadi. Uning so‘z o‘yinlaridan birida:
Shoh ul emaskim, boshiga qo‘ydi toj,
Shoh ani bilkim, yo‘q anga ehtiyoj...
Shoh boshining sharafi toj emas,
Angla ani shohki, muhtoj emas.
Shoh agar ul bo‘lsaki, muhtojdur,
Harf ila muhtoju ham tojdur.
Shoh desang kimda ko‘rub tojni
Shoh degil ul vajh ila muhtojni
Ya’ni, tojiga qarab kishini shoh deb hisoblama, agar toj bilangina kishi shoh bo‘lar ekan, u chog‘da ham shoh degin, chunki «muhtoj» so‘zida ham «toj» bor, degan fikrni bildiradi.
«Hayrat-ul-abror» aruzning sari’ bahrida (muftailun, muftailun foilun) yozilgan, masnaviy yo‘lida qofiyalangan.
«Farhod va Shirin» sevgi va vafo, do‘stlik va sadoqat, mehnat va ijodkorlik, vatanparvarlik va qahramonlik dostonidir. Navoiy xamsachilik an’anasidan mustahkam o‘rin olgan «Xisrav va Shirin» o‘rniga yangi mazmun va g‘oyalar, obraz va xarakterlarning badiiy tajassumi bo‘lgan «Farhod va Shirin» dostonini yaratdi.
Xisrav mashhur sosoniy podsholaridan bo‘lgan Anushirvonning nabirasi Xisrav Parvezdir. U 590 yilda taxtga chiqqan va 628 yilda o‘z o‘g‘li Sheruyaning buyrug‘i bilan qatl etilgan. Shirin ham tarixiy shaxs bo‘lib, u Xisravning eng sevikli xotini bo‘lgan. Arman qizi yoki oromiylardan bo‘lgan go‘zal Shirin zodagonlar xonadonidan bo‘lmagani uchun Xisravga munosib emas, deyiladi. Tarixiy xronikalar va afsona hamda rivoyatlar yozma adabiyotda Xisrav va Shirin obrazlarining vujudga kelishiga ma’lum bir zamin edi. Yozma adabiyotda birinchi bor Abulqosim Firdavsiy Xisrav va Shirin obrazini qayta ishlaydi.
Navoiyning «Farhod va Shirin» dostoni o‘zidan avvalgi «Xamsa»larda aks ettirilgan Xisravlar bilan emas, davrning, inson faoliyatining xilma-xil masalalarini qamrab olgan yangi doston sifatida vujudga keldi.
Jamolidin ko‘ringach farri shohi
Bu fardin yorudi mah to ba mohi.
Qo‘yub yuz himmatu iqbolu davlat
Firoqu rashku hajru oh ila dard
Biror harf ibtidodin aylabon fard.
53 bobdan iborat «Farhod va Shirin» dostoni o‘z o‘rnida dunyo adabiyotida yangi davrni boshlab berdi va o‘z mohiyati bilan betakror durdona bo‘lib qoldi.
«Layli va Majnun» dostoni, bu haqdagi afsona va rivoyatlar shuni ko‘rsatadiki, jahon adabiyotida sevgi haqida yaratilgan eng g‘amgin qissalardan biridir, deyiladi «O‘zbek adabiyoti tarixi»da, ammo bu afsona va rivoyatlarga chuqurroq qaralsa, inson ongining tasavvuf sharbati bilan sug‘orilishining namunasi ekanligini ko‘ramiz.
Layli va Majnun haqida birinchi marta 1188 yilda ulug‘ ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy doston yaratdi. Uning qalami bilan yaratilgan bu doston g‘oyaviy-badiiy yuksak, mukammal bir badiiy asar darajasiga ko‘tarildi, xamsachilikning an’anaviy dostoni bo‘lib qoldi.
Navoiy «Layli va Majnun» dostonini yaratar ekan:
Chu forsiy erdi nukta shavqi,
Ozroq edi anda turk zavqi...
Men turkona boshlabon rivoyat
Qildim bu fasonani hikoyat,
Kim shuhrati jahonga to‘lg‘ay,
Turk eliga dog‘i bahra bo‘lg‘ay
deydi va bu borada birinchidan «afsona» va «mazmun»ga, ya’ni asarning qobig‘i va mag‘ziga, ichki mohiyati masalasiga, ikkinchidan, til masalasiga e’tibor qiladi.
Navoiyning «Layli va Majnun» dostoni 38 bobdan iborat. Har bir bob saj’ yo‘li bilan yozilgan maxsus sarlavha bilan boshlanadi. Bu sarlavhalar bobning mazmunini bir kirish (prolog) sifatida bayon etishi bilan birga, badiiy jihatdan ham diqqatga sazovordir. Navoiyning bu dostoni, Nizomiy va Xisrav Dehlaviylar dostonlari kabi, hazaji musaddasi axrabi maqzubi makfuf vaznida (maf’ulu mafoilan failun) yozilgan, masnaviy yo‘lida qofiyalangan.
«Sab’ai sayyor» («Etti kezuvchi» - «Etti sayyora») ishqiy-sarguzasht dostondir. Doston Bahrom va Dilorom haqidagi qoliplovchi hikoya va shu hikoyaning kompozitsion silsilasiga bog‘langan yetti mustaqil hikoyadan iborat.
Birinchi hikoya - shanba kuni - qora qasrda;
Ikkinchi hikoya - yakshanba kuni - sariq qasrda;
Uchinchi hikoya - dushanba kuni - yashil qasrda;
To‘rtinchi hikoya - seshanba kuni - gulgun qasrda;
Beshinchi hikoya - chorshanba kuni - nilufar qasrda;
Oltinchi hikoya - payshanba kuni - sandal tusli qasrda;
Ettinchi hikoya - juma kuni - oq qasrda.
Bu dostonda Navoiy o‘z ustozlari an’anasi izidan borib, qahramonlarni va undagi ayrim yo‘nalishlarni o‘zgartirmagan bo‘lsa-da, asosiy g‘oyaviy mazmunini o‘zgartirgan, ya’ni bu o‘zgarishlar kunlarda va musofirlarda, ularning iqlimlarida, sarguzashtlari va hikoyalaridagi ijtimoiy masalalarda edi.
«Saddi Iskandariy» («Iskandar devori») qahramonlik epopeyasi Navoiy ijtimoiy-siyosiy qarashlarining yorqin bir ko‘zgusidir. Adolatli va ma’rifatparvar podsho boshchiligidagi markazlashgan davlat uchun kurash «Saddi Iskandariy»ning asosiy g‘oyaviy mazmunidir. Navoiy o‘z «Xamsa» sining avvalgi to‘rt dostonida ijobiy va salbiy podsholar obrazini yaratar ekan, «Saddi Iskandariy»da adolatli va ma’rifatparvar podshoning mukammal qiyofasini ko‘rsatish, o‘zining ijtimoiy-siyosiy qarashlari va orzu-umidlarini badiiy mujassamlashtirish vazifasini o‘z oldiga qo‘yadi.
«Bu qalamga falakdin ofarinlar yog‘ilsin! Chunki bu yoqimli naqshni o‘sha qalam yaratdi va forsiy til egalari, forscha nazm durlarini
tizuvchilarga rahm qildi: u ham shu forsiy tilda yozganda, boshqalarga so‘z aytishga majol qolmasdi. Bu mo‘’jizakor nazm tarozisi qarshisida Nizomiy kimu Xisrav kim bo‘ldi?!» ( Abdurahmon Jomiy)
«Aning nazmi vasfida til qosir va bayon ojizturur». (Husayn Boyqaro)
«Alisherbek naziri yo‘q kishi erdi. Turkiy til bila to she’r aytubdurlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas. ... Ahli fazl va ahli hunarga Alisherbekcha murabbiy va muqavviy ma’lum emaskim, hargiz paydo bo‘lmish bo‘lg‘ay. ... Muncha binoyi hayrkim, ul qildi, kam kishi mundoqqa muvaffaq bo‘lmish bo‘lg‘ay». (Zahiriddin Muhammad Bobur)
«Bu ulug‘ amir dinu davlat homiysi, shariat hamda millatning pushti panohidir». (Davlatshoh Samarqandiy)
Do'stlaringiz bilan baham: |