Boburning hayoti va ilmiy-adabiy merosi. Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yilning 14 fevralida Farg‘ona viloyatining poytaxti Andijonda tug‘ildi. Uning otasi Umarshayx mirzo Farg‘ona viloyatining hokimi edi. 1494 yilda Umarshayx Mirzo Andijonning g‘arb tomonidagi Axsi qo‘rg‘onida jar yoqasidagi kabutarxonalari bilan jarga qulab ketadi va halok bo‘ladi.
Bobur shajarasi: Ota tomonidan: Bobur - Sulton Umarshayx Mirzo - Sulton Abusaid Mirzo - Sulton Muhammad Mirzo -Sulton Mironshoh - Amur Temur Ko‘ragon. Ona tomonidan: Qutlug‘ Nigorxonim - Yunusxon - Vaysxon - Sher Alixon - Muhammad Xo‘jaxon - Xizir Xo‘jaxon - To‘g‘luq Temurxon - Eson Bug‘axon - Dava Chiqon - Baraqxon - So‘kach o‘g‘li - Qamg‘or - Chig‘atoy - Chingizxon.
Otasi vafot etganda Bobur endigina o‘n bir yoshdan o‘tgan edi. U Farg‘ona viloyatining vorisi sifatida otasining o‘rniga taxtga o‘tiradi. Farg‘onada hokimiyatni qo‘lga olgan Bobur o‘z hukmronligi doirasini kengaytirishga, Movarounnahrda yirik bir davlat vujudga keltirishga urinadi. Uning diqqatini eng avval bobosi Amur Temurning poytaxti Samarqand o‘ziga jalb qiladi.
Bobur o‘ziga tayinlangan bek atka va oqila onasi Qutlug‘ Nigorxonim rahbarligida qo‘shinni qayta tuzadi, shahar va qo‘rg‘onlarni mustahkamlaydi, Andijonga hujum qilgan o‘z tog‘asi Sulton Ahmadning hujumini mohirlik bilan qaytarib, ularni chekinishga majbur qiladi. Qo‘shini to‘zg‘igan Sulton Ahmad sulx tuzib, Samarqandga qaytishga majbur bo‘ladi. Bu jang yosh Boburning birinchi va katta g‘alabasi edi. Mana shu jangdan keyingina Boburdagi yagona va katta davlat tuzish, uni osoyishta tutish va farovon qilish niyati paydo bo‘ladi.
Bobur Samarqandni 1498 yilda, 15 yoshida egallab oladi. Uning ixtiyoriga o‘tgan bu ulkan shahar dunyoning eng boy va mashhur shaharlaridan edi. Temur davlatining markazi bo‘lgan bu shaharning masjid va madrasalarini, saroy va maqbaralarini hayrat bilan kuzatgan Bobur
Samarqandning tarixda tutgan o‘rni va o‘sha davrdagi salohiyatini g‘urur bilan ta’riflaydi.
Samarqandning ichki vaziyati Boburning kutganicha bo‘lib chiqmadi. O‘zaro ichki urushlar, haddan ziyod soliqlar shahar ahlini nihoyatda qashshoq ahvolga keltirgan edi. Buning ustiga Farg‘onada qolgan ayrim beklar fitna va xiyonat yo‘liga o‘tgan edilar. Samarqandda atigi 100 kun hukmronlik qilgan Bobur Andijondan mahrum bo‘lmaslik uchun qaytib kelayotganda, Xo‘jandga yetganda Andijonni Jahongir Mirzo qo‘liga o‘tganini eshitadi. Bu orada Samarqandni Boburning amakivachchasi Sulton Ali Mirzo egallab olgan edi.
Shundan ikki yilga yaqin vaqt o‘tgandan keyingina Bobur Andijonni qo‘lga kiritdi, so‘ngra u butun e’tiborini yangidan Samarqandga qaratib, qo‘shin bilan Shahrisabzga yetganida Shayboniy ham Samarqandga yaqinlashib qolganini va Samarqand hokimi Sulton Ali mirzo tang ahvolda qolib Shayboniyga taslim bo‘lganini eshitadi. Biroq, Shayboniyning bu yerga hokim tayinlab, o‘zi urushni davom ettirayotgani sababli Bobur Samarqandni ortiqcha qarshiliksiz qo‘lga kiritadi.
1501 yilning aprel oyida Shayboniy Samarqandni qamal qiladi, to‘rt oy davom etgan qamal shaharni qiyin ahvolga keltiradi va Bobur uchun Samarqandda qolish xavfli bo‘lib qoladi. Shayboniyning sulh sharti bahonasi bilan Bobur shaharni tashlab chiqib ketadi va Andijonga kirolmay O‘ratepa, Mastchoh, Dahkat, Ohangaron, Piskentda bo‘ladi va nihoyat mo‘g‘ul xonlaridan bo‘lgan tog‘asi, Toshkentning hokimi - Mahmudxonning oldiga boradi. Uzoq vaqtlar sarson-sargardon yurgan Bobur 1504 yilda 300 dan ziyodroq yigiti bilan Afg‘onistonga qarab yuradi. Afg‘onistonning katta qismini egallagan Bobur Shayboniyga qattiq zarba bergan Eron shohi Shox Ismoildan yordam so‘raydi va uning yordami bilan 1512 yilda Samarqandni qayta qo‘lga kiritdi. Uning bu sa’i-harakatlari yuqorida aytilganidek, Movarounnahrda markazlashgan, farovon davlat tuzishdan iborat edi. Ammo, o‘z kuchlarini yana mustahkamlab olgan Shayboniyxon, Bobur bilan hamkorlikda jang olib borayotgan Najmi soniyning xalqni parokanda qilganidan foydalanib, Samarqandni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Afg‘onistonda o‘z hokimiyatini mustahkamlab olgan Bobur u yerning xo‘jalik va madaniy hayotiga katta e’tibor berdi, mahalliy aholining urf-odatlari, diniy e’tiqodlariga erkinlik berdi va amaldorlarini izzat-hurmat qildi. Bularning barchasi Boburning shon-shuhratini oshiradi.
Bobur o‘z davlatini janub tomonga kengaytirish, Hindistonni egallab olish harakatini boshlab yuboradi. 1525 yil 21 aprelidagi Panipat, so‘ngra Dehli janglari 1527 yilning 16 martida Boburning g‘alabasi bilan tugaydi.
Bobur faqat yirik davlat arbobi va mohir lashkarboshigina emas, balki, buyuk shoir, adib, tarixchi va olim hamdir. «Boburnoma»ni ingliz tiliga tarjima qilgan Uilyam Erskin Boburni ta’riflar ekan, «Osiyodagi podsholar ichida Boburga teng keladigan bironta ham podshoh topolmaymiz» deganda uni faqat davlat arbobi sifatida emas, uning fan va san’at, she’riyat va badiiyatga bo‘lgan oshnoligini ham nazarda tutgan edi.
Boburning o‘zbekcha devonining ikki qo‘lyozmasi ma’lum. Bulardan biri Parijda, ikkinchisi Hindistonda saqlanadi. Professor A.Samoylovich shu ikki qo‘lyozma nusxa va «Boburnoma»dagi she’rlar asosida 1917 yilda Petrogradda Boburning she’rlarini nashr ettirdi. Uning she’rlari 1931 yilda Istambuldagi «Milliy tatabbu’lar majmui»da ham bosildi.
Bobur lirikasi o‘z hayotiyligi, taraqqiyparvar fikrlar ifodalashi, badiiy soddaligi, jo‘shqinligi va til boyligi bilan o‘zbek dunyoviy adabiyotining taraqqiyotiga hissa bo‘lib qo‘shildi. Boburning eng yirik va eng ajoyib asari, uni butun dunyoga tanitgan, Yevropa sharqshunoslari, jumladan Xerman Vamberi tomonidan Yuriy Sezarning sharhlari kitobi qatoriga qo‘yilgan asari «Boburnoma»dir.
Bobur she’rlari o‘tmishdayoq Yevropa tillariga (ingliz, fransuz, nemis tillariga) tarjima qilingan. Chunki, 1857 yillardan keyin Hindistonning ingliz mustamlakasiga aylanishi natijasida, u yerdagi barcha madaniy, ilmiy, badiiy osori-atiqalar Angliyaga olib ketilgan edi.
Bobur devoni lirik turning turli xil janrlarida yozilgan she’rlarni: g‘azal, ruboiy, tuyuq, masnaviy, qit’a, fard va boshqalarni o‘z ichiga oladi. Unda biz oddiy g‘azallardan tashqari g‘azali musajja’ (markaziy ruknlari qofiyadosh bo‘lgan g‘azal), qit’a g‘azal (birinchi bayti-matla’-qofiyasiz bo‘lgan g‘azal), g‘azali husni matla’ (matla’dan keyingi baytning har ikkala misrasi matla’ga qofiyadosh bo‘lgan g‘azal), qo‘shaloq vaznli va qo‘shaloq qofiyali g‘azal, taronai ruboiy (to‘rtala misrasi qofiyalangan ruboiy), oddiy tuyuqdan tashqari qo‘shaloq tajnisli tuyuq va boshqalarni ham kuzatishimiz mumkin. G‘azal, ruboiy va tuyuq Bobur lirikasining eng xarakterli janrlaridir.
Bobur hayot, muhabbat va shodlik kuychisidir. Bundan tashqari uning lirikasidagi vatan ishtiyoqi, g‘ariblikning xasrat va nadomatli dardlari ham mana shu lirikada o‘zining aksini bildirib turadi.
Yoz fasli, yor vasli, do‘stlarning suhbati,
She’r bahsi, ishq dardi, bodaning kayfiyati,
deb boshlanuvchi sho‘x g‘azallar orasida:
Tole’ yo‘qi, jonimga balolig‘ bo‘ldi,
Har ishnikim ayladim xatolig‘ bo‘ldi.
O‘z yerni qo‘yib Hind sari yuzlandim,
Yo rab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi
singari misralarda shohlikning-da ko‘zga ko‘rinmasligi, uning vatan oldida, insongarchilik oldida hech narsa emasligi va, ayniqsa, vatan ishqi Hind podsholigidan ham ustun turishi ko‘rinib turadi.
Bobur inqirozga yuz tutgan temuriylar davlatining shuhratini saqlab qolishga va mustahkamlashga, Markaziy Osiyoda markazlashgan yirik davlat vujudga keltirishga uzoq va qattiq kurash olib bordi. Biroq tarixiy sharoit bunga imkon bermagach, u Afg‘onistonni, keyinchalik esa Hindistonni egallab oldi va katta imperiyani vujudga keltirdi. U asos solgan imperiya Afg‘oniston va Hindistonning siyosiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyotida o‘chmas iz qoldirdi.
Bobur asos solgan davlat Hindistonning Angliya tomonidan bosib olinishiga qadar yashadi. Boburiylar sulolasi Hindistonning siyosiy hokimiyatini mustahkamlash, madaniyatini rivojlantirishda katta ijobiy rol o‘ynadi.
Bobur insoniyat madaniy hayoti tarixida ham chuqur iz qoldirdi. Uning faoliyati hamda merosini o‘rganishda turli soha olimlari: tarixchilar, filologlar, o‘lkashunoslar katta natijalarga erishdilar. Uning asarlari ko‘p martalab nashr etildi, tadqiqotlar, ilmiy va ommabop asarlar yaratildi. Uning ijodini o‘rganuvchi o‘nlab olimlar yetishib chiqdi, bu borada ingliz sharqshunosi U.Erskinning xizmatlari katta. U Bobur va Boburiylar sulolasining Hindiston tarixi, uning davlat tuzumi hamda Hindiston yarim orolidagi madaniy hayotning shakllanishida tutgan o‘rni haqida oqilona va odilona xulosalarni bayon qilgan beg‘araz mutaxassislardan biridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |