Alisher Navoiy yashagan davr bilan bizning zamon o‘rtasida yarim ming yillik vaqt masofasigina emas, juda katta ijtimoiy ong masofasi, adabiy til, dunyoqarash, hayot tarzi masofalari bor.
Alisher Navoiyni anglash va his qilish – o‘zbek xalqining tarixini, madaniyatini, qalb ehtiyojlarini, o‘zligini anglash va his etish demakdir. Badiiy ijod va mahorat borasida, umuminsoniy gumanistik g‘oyalar tarannumida, shoir ruhiy olamining miqyosida, she’riy so‘zningmo‘’jizaviy ta’sir qudratida va yana ko‘p xislat va fazilatlarda she’riyatimiz hali Navoiy sari yuksalishiga intilmog‘imiz kerak.
Navoiyning hayoti va faoliyatini o‘rganishda uning asarlari birinchi manba bo‘lib xizmat qiladi. Uning barcha asarlarida o‘zining hayoti va faoliyatiga doir qimmatli ma’lumotlar bor. Bu ma’lumotlar uning shaxsiy hayotidan boshlab ayrim asarlarining yozilish tarixi va ijodiy rejalari hamda davlat ishlaridagi faoliyatiga qadar qamrab olgan.
Uning hayoti va faoliyatini o‘rganishda zamondoshlari tomonidan yaratilgan asarlar ham qimmatlidir. Bular Xondamirning «Makorim-ul-axloq», («Yaxshi hulqlar»), «Habib-us-siyar» («Suyukli xislatlar»), «Xulosat-ul-axbor» («Voqealarning xulosalari»), Davlatshoh Samarqandiyning «Tazkirat-ush-shuaro» («Shoirlar tazkirasi»), Boburning «Boburnoma» asarlari va Vosifiyning «Badoe-ul-vaqoe» («Go‘zal voqealar») kitoblari va boshqalar. Shuningdek, Abdurahmon Jomiyning «Yusuf va Zulayho», «Xiradnomai Iskandar» va «Bahoriston» kabi asarlarida ham Navoiy hayotiga oid muhim ma’lumot va ta’riflar berilgan.
Navoiy haqida o‘zbek, tojik, turkman va boshqa xalqlarning og‘zaki ijodida ko‘pgina ertak va hikoyalar yaratilgan, ularda xalq tushunchasidagi Navoiy obrazi yaratilgan bo‘lib, uni doimo ulug‘ bir inson, donishmand va tadbirli davlat arbobi, iste’dodli olim, zakovatli shoir, xalq manfaatlarini himoya qilgan xalq farzandi, saxiy va mushfiq bir kishi sifatida tasavvur qilingan.
Navoiyning ko‘pgina asarlari turli xalqlarning tiliga tarjima qilindi va yangi-yangi asarlar yaratilishiga asos bo‘ldi. Masalan, Xristofor Armaniyning 1557 yilda italyan tilida Venetsiyada nashr etilgan «Sarandib shohi uch yosh o‘g‘lonining ziyorati» asarining ikkinchi qismida Navoiyning «Sab’ai sayyor» dostonidan Bahrom va Dilorom sarguzashti hikoya qilinadi. XVII asr gruzin shoiri Sitsishvili Navoiyning «Sab’ai sayyor» dostonini tarjima qilib, natijada o‘zining «Etti go‘zal» dostonini yaratadi. Shu asrning birinchi yarmida yashagan gruzin millatining yana bir vakili Nodar Persodaniodze: «Navoiy bu qissani («Sab’ai sayyor») chig‘atoy (qadimgi o‘zbek) tilida yozgan, biz shoirlikda biron kishini u bilan tenglashtirib tasavvur qila olamizmi?»-degan edi. Navoiy asarlarini tarjima qilish hozirgacha davom etib kelmoqda.
XIX asrning birinchi yarmiga kelib Yevropada Navoiy asarlarining matnini ham, uning asarlariga yozilgan lug‘atlar ham nashr etishga kirishildi. Fransuz sharqshunosi Katrmer 1841 yilda bosilgan xrestomatiyasiga Navoiyning ikki asarini: «Muhokamatul-lug‘atayn» va «Tarixi mulki ajam»ni kiritdi. Undan keyin rus olimi I.N.Berezin «Turk xrestomatiyasi» kitobida Navoiy asarlaridan bir necha parchalar berdi. 1856 yilda M.Nikitskiy «Amir Nizomiddin Alisher, uning davlat va adabiyot sohasidagi ahamiyati» mavzusida magistrlik dissertatsiyasini
yoqladi. U Xondamir, Davlatshoh va Som Mirzoning asarlaridan foydalanib, sharqshunoslikda birinchi bo‘lib Navoiyning hayoti va faoliyatini to‘laroq aks ettirgan asar yaratdi. 1861 yilda Istambuldagi «Osiyo jurnali»da Fransuz konsulxonasining tarjimoni M.Belenning Navoiy hayoti va faoliyatiga doir maqolasi bosilib chiqadi. Nikitskiy va Belenlar Navoiy badiiyatini chuqur o‘rgana olmay «Navoiy Xisrav Dehlaviy, Nizomiy va Jomiylarning tarjimonidir» degan xulosalarga keladilar.
Rus va G‘arbiy Yevropa sharqshunoslari Nikitinskiy va Belenlardan keyin ham birmuncha ishlar olib bordilar. Fransuz tilshunoslaridan Pave de Kurteyl, Buva, rus olimlaridan V.V.Velyamin-Zernov, N.I.Ilminskiy, ingliz sharqshunosi E.Braunlar shular jumlasidandir.
Alisher Navoiyning tug‘ilganiga 500 yil to‘lishini 1941 yilda keng nishonlash maqsadida tayyorgarlik ko‘rila boshlagan paytlarda Vatan urushi boshlanib ketadi. Rus sharqshunosi, professor Bertels o‘zining «Navoiy» monografiyasida shunday eslaydi: «Men 1941 yilning dekabrida Navoiy ijodiga bag‘ishlangan va dahshatli bombardirovka hamda artilleriya otishmalari ostida o‘tgan yig‘ilishda so‘zga chiqqan edim. Garchi yig‘ilish binoning yuqori qavatida o‘tib, u yer havodan kelayotgan og‘ir zarbalar bilan tebranib tursa ham, yig‘ilish qatnashchilaridan biron kishi zalni tashlab chiqib ketmadi va yig‘ilish oxiriga yetkazildi».
1941 yilda tayyorlangan «Alisher Navoiy» nomli maqolalar to‘plami 1946 yilda bosilib chiqdi. A.K.Borovkov tahriri ostida chiqqan bu to‘plam A.Yu.Yakubovskiyning «Navoiy davrining ijtimoiy va madaniy xususiyatlari», I.Yu.Krachkovskiyning «Arab adabiyotidagi «Layli va Majnun» qissasining ilk tarixi», Ye.E.Bertelsning «Navoiy va Nizomiy», A.K.Borovkovning «Alisher Navoiy – o‘zbek adabiy tilining asoschisi», shuningdek, A.N.Boldirev, A.A.Semenov, A.M.Belinitskiy va S.L.Volinning maqolalaridan iborat edi.
Yozuvchilar va san’atkorlar ham Navoiy yubileyini munosib tuhfalar bilan kutib oldilar. Uyg‘un bilan Izzat Sulton «Navoiy» dramasini yaratdilar, shu drama asosida «Navoiy» kinossenariysi yozildi. Yozuvchi L.Bat «Hayot bo‘stoni» povestini, Vadetskiy «Oddiy inson» romanining birinchi kitobini yozdilar. Olim Xo‘jaev sahnada, Razzoq Hamroev ekranda zo‘r mahorat bilan Navoiy obrazini yaratdilar.
Navoiy asarlarining ilmiy-tanqidiy matnini yaratish sohasida juda katta ishlar qilindi va qilinmoqda. 1957 yildan boshlab har yili 9 fevralda Navoiyning tug‘ilgan kunini nishonlash maqsadida ilmiy-an’anaviy konferensiya o‘tkazilib, Navoiy merosini o‘rganish sohasida qilingan yillik ishlarga yakun yasalmoqda.
Ulug‘ san’atkor, benazir donishmand Alisher Navoiy merosi – aqlu zakovat nuri bilan yo‘g‘rilgan jozibali xazina. Ne-ne zamonlardan beri dillarni va ellarni hayratga solib kelayotgan hazrat qalami sehrini
tushunish, his etish oson emas, zero, bu tilakka yetishish uchun kishi muayyan bilim va malakaga ega bo‘lishi lozim.
Alisher Navoiy 1441 yil 9 fevralda Xirot shahrida tug‘ildi. Uning otasi G‘iyosiddin kichkina va bir necha qarindoshlari temuriylar saroyiga yaqin turgan amaldor aristokratlar, buvilari esa temuriy shahzodalarning enagalari bo‘lgan.
1447 yildan - Shohruh mirzo vafotidan keyin Navoiylar oilasi Iroqqa ko‘chib, Taft shahrida yashay boshlaydi. U yerda mashhur tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy turar edi. Yosh Alisher u bilan suhbatda bo‘ladi va buyuk tarixchining nazariga tushadi.
1452 yilda, o‘zaro taxt talashuvlar pasaygandan keyin, Alisherlar oilasi Hirotga qaytadi va oradan ko‘p vaqt o‘tmay uning otasi Abulqosim Bobur tomonidan Sabzavorga (Sarbadorlar harakatining poytaxti) hokim qilib tayinlanadi.
Hirotda qolgan Alisher o‘qishni davom ettiradi va shu yillarda Sa’diyning «Guliston» va «Bo‘ston» kitoblarini, ayniqsa, Farididdin Attorning «Mantiq-ut-tayr» asarini qayta-qayta o‘qib chiqadi.
10-12 yoshlaridayoq badiiy zavqi va didi hamda ilk she’rlari bilan elga tanilib, katta san’atkor va olimlarning diqqatini o‘ziga jalb qilgan edi. Navoiyning zamondoshi tarixchi Xondamirning xabar berishicha, kunlardan birida Lutfiy Alisherdan yozgan yangi she’rlaridan o‘qib berishni so‘ragan. Navoiy quyidagi g‘azalning matla’sini o‘qigan:
Orazin yopqoch ko‘zimdin sochilur har lahza yosh,
Bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘ach quyosh...
Bu g‘azaldan qattiq hayajonlangan Lutfiy: «Agar mumkin bo‘lsa edi, men o‘zimning forsiy va turkiy tillarda aytgan o‘n-o‘n ikki ming misralik she’rlarimni shu bir g‘azalga almashar edim va bu bilan o‘zimni nihoyatda baxtiyor hisoblar edim», - degan.
1456-57 yillarda Navoiy Mashhadda Sayyid Xasan Ardasher va Kamol Turbatiy kabi o‘z davrining mashhur shoirlari bilan tanishadi. Sayyid Xasan Ardasher Navoiy iste’dodiga yuqori baho beradi va uni badiiy ijod sohasidagi faoliyatini qunt bilan davom ettirishga undaydi. Navoiyning «Holoti Sayyid Xasan Ardasher» degan biografik-badiiy asari bu ma’rifatparvar odam haqida yozilgan. Navoiy taxminan 18-19 yoshlarida Abdurahmon Jomiy bilan tanishadi va ularning do‘stligi, shogird va ustoz munosabatlari ko‘p o‘tmasdan ikki ulug‘ shoir va mutafakkirning do‘stligi, hamkorligiga aylanadi.
Navoiyning tarjimai holiga taalluqli bo‘lgan hujjat va ma’lumotlar juda ko‘p, yuqorida aytganimizdek, o‘zining qator asarlari va zamondoshlari qoldirgan ma’lumot va yodnomalarida buni ko‘rish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |