XIII-XIV ASRLAR ADABIYOTI
REJA:
Mo‘g‘ullar istilosi va ijtimoiy hayot.
Xalq og‘zaki ijodi va yozma adabiyot.
Rabg‘uziy. «Qissasi Rabg‘uziy»da inson muammosining yoritilishi.
Sarbadorlar harakati.
Badiiy adabiyotda milliy ruhning kuchayishi. O‘zbek adabiyoti taraqqiyotida Lutfiy, Atoiy, Sakkokiy, Xorazmiylarning roli.
O‘rta Osiyo xalqlarining XIII asrdan keyingi madaniyati, san’ati va adabiyoti ham ularning xo‘jalik hayoti singari, Chingizxon istilosi va uning dahshatli oqibatlari bilan bog‘liq.
XII asrning oxiri va XIII asrning boshlarida ko‘pgina viloyatlar Xorazmshohga rasmangina qaram bo‘lib, saroy ahllari o‘rtasida ittifoqlik yo‘q edi. Bu ichki muholifatlarni hatto Xorazmshohning onasi Turkon Xotun ham qo‘llab-quvvatlar edi. Asli xorazmlik bo‘lgan Mahmud Yalavoch (Yalavoch-elchi) Chingiz tomonidan Xorazmshohga elchi bo‘lib kelgan edi. Shuning uchun ham u Mahmud Yalavoch deb atalgan. U kabi josuslar orqali Xorazm davlatining ichki ahvolini va uning zaif tomonlarini yaxshi bilgan Chingizxonning O‘rta Osiyoga bostirib kirishi uchun bahona bo‘lgan bir voqea sodir bo‘ladi: Chingizxonning Xorazmga yo‘l olgan 450 kishilik savdo karvoni 1218 yilda O‘tror shahrida talanadi, savdogarlar qirib tashlanadi. Shundan so‘ng Chingizxon 1219 yilda Yettisuv viloyatini bosib olib, Movarounnahr va Xorazm chegaralariga bostirib kela boshlaydi.
Tarixchi Juvayniyning ma’lumotiga ko‘ra, o‘trorliklar 6 oy davomida shaharni o‘z qo‘llarida saqlab turadilar. Chingiz qo‘shiniga qarshi uzoq va shiddatli jang qilgan xalq qahramoni Temur Malik boshchiligida
Xo‘jand aholisi katta qahramonlik ko‘rsatadi. Xorazmshohning valiahdi Jaloliddin Xuroson, Hind daryosi atrofi va boshqa joylarda Chingiz qo‘shiniga qarshi mardona janglar olib boradi. Jaloliddin 1221 yilning oxirida Hind daryosi bo‘yidagi janglarda yengiladi, oilasini dushman qo‘lida qoldirishni istamay, onasi, xotini, boshqa yaqinlarini daryoga cho‘ktirib yuboradi, o‘zi esa Hind tuprog‘iga o‘tib ketadi. 1224 yilning boshiga qadar Hindistonda yashab, keyin esa Kavkaz ortiga o‘tib, u yerda katta davlat qurmoqchi bo‘ladi. 1231 yilda Qurdiston tog‘larida halok bo‘ladi.
Chingizxon istilosi O‘rta Osiyo aholisini nihoyatda kamaytirib yubordi, ishchi kuchining katta qismini barbod qildi, ko‘p kishilarning turli o‘lkalarga boshpana izlab qochib ketishlariga sabab bo‘ldi. O‘rta Osiyo xalqlari uzoq yillar davomida istilo va istibdodning og‘ir va dog‘li jarohatlarini tuzata olmadi.
O‘zbek xalqi Chingiz istilosiga qarshi qahr-g‘azabni ifodalovchi, bosqinchilarga qarshi kurashni ifodalovchi afsonalar, ertaklar yaratdi. Mana shunday asarlardan biri «Guldursun» afsonasidir. Afsonalarga qaraganda Guliston degan bir obod joy shu shaharning podshosi, oqil va donishmand yetakchisining yengiltak qizi Guldursun xiyonati evaziga xarobaga aylanadi, shuning uchun uning nomi xaroba ma’nosida ishlatilgan.
Mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi xalq qahramonlik kurashi boshqa xalqlarning adabiyotida ham, jumladan, rus xalqining Shelkan (Cho‘lxon) haqidagi g‘azabli qo‘shiqlarida, Serapion nasihatnomalari, «Evpatiy Kolovrat haqida qissa» va boshqa asarlarida ham ifodalangan. Jumladan, o‘g‘uz va qarluq-uyg‘ur dialektining qadimgi yodgorliklaridan bo‘lgan «O‘g‘uznoma» ham qisman Chingiz istilosi davriga to‘g‘ri keladi. Chunki asar tilida mo‘g‘ul elementlari bor va dahshatli istilolar, urushlar tasvirlanadi.
Mo‘g‘ullar istilosi davrida Xindiston birmuncha osoyishta, obod va madaniyati yuksak o‘lka edi. Shuning uchun O‘rta Osiyoning ko‘pgina olim va fuzalolari Hindistonga o‘tib ketadilar. Masalan, buxorolik shoir Muhammad Avfiy, toshkentlik shoir Badriddin Chochiy, naxshablik (Qashqadaryo vohasi) Ziyo Naxshabiylar Hindistonda yashab ijod qiladilar. Shuningdek, shoirlardan Kamol Xo‘jandiy, Nosir Buxoriylar ham Eronga borib, o‘sha yerda turg‘un bo‘lib turib qolganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |