O//e//ä tovush mosliklari umumturkiy hodisa bo’lib, ayrim o’zbek shevalarida ham uchraydi. Masalan, Namangan shevasida “etik” o’rnida otuk deyiladi. Toshovuz shevasida ädїk deyiladi. Qorabuloq shevasida “echki” o’rnida očki so’zi qo’llaniladi. Ayrim shevalarimizda “bedänä” so’zining bodänä formasi mavjud. Bu hodisani o’rganib chiqish va kartalashtirish areal lingvistika uchun muhimdir.
Umumturkiy «yurmoq» so’zining o’zbek shevalarida uch xil varianti mavjud. Ayrim o’zbek shahar shevalarida bu so’z eski o’zbek tilidagidek yüri, yüridi, yürisä, yürimädi, yüriydi kabi formalarga ega. Ko’pchilik shevalarda hozirgi o’zbek tilidagi shaklda (yur formasida), j-lovchi shevalarda jur shaklida uchraydi. Bu so’zning turlicha talaffuz etilishi aniqlanib kartaga tushirilishi kerak.
O//u (ö//ü) tovush mosliklari bilan o’zbek shevalari bir-biridan farqlanadi. Shahar shevalari va shahar tip qishloq shevalarida öy//üy, köyläk//küyläk, komüsh//kümüsh, soyün//süyün kabi talaffuz normasi mavjud. Qishloq tip va j-lovchi shevalarda esa, bu so’zlar üy, küyläk, kümüsh, süyün kabi ifoda etiladi. Bu hodisalarning o’rni aniqlanib kartalashtirilishi kerak.
Ma’lumki eski o’zbek tilida (temur, xatun, barsun kabi) so’zlarning ikkinchi bo’g’inida (u) unlisi ishlatilgan. Bu xususiyat hozirgi ayrim shevalarimizda ham saqlanib qolgan. Bu so’zlarning hozirgi o’zbek tili va eski o’zbek tili normasida talaffuz etilishi aniqlanib kartalashtirilishi lozim.
So’z boshida y yoki j tovushining talaffuz etilishiga maxsus karta bag’ishlangan bo’lishi kerak. y-lashish va j-lashish xususiyati turli lahjalarga oid shevalarni bir-biridan ajratib turadi.
B//p tovush almashishi bo’yicha bir-biriga bog’liq bo’lgan uchta savol materiali asosida maxsus karta tuzilishi lozim:
Quyidagi so’zlar boshida qaysi undosh tovush talaffuz etiladi: bütün yoki pütün; bişti yoki pişti; bičän yoki pičän; bičdi yoki pičdi?
Mazkur so’zlar o’rtasida qanday undosh tovush keladi: yäpädi yoki yäbädi; qäpädi yoki qäbädi?
Bu so’zlar oxirida qaysi undosh eshitiladi: jäväb yoki juvap, kitab yoki kitap?
P//v tovush almashinishi bo’yicha alohida karta čap, tap so’zlari qo’shimcha qabul qilganda o’zakdagi p tovushi (čavadi, tavadi kabi) o’zgaradimi yoki (čapadi, tapadi singari) o’z holicha saqlanadimi? – degan savolning javobi asosida tuziladi. Shahar tip ikki tilli sheva vakillari talaffuzida yuqoridagi so’zlar qo’shimcha qabul qilganda o’zgarmasdan talaffuz etilsa, ba’zi j-lovchi sheva vakillari nutqida esa, čap – čavadi//čabadi; tap – tavadi//tabadi; kop – koväydi//kobäydi singari ko’rinishga ega. Bularning tarqalish areali ham kartalashtirilishi lozim.
Savollarga olingan javoblarning materiallari yuqoridagi unli va undoshlar talaffuzining tarqalish arealini belgilab beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |