Barg og‘izchalarining shakllanishi. Barg og‘izchalari protoderma hujayralarining bo‘linishi
natijasida hosil bo‘ladi. Ushbu protoderma hujayralarida protoplazmaning qutblanishi ro‘y beradi. Bunda
organoidlarning ko‘p qismi bo‘linishga tayyorlanayotgan hujayra protoplazmasining bir tomonida
to‘planadi. Mana shu hujayralarning assimetrik bo‘linishi natijasida ikkita har xil o‘lchamli hujayralar
hosil bo‘ladi. Bunda quyuq protoplazmali kichik hujayralar tutashtiruvchi ona hujayrasini, katta vakuolali
hujayralar esa epidermal hujayralarni hosil qiladi. O‘simtalar hosil bo‘lish joyida mana shu tutashtiruvchi
xujayralar o‘rta plastinkalari pektinaza fermenti ta’sirida yemiriladi va tutashtiruvchi hujayralar devori bir
biridan ajraladi. Bunda hujayralar turgor bosimi ham muhim rol o‘ynaydi.
Barg og‘izchalari barg o‘sishi mobaynida davomiy ravishda hosil bo‘lib turadi. Bir pallali
o‘simliklarda ular barg tomirlari bo‘ylab qator bo‘lib joylashadi va barg uchidan oxiriga tamon
differensiyalashgan bo‘ladi. Ikki pallali o‘simliklar bargida esa bir joyning o‘zida ham yetuk, ham
differensiyalashayotgan barg og‘izchalari bo‘lishi mumkin. Barg og‘izchalarining soni va o‘lchamiga
tashqi muhit omillari, ya’ni suvning kelishi va miqdori, yorug‘lik, harorat va CO2 ta’sir qilishi mumkin.
Barg og‘izchalarining zichligi barg yuzasining o‘zgarishi va tashqi muhit ta’sirida bo‘lishi mumkin.
Ammo barg yuzasiga nisbatan ularning soni kam o‘zgaradi. Barg o‘sishining barcha bosqichlari
fitogormonlarning balansiga bog‘liq.
O‘tkazuvchi tomirlar-to‘qimalarning shakllanishi. Urug‘li o‘simliklarda prokambiy (kambiyga
xos hujayralar) va po‘stloq shakllanayotgan joydagi apikal meristema qoldig‘idir. Prokambiy hujayralari
ikki tipdagi tomirli hujayralarni yani birlamchi floema va birlamchi ksilemani hosil qiladi. Prokambiy
tashqi tomonida birinchi floema shakllanadi. Bir kundan so‘ng yoki keyinroq prokambiyning ichki
tarafidan kselema shakllana boshlaydi. Floema va ksilemaning shakllanishini barg primordiylarida
sintezlanuvchi auksin goromoni boshqaradi.
Floema to‘qimalarining shakllanishi auksin miqdorining kam bo‘lishligiga, gibberellinning esa
ko‘p miqdorda ekanligiga bog‘liqdir. Gibberellin floemaga kelishi uning yosh rivojlanayotgan barglardagi
sintezi bilan bog‘liqdir. Ksilema to‘qimalarining shakllanishi uchun esa gibberellin miqdori kam,
auksinning miqdori ko‘p bo‘lishligi zarur.