R
Rabot – tashqi shahar, bu joyda shaharga keladigan savdo ahli va musofirlar uchun karvonsaroylar, ulgurji savdo bozorlari, o‘zga shahar fuqarolarining savdo karvonsaroylari joylashgan.
Ravoq – suv hajmining qadimdagi o‘lchov birligi. Bir ravoq 40 kurakga teng bo‘lgan. Bir kurak 5 tanob yerni, ya’ni 120 ga hududni sug‘orishga yetgan. Mil. avv. IV asrda Darg‘om kanalining suv sarfi sekundiga 21 ravoqni tashkil etgan.
Riton – diniy va dunyoviy marosimlarda qo‘llaniladigan may qadahi.
S
Saklar – O‘rta Osiyoning qadimgi chorvador ko‘chmanchi qabilalari. “Avesto”da “turlar” deb berilgan. Mil. avv. II ming yillikning o‘rtalarida oriylarning janubga migratsiyasi davrida Yevroosiyo dashtlaridan O‘rta Osiyoga kirib kelgan turkiy Andronovo qabilalaridir.
Satrap – ahamoniylar imperiyasida hududlar boshlig‘i. Ahamoniylar davlati satraplikka bo‘lingan. Satraplikni mahalliy hokim bilan birgalikda ahamoniylar sulolasi tomonidan tayinlangan satrap boshqargan. Satrap ahamoniylar podshosi xonadoniga yaqin kishilardan qo‘yilgan. Baqtriya satraplari haqida yozma manbalarda ma’lumotlar mavjud. Mil. avv. 530-522-yillarda Baqtriya satrapi Kir II ning o‘g‘li Bardiya, mil. avv. 486-480 va 480-465-yillarda Doro I ning o‘g‘illari Ariamen va Masist, mil. avv. 335-329-yillarda Doro III qarindoshi Bess Baqtriya satrapi etib tayinlangan.
Soqa – kanalning bosh qismidagi qurilmaning nomi. Tadqiqotchilar fikricha, quyi Amudaryo havzalarida saqani dastlab tozabog‘yobliklar qurishgan. Ularning bu ixtirosidan aholi bugungi kungacha keng foydalanib keladi. Soqa daryoning sekin oqadigan joylariga tuproq bilan birgalikda tosh to‘plash yoki o‘t-o‘lanlar yordamida bog‘lam tashlash bilan qurilgan oddiy to‘g‘onlar hisoblanadi. Soqa orqali kanal va ariqlarga yuboriladigan suv boshqarilgan. Soqalarni qurishda ishlatiladigan o‘ziga xos bog‘lamlar quyidagi uslubda tayyorlangan: qamish yoki o‘tlar o‘rami ichiga xashak va tosh solinib, silindr shaklida o‘ralgan. O‘ramning to‘rt joyidan qamish qo‘shilgan holda eshilgan ip bilan bog‘langan. Bog‘lam uchun yulg‘un ham ishlatilgan. Tayyor bo‘lgan bog‘lamning diametri ikki kishi qulochi atrofida bo‘lib, uzunligi 4-6 metrgacha bo‘lgan. Og‘irligi 50 kg dan 500kg gacha va undan ham og‘irroq bo‘lgan. Bugungi kunda saqani qurishda ishlatiladigan bog‘lamlar O‘zbekiston viloyatlarida turlicha nomlanadi. Zarafshon vohasida navala yoki novala, Xorazmda novardi yoki vardi, Farg‘ona vohasida uluk, Sirdaryo va Toshkentda qorabura, Surxon vohasida no‘g‘ala deb ataladi.
Sardoba – maxsus suv yig‘gich inshoot bo‘lib, u gumbazli aylanasimon hovuzlar tarzida qurilgan. Unga qor, yomg‘ir, ba’zan quduq suvlari maxsus inshootlar orqali to‘plangan. Toza suv hovuzga tushgan, lekin tashqariga chiqib ketmagan. Unda suv toza holda uzoq muddatgacha saqlangan. Sardobalar toza ichimlik suvi bo‘lmagan joylarda bunyod etilgan. Uning suvidan, asosan, savdo karvonlari foydalangan.
Sariqamish – Amudaryoning chap qirg‘og‘idagi o‘zani bo‘lib, paleolit davrining oxirlarida tarkib topgan. O‘zan janub va g‘arb tomondan Qoraqum sahrosi bilan tutashgan. Bu qumlar janubda Qopetdog‘gacha, g‘arbda Kaspiy dengizigacha borib yetgan. Sariqamish deltasi hududidan ibtidoiy davrlarga oid madaniy qatlam izlari topilmagan. Amudaryoning chap qirg‘og‘i Sariqamish botig‘iga nisbatan 40 m balandlikda joylashgan. Hududning umumiy maydoni 1 mln gektarni tashkil qiladi. Hududda Amudaryoning Qanxadaryo, Tunidaryo, Dovdon, Daryoliq (Qo‘xnadaryo) kabi ko‘hna irmoqlari mavjud. Ularning orasidagi eng yirik irmoqlari Dovdon va Daryoliq hisoblanadi. Dovdon hozirgi Xonqa va Yangi Urganch oralig‘ida, Daryoliq esa Yangi Urganchdan 15-18 km shimolroqda Amudaryodan ajralib chiqqan. Ular bir-biriga nisbatan 20-30 km masofada parallel ravishda g‘arbga tomon harakatlangan. Dovdon o‘zanining o‘rta va janubiy oqimi deltalari sertarmoq hisoblanadi. Shimoliy tarmog‘i esa Sariqamishga borib quyiladi. Sariqamish botig‘i Tarimkoy va Butentov oralig‘ida joylashgan. Daryoliq irmog‘i ham Tashauz shahrining shimoliy qismidan o‘tib, Ko‘hna Urganch tomon yo‘nalib, Ustyurt burnidan Shirvanqal’a va Devkesken (Vazir) yodgorliklar orqali Butentovning shimoliy etaklaridan borib, Sariqamishga quyiladi. Sariqamish ko‘lida suvning to‘lishi natijasida Uzboy irmog‘iga suv quyilgan. Shu sabab Uzboy va Sariqamish ko‘lining suv bilan ta’minlanishi Dovdon va Daryoliqdagi suv miqdoriga bog‘liq bo‘lgan. Ularning suv miqdori esa Amudaryo suvi bilan bog‘langan.
Sepoya – oddiy to‘g‘on. Sepoyalar, asosan, uch yog‘ochdan qurilgan. Ular suv chiqariladigan yerga qoqilgan va bir-biriga mahkam bog‘langan. Ularning atrofi yog‘och, tosh, shox-shabbalar tashlanib mustahkamlangan. Oddiy sepoyadan katta ariqlarda foydalanganlar. Daryolardan suvni tartibga solishda murakkab sepoyalar ishlatilgan. Bunday sepoya tayyorlash uchun diametri 20-30 sm, uzunligi 4-6 metrli yog‘och olinib, ularning uch qismi mahkam bog‘langan, keyin pastki tomoni 1,5 metrcha qoldirilib, kichik yog‘ochlar bilan mustahkamlangan. Shundan so‘ng sepoya atrofi shaxmat shaklida yog‘ochlar yordamida o‘ziga xos to‘r yuzaga keltirilgan va u suvga tushirilgach, unga chim, tosh kabi og‘ir narsalar solinib mustahkamlangan hamda shu yo‘l bilan sepoya suv tubiga kiritilgan. Sepoyalar navbatma-navbat suvga tushirilgan. Birinchi jarayon bajarilgach, ular shox-shabba, chim va boshqa narsalar yordamida suv yo‘li to‘silgan. Shu tariqa suvning sathi ko‘tarilib, ariqlarga suv chiqqarilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |