A
Afrosiyob – Turon xalqlarining qahramoni, Turon elining hukmdori. U “Avesto”da “Frangxrasyan”, “Shohnoma”da “Alp Er To‘nga” tarzida berilgan. Turkiy podsho “Alp Er To‘nga”ni fors tilida “Afrosiyob” deb atashgan. “Avesto”da va “Shohnoma”da eroniylarning ashaddiy dushmani, salbiy obraz sifatida gavdalangan. Avestoda Frangxrasyan “Xvarno”ni olish uchun Ardvisura Anaxitadan yordam so‘raydi. Lekin u yordam bermaydi. “Xvarno”ni tutish uchun Vorukasha dengiziga uch marta tushadi. Lekin shunda ham topa olmaydi. “Shohnoma”da Siyovushni qatl qildirgan Turon podshosi sifatida beriladi.
O‘rta asr mutafakkirlari Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Koshg‘ariy, Abu Bakr Narshaxiy, Muhammad at-Tabariy, Abulqosim Firdavsiy, Rashiduddin Fazlulloh, Alisher Navoiy va boshqalarning asarlarida Afrosiyob Turonning adolatli shohi bo‘lib, bunyodkorlik ishlarini olib borganligi va eroniylarga qarshi kurashib, ular ustidan g‘alaba qozonganligi haqidagi ma’lumotlar bor.
O‘zbekistonda bir qancha shaharlarning barpo etilishi Afrosiyob nomi bilan bog‘lanadi. Bular Toshkentning Mingo‘rik, Shahninintepa, Qashqadaryoning Kitob, Samarqand Afrosiyobi va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |