EGAMBERDIEVA N.А.
ARXEOLOGIYADAN IZOHLI LUG‘AT
[Название документа]
[Подзаголовок документа]
Пользователь
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS
TA’LIM VAZIRLIGI
NIZOMIY NOMIDAGI TOSHKENT DAVLAT
PEDAGOGIKA UNIVERSITETI
ARXEOLOGIYADAN IZOHLI LUG‘AT
Toshkent – 2020
Egamberdieva Nigora Azadovna. Arxeologiyadan izohli lug‘at.
Lug‘at O‘zbekiston arxeologiyasining ilk temir davridan to milodiy IV asrlargacha bo‘lgan davrlari bo‘yicha asosiy ma’lumotlarni qamrab olgan. Qadimgi Baqtriya, Sug‘diyona va qadimgi Xorazmning arxeologik yodgorliklari keng yoritilgan. Shu davrga oid tushunchalarga keng izoh berilgan va keyingi davrlarda arxeologiya, tarix fani sohalarida qo‘lga kiritilgan yangiliklar bilan boyitilgan.
Taqrizchilar: Nizomiy nomidagi TDPU “O‘zbekiston tarixi” kafedrasi
dotsenti, t.f.n. X.Matyoqubov
Nizomiy nomidagi TDPU “O‘zbekiston tarixi” kafedrasi
dotsenti, t.f.n. F.Ismatullayev
“Arxeologiyadan izohli lug‘at” Nizomiy nomidagi TDPU o‘quv-uslubiy kengashining 26-may 2020-yildagi 10-sonli masofaviy o‘tkazilgan yig‘ilishida nashrga tavsiya etilgan.
KIRISH
Arxeologiya kishilik jamiyati tarixini o‘rganishning eng qadimiy va ishonchli sohasi hisoblanadi. Arxeologik manbalar tarixiy manbalarga nisbatan ancha qadimiydir. Uning ilk davri 2,5-3 million yilga borib taqaladi. Biz kishilik jamiyati tarixini 24 soat deb faraz qilsak, uning 23 soat-u 56 minuti yozma manbalarsiz davrga, 4 minuti yozma tarixga to‘g‘ri keladi.
Arxeologiya fani qiziqarli bo‘lishi bilan birga nihoyatda murakkab fan hamdir. Bu fanda qo‘lga kiritilgan yutuqlar bir joyda qotib qolmaydi. Bir yodgorlikda olib borilgan tadqiqotlar yillar o‘tib yanada yangi ma’lumotlar berishi mumkin. Bu bir tomondan, tadqiqot uslubi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, arxeologlarning mahorati va sa’y-harakatiga ham bog‘liq. Arxeologiyada qadimgi buyumlarni o‘rganish birdan bir maqsad qilib olinmaydi. Asosiysi, yangi topilgan moddiy buyumlar, o‘tmishning yana bir qirrasi haqida guvohlik beradi. Bu esa tarix sohasidagi bilimlarni, dunyoqarashni boyitadi. Shu sababdan, tarix fani ham bir joyda qotib qolmaydi. Doimo o‘zgarishda, yangilanishda bo‘lib, uning yangi topilmalari zamonlarning nafasini yanada jonlantiradi. Tarixchi va arxeologlarning asosiy vazifasi yangi topilmalarni tilga kiritish va o‘sha zamon nafasini tiklash hisoblanadi. Shuning uchun topilmalar tarixiy tadqiqotlar uchun faqat manba bo‘libgina emas, balki katta ilmiy qimmatga ham ega bo‘ladi.
Keyingi davrlarda tarix fani sohasida ko‘pgina yutuqlar va yangiliklar qo‘lga kiritilmoqda. Arxeolog olimlarning sa’y-harakatlari natijasida yangi yodgorliklar topilib, tarixning ko‘pgina noma’lum tomonlari ochilib, ba’zi muammoli masalalar o‘z yechimini topmoqda. Bu jarayonda esa tarixga qiziquvchilar arxeologik atamalarni bilishi va ularni o‘rnida qo‘llay bilishi muhimdir. O‘ylaymizki, qo‘lingizdagi “Arxeologiyadan izohli lug‘at” bu borada sizga yaqindan yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |