Afrosiyob yodgorligi – Samarqand shahrining shimoliy qismida, Siyob arig‘ining sohilida joylashgan. Dastlab shahar ikki qismdan ark va shahristondan iborat bo‘lgan. Ark tarixiy manbalarda yuqori shahar deb atalgan. Yuqori shaharda ark va ibodatxona joylashgan. U 19 gektar hududni egallagan. Yuqori shahar mudofaa devorlari bilan o‘rab olingan. Mudofaa devor qalinligi 7–8 m bo‘lib, xom dev g‘ishtlardan qurilgan. Quyi shahar, uning shahristoni hisoblanib, u 220 gektar maydonni egallagan. Afrosiyobda XX asrning boshlarida V.Vyatkin arxeologik qazishmalar olib borgan. XX asrning 60-70-yillarida V.A.Shishkin va G‘.G‘ulomovlar rahbarligida keng ko‘lamli arxeologik tadqiqotlar olib borilib, 1966-yilda Afrosiyob “arxeologik qo‘riqxona” deb e’lon qilindi. 1970-yilda Samarqandning 2500 yillik yubileyi keng nishonlandi.
Mustaqillik yillarida o‘zbek arxeolog olimlari M.Isomiddinov, A.Anorboev, A.Otaxo‘jaevlar fransiyalik arxeologlar Pol Bernar va Frans Grene bilan hamkorlikda tadqiqot ishlarini olib bordilar. Natijada Afrosiyobning eng quyi madaniy qatlamlarni o‘rganish jarayonida yer sathidan 10–15 m chuqurlikda miloddan avvalgi IX–VII asr o‘rtalariga oid ashyolar topilgan. Bu davrdan 7 metr qalinlikdagi guvalasimon g‘ishdan qurilgan mudofaa devori izlari va 2 metrlik madaniy qatlam saqlanib qolgan. Guvalasimon g‘ishtlarga, asoson “8” va “0” raqamiga o‘xshash tamg‘alar bosilgan. Madaniy qatlamdan bankasimon sopol idishlar va naqshlangan, qo‘lda ishlangan sopol idishlarning siniqlari topilgan. Ushbu namunalar Fransiyada radiokarbon tadqiqot usulida o‘rganilgan, u 2690± 50 yoshni ko‘rsatgan. Shu asosda 2007-yilda Samarqandning 2750 yoshlik tantanalari keng nishonlandi.
Afrosiyobda o‘zbek–fransuz qo‘shma ekspeditsiyasining faoliyati davomida mil. avv. VI–V asrlarga oid monumental saroyning izlari topilgan. Tadqiqotchilar fikricha, bu Kvint Kursiy Ruf asarida tilga olingan Samarqand hukmdorining saroyi bo‘lishi mumkin. Ahamoniylar davrida Afrosiyobning tarhida o‘zgarishlar qilinmagan, lekin qayta ta’mirlangan. Mil. avv. V asr oxirlarida Afrosiyobning mudofaa devorlari tashlandiq holga kelgan, bu unga ehtiyoj bo‘lmaganligini ko‘rsatadi. Bu esa, ahamoniylar imperiyasi siyosati natijasida o‘zaro urushlar kamayganligidan dalolat beradi.
Afrosiyob yodgorligi haqidagi yozma ma’lumotlar mil. avv. IV asrning boshlariga, ya’ni Sug‘diyonaga Aleksandr Makedonskiy hujumi davriga oiddir. Yunon yozma manbalarida Sug‘diyonaning markaziy shahri “Maroqanda” deb nomlanib, u ikki qismdan “akropol” – yuqori shahar va “quyi shahar”dan iborat bo‘lganligi yozilgan. “Akropol” mustahkam mudofaa devori va xandaq bilan himoyalangan. Darvozasi janubiy tomonda bo‘lgan. Tashqi devorning uzunligi 70 stadiy, ya’ni 13 km.ni tashkil qilgan. Yunon yozma manbalaridagi bu ma’lumotlar arxeologik tadqiqotlar natijasida o‘z isbotini topgan. Ellinizm davrida Afrosiyob qayta ta’mirlangan. Bu davrda yo‘lakli mudofaa devori kvadrat shaklidagi g‘ishtlardan qurilgan. Simmetrik shakldagi pilyastrlar qurilgan va o‘q shaklidagi shinaklar, ba’zida yolg‘on shinaklar o‘rnatilgan.
Ayritom – port shahar bo‘lib, Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘ida Termiz shahridan 18 km sharqda, mil. avv. II asrda qurilgan. Shahar shimoldan janubga 3 km cho‘zilgan bo‘lib, 90 gektar hududda joylashgan. Uch tomonlama mudofaa devori bilan mudofaalangan. Kushonlar davrida bu yerda yirik budda monastiri bunyod etilgan. Shahar atrofida kulolchilik xumdonlari aniqlangan. 1933-yilda V.M.Masson budda haykallari, musiqachilar va gulchambar ko‘targan ayollarning bo‘rtma tasvir shaklida ishlangan koshinni topgan. Milodiy III asrning ikkinchi yarmida Ayritom vayron bo‘lgach, qayta tiklanmagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |