Amudaryo suvi toshqini vaqtini xorazmliklar tabiatdagi o‘zgarishlar orqali aniqlab olishgan va bu toshqinlardan dehqonchilikda unumli foydalanish yo‘llarini ham o‘zlashtirganlar. Mart oyining oxirlarida birinchi toshqin kuzatilgan. Bu qamishlar endi o‘sib chiqqan davrga to‘g‘ri kelganligi sababli u xalq orasida “ko‘k qamish toshqini” deb atalgan. Ikkinchi toshqin aprel oyi o‘rtalariga to‘g‘ri kelgan. Bu davrda oq baliqlar Orol dengizidan Amudaryoning yuqori oqimiga o‘ta boshlaganlar. Shuning uchun “oq baliq toshqini” deb atalgan. Uchinchisi may oyi o‘rtalariga to‘g‘ri kelib, buni Hulkar yulduzi turkumining ko‘rinishi bilan bog‘lab, “yulduz toshuvi” deb ataydilar. To‘rtinchisi eng kuchli toshqin bo‘lib, “qirq chilg‘ov toshuvi” deb ataladi, chunki bu yozgi chillaga to‘g‘ri kelib, 40 kungacha davom etadi. Iyunning ikkinchi yarmidan boshlanib, avgust boshlarida tugagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |