Qiziltepa yodgorligi Surxondaryoning Oltinsoy tumanida Mirshodi mikrovohasida Yangiariq qishlog‘iga yaqin hududida joylashgan. Yodgorlik 1971-yildan o‘rganila boshlangan. Mirshodi vohasi so‘nggi bronza davridan o‘zlashtirila boshlangan. Aholi bu hududda suv havzalari bo‘ylab, tarqoq holda yashagan. Qiziltepa Mirshodi vohasining markaziy qal’asi bo‘lgan. Qiziltepada 3ta qurilish bosqichi aniqlangan. Qizil I davri mil. avv. 1000-700-yillarga oid bo‘lib, bu davrda Mirshodi vohasiga dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan aholi kelib joylashib, qishloq bunyod qilganlar. Sopol idishlarning 97 %i qo‘lda yasalgan, lentasimon tarzda yoki matodan ishlangan qolipga solinib ishlangan. Ular bir yarusli xumdonlarda pishirilgan. Usti och sariq va ba’zida qizil angob bilan bo‘yalgan. Sopol idishlari mo‘rt bo‘lib, uning asosiy turlari: sfera, yarim sfera, konik va silindr shaklidagi xumlar tuvak, mankal, kosalar, tovoq va tog‘oralardan iborat bo‘lgan.
Qizil II davri mil. avv.700-550-yillar hisoblanib, qal’aning rivojlangan bosqichi bo‘lgan. Bu bosqichda ko‘plab turar joy va xo‘jalik xonalari qurilgan. Ular kichik, to‘g‘ri to‘rtburchak, kvadrat va yo‘laksimon tarzda qurilgan. Devorlari paxsa yoki to‘g‘ri burchakli (44x27–28x10, 40x28x9–10 sm) xom g‘ishtdan qurilgan bo‘lib, 0,5 dan 1,5 metrgacha saqlanib qolgan. Xonalarning katta hajmdagisi 17,5 m2ni tashkil qilgan. Uylarining pollari somon aralashgan loy yoki mayda toshlar bilan suvalgan. Sopol buyumlarining 70 %i charxda ishlangan. Ular silindrokonus shaklli xumlar, kosalar, gardishi qarmoqsimon xumchalar va tovoqlardan iborat bo‘lgan. Yirik konik va yarimsfera shaklli idishlar ko‘p topilgan. Charxda ishlangan idishlarning ba’zilaridagina geometrik shakldagi naqshlar berilgan.
Qizil III davri mil. avv. 550-400-yillarni o‘z ichiga oladi. Bu davrda sopol idishlar och sariq angob bilan bo‘yalgan. Yirik, kichik silinrokonik shakldagi sopollar, silindr shaklli idishlarning qorin qismida o‘tkir qirra, osti qisqa konik shaklda ishlangan bankalar va kosalar soni ko‘paygan. Yirik xumlarning gardishlari valiksimon yoki uchburchaksimon shaklda ishlangan. Bu davrda qo‘lda ishlangan sopol idishlar ba’zida vertikal shaklda to‘q jigarrang bilan bo‘yalgan. Balandligi 1–1,2 metr bo‘lgan xumlar ko‘pchilikni tashkil qilgan. Qizil rang bilan xochsimon bezaklar berilgan sopol idishlar topilgan. Gardishi yo‘g‘on, yoqasi keng bo‘lib, tashqariga qayirilgan va qo‘lda ishlangan idishlar keng tarqalgan.
Mil. avv. IV asrning boshlarida Aleksandr Makedonskiy hujumidan keyin Qiziltepada hayot so‘na boshlagan. Mudofaa devorlari nuragan, ularning yonlari axlatxona aylantirilgan.
Qoratepa yodgorligi Surxondaryo viloyati Termiz shahri yaqinida joylashgan. U milodiy II-IV asrlarga oid. Bu yerda to‘qqiztadan ortiq inshootlar majmuasi ochib o‘rganilgan. Har bir bunday inshoot yo‘lak – ayvonlar o‘rab turgan to‘g‘ri to‘rtburchakli katta hovli va yer ostiga qurilgan inshootlardan iborat. Xonalardan Budda haykali, buddizmga xos inshoot – stupalar topilgan. Qoratepaning yer ostida qurilgan inshooti bilan yer ustiga qurilgan inshoot bir biri bilan bog‘liq bo‘lgan. Ular zinalar orqali birlashtirilgan. Qoratepa ibodatxonasining devorlariga diniy mazmundagi rasmlar va ibodatxonani qurilishda homiylik qilgan insonlarning rasmlari solingan. Rasmlar katta mahorat bilan chizilgan va o‘sha zamonning diniy mafkurasini o‘zida aks ettiradi. Keyingi yillarda olib borilgan tadqiqotlar natijasida Qoratepaning shimoliy qismidan mahobatli stupa topilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |