Suvyorgan madaniyati – bronza davri (mil. avv. II ming yillik) cho‘l zonasiga oid arxeologik madaniyat. Bu madaniyatga tegishli yodgorliklar Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘ida, cho‘l ichiga yorib kirgan Suvyorgan o‘zani bo‘ylab tarqalgan. Unga eski o‘zan asosida qazilgan Suvyorgan kanali nomi berilgan. Suvyorganliklarning kelib chiqish ildizlari so‘nggi kaltaminor madaniyatiga borib taqaladi.
T
Tarmida – Eski Termiz yodgorligining Tibet buddaviy manbalaridagi nomi. Ularning birida buddizm dini targ‘ibotchisi Dxarmamitra Vaxshu (Amudaryo) daryosi bo‘yida joylashgan Tarmida shahridan ekanligini yozilgan. Tarmida va Termiz tushunchalari bir-biriga yaqinligini e’tiborga olgan tadqiqotchilar qadimgi davrda Termiz “Tarmida” nomi bilan yuritilgan, degan fikrga kelishgan. Buni o‘rta asrlarga oid xaritalarda Tarmida Termiz hududiga joylashtirilganligi va V.Tarnning milodiy VII asrga oid Ravennalik noma’lum geografning xaritasi “Pevtingar jadvali”da Antioxiya–Tarmida deb yozib qoldirganliklarini ham asos qilib ko‘rsatishadi.
Taxti Sangin – Oks xudosiga bag‘ishlangan ibodatxona bo‘lib, Tojikistonning Kobadiyon rayonida, Vaxsh va Panj daryolarining qo‘shilib, Amudaryoning boshlanish joyida bunyod etilgan. “Taxti Sangin” tojikcha so‘zdan olingan bo‘lib, “Tosh taxt” degan ma’noni beradi. Ibodatxona mil. avv. III asrdan milodiy III asrgacha faoliyat yuritgan. Ibodatxonadan 12ta kichik va 4ta monumental olov otashgohi, Aleksandr Makedonskiy, yunon-makedonlar, ellinizm madaniyatlariga oid buyumlar topilgan. Ibodatxonada boshqa dinlarning sajdagohlari bo‘lgan. Turli diniy e’tiqodga ega bo‘lgan odamlar bu ibodatxonada o‘z diniy amallarini amalga oshirganlar. Oks ibodatxonasi observatoriya vazifasini ham o‘tagan.
Temir darvoza – Surxondaryo va Qashqadaryo chegarasidagi Sarimas tog‘ tizmasidagi 2 kilometr uzunlikdagi tor dara. Uning kengligi 10 m dan 20 m gacha bo‘lib, uzunligi 2 km. Temir darvoza Sug‘diyona va Baqtriya o‘rtasidagi muhim chegara hudud hisoblanib, uning himoyasiga alohida e’tibor qaratilgan. Temir darvozadan 4 km janubda, mil. I-II asrlarda Darband devori qurilgan. U hududga dushmanning aylanib o‘tish ehtimolining oldini olish uchun bunyod qilingan.
Terrakota – italyancha so‘z bo‘lib, “terra cotta” so‘zidan olingan, “kuydirib pishirilgan loy” degan ma’noni beradi. Neolit davridan ma’lum bo‘lib, u sirlanmagan turli sopol buyumlar: plitkalar, me’morchilik detallar, vaza va haykallardir. Qizil va malla rangga bo‘yalgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |