Yo’lning foydali uzunligi yo’lning to’liq uzunligi bo’ylab harakat tarkibi (poyezd) joylashadigan qismi bo‘lib, harakat tarkibining turishi yondosh yo‘llardagi harakatga xalaqit bermasligi kerak. Chiqish signallari bo‘lmagan ochiq yo‘llarning foydali uzunligi shu yo‘llarga taalluqli strelkali o’kazgichlarning chegara qoziqchalari bilan chegaralanadi, berk yo‘lning foydali uzunligi esa bir tomondan strelkali o‘tkazgichning chegara qoziqchasi yoki strelka boshlanishidan ikkinchi tomon yo‘l oxiridagi to‘siqqacha hisoblanadi.
Agar yo‘llar chiqish signallari bilan jihozlangan bo‘lsa, u holda ochiq yo‘lning foydali uzunligi bir tomondan chiqish signali va ikkinchi tomondan chegara qoziqchasigacha, yoki strelka boshigacha hisoblanadi. Chegara qoziqchasi strelkali o‘tkazgichdan tarmoqlanuvchi yo‘l o‘qlari orasidagi kenglik 4100 mm bo‘lgan joyda qo‘yiladi va ushbu chegara qoziqchasidan o‘tib to‘xtash yon yoidagi harakatga xavf tug‘dirmaydi. Strelkali o‘tkazgich markazidan chegara qoziqchasigacha yoki signalchaga bo‘lgan masofa krestovina rusumi, krestovinadan keyingi egri radiusi va yo’nalishi, yo‘l oralig‘i va svetofor tagligining kengligiga bog‘liq bo‘lib hisoblab topiladi.
10-rasm. Yo‘llarning to‘liq va foydali uzunligi
Magistral temir yo‘llarda stansiya yo‘llarining foydali uzunligi 1250 va 1050 m standart uzunlikda loyihalanadi. Yangi loyihalanadigan I va II darajali temir yo‘llarda foydali uzunlik 1050m. dan kam bo‘lmasligi kerak.
Yo’lovchi poyezdlarni o‘tkazish, qabul qilish va saqlash yo’llarining foydali uzunligi ushbu yo‘lda muomalada bolish uchun mo’ljallangan poyezdlar uzunligidan kam olinmaydi. Keyingi yillarda yo‘lovchi poyezdlarning tarkibini 24 vagondan, shaharatrof elektrpoyezdlar tarkibini 12 yoki 14 vagondan ortiq uzunlikda tuzish amalga oshirilmoqda. Buning uchun stansiya yo’llari va platformalar uzunligini tegishlicha uzaytirish lozim.
Stansiyalarda saralash yo‘llarining uzunligi tuziladigan poyezd tarkibidan 10% uzunroq olinadi. Saralash va uchastka stansiyalarda manyovr tortish yo’llarining uzunligi poyezd tarkibining to’liq uzunligiga, oraliq stansiyalarda esa kamida yarim poyezd uzunligiga teng olinadi. Ehtiyot berk yo’lning foydali uzunligi kamida 50 m, tutib qoluvchi berk yo‘l uzunligi esa tegishli hisoblar bo‘yicha olinadi.
Stansiyalarda har bir yo’l va strelkali o‘tkazgich raqamlanadi. Bosh yo’llar rim raqamlari, qolganlari esa tartib bo‘yicha arab raqamlari bilan belgilanadi.
Strelkali o'tkazgichlar juft raqamli poyezdlar keladigan tomondan birinchi strelkadan boshlab tartib bo‘yicha juft, toq yo‘nalish poyezdlari tomonidan esa toq arab raqamlari bilan belgilanadi. Juft va toq tomonlarni ajratish chegarasi qilib stansiya yo’lovchi binosining o‘q chizig‘i, yoki katta stansiyalarda alohida parklarning o‘rtasida yo’llarga ko‘ndalang o‘q chiziq tortiladi.
Yo’lning stansiya, "Razyezd yoki o‘zib o‘tish punkti joylashadigan uzunligi stansiya maydonchasi deyiladi. Stansiya maydonchasi uch ko‘rinishda, jumladan: do‘nglikda, chuqurlikda va pog‘onasimon joylashishi mumkin (12.2-rasm).
Stansiya maydoni do‘nglikda (12.2.a-rasm) joylashganda, kelayotgan poyezdlarning sekinlashish, jo‘nayotgan poezdlarning tezlashish imkoniyatlari yengil, maydonchadan yog‘ingarchilik suvlarini qochirish imkoniyatlari yaxshi bo‘ladi. Stansiya chuqurlik, pastliklarda (12.2.b-rasm) joylashganda, poyezdlarning tezlashish va sekinlashish imkoniyatlari ancha yomon, shuningdek yer usti suvlarini stansiya maydonidan qochirish qiyin, ammo manyovr ishlarida vagonlarning boshqaruvini yo‘qotib tasodifan peregon tomonga ketib qolish xavfi bo‘lmaydi. Stansiya maydonchasining pog’onasimon (12.2.v-rasm) profilda joylashishi yuqoridagi ikki ko‘rinish qulayliklari va kamchiliklariga ega.
12.2-rasm. Stansiya maydonining joylashishi:
a) do'nglik; b) chuqurlik (soylik); v) pog‘onasimon.
Vagonlarning o‘z-o‘zidan harakatlanib ketib qolish xavfining oldini olish uchun stansiya yo‘llari bo‘ylama profilda asosan gorizontal tekislikda joylashtiriladi, ayrim holatlarda yer ishlari hajmini kamaytirish maqsadida ularni 0,0015, qiyin sharoitlarda esa 0,0025 qiyalikda joylashtirishga ruxsat etiladi. Xuddi shunday talablar yuk ortish-tushirish, vagonlarning lokomotivsiz turishi, lokomotivlarning turish va ekipirovka ta’minoti yo‘llariga ham qo‘llaniladi. Stansiyaning strelkali bo‘g‘izlari qiyin sharoitlarda imkoniyatlarga qarab yetakchi qiyalikkacha bo’lgan maydonchalarda joylashtirilishi mumkin. Binolar ichidagi yo‘llar faqat gorizontal tekislikda joylashtiriladi.
Harakatga qarshilikni kamaytirish hamda ko‘rinish yaxshi bo‘lishi uchun Razyezdlar, o‘zib o‘tish punktlari, stansiyalarning alohida parklari va manyovr tortish yo‘llari rejada to‘g‘ri chiziq bo‘ylab joylashishi kerak. Qiyin sharoitlarda ularni 1200 m dan kam bo’lmagan egrilarda joylashtirishga ruxsat etiladi. Poezdlar harakatining tezligi 120 km/s dan katta bo‘lsa, radius 1500 m dan kam bo‘lmasligi kerak. O‘ta qiyin sharoitlarda, asoslar keltirilgan holda egri radiuslarini kamaytirishga ruxsat etilishi mumkin.
Stansiya maydonlarini tanlashda elektr kabel, gaz o‘tkazgich va boshqa muhandislik tarmoqlarining joylashuviga, mahalliy sharoitlar va aholi, sanoat punktlarining talab va ehtiyojlarini qondirishga e’tibor berilishi
kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |