14.2. Quduq qurishning texnik loyihasi
Quduq qurilishining texnik loyihasi smeta harajatlari bilan birga quduq qurishning asosiy hujjati hisoblanadi.
Quduq qurilishning texnik loyihasi har bir quduq turlari uchun alohida tuziladi.
Quduq qurilishining texnik loyihasi quyidagi qismlardan iborat.
1) Minorani yig‘ishning tayyorgarlik ishlari;
2) Minora va asbob-uskunalarini yig‘ish;
3) Burg‘ilash qudug‘ining geologik-texnik sharoiti;
4) Quduq qurish siklning vaqtini asoslash;
5) Quduq qurishning sikl grafigi;
6) Xavfsizlik texnikasi, yong‘inga qarshi, tibbiyot bo‘yicha tadbirlar;
7) Loyiha bo‘yicha quriladigan quduqlar soni.
Birinchi qismida hamma hisoblanadigan materiallar, o‘lchagichlar, quduq qurish uchun harajatlar beriladi: a) boriladigan (shohobcha) yo‘llari; b) suv yo‘llari; v) elektr yo‘llari; g) chiroq (elektr) yo‘llari.
Ikkinchi qismida qanday minora turlari qo‘llanishi, qanday poydevorlarga qurilishi, minorani qurish usullari, nasos, gilqorishtirgich, tozalash moslamalari uchun quriladigan qurilmalarning katta-kichikligi va ularni joylashtirish tartiblari ko‘rsatiladi. Shuningdek burg‘ilash asbob-uskunalarini yig‘ish, tashish va ko‘tarish usullari, Mexanik va elektrik asbob-uskunalarga ta’rif beriladi.
Uchinchi qism – loyihaning eng kerakli qismi hisoblanadi. Bu qismning dastlabki materiallari geologik kesim va uning murakkablik darajasi hisoblanadi. Loyihaning keyingi asosiy elementi – texnik bo‘lim bo‘lib, unda har bir mustahkamlovchi quvurlar birikmasiga ta’rif beriladi: diametri, po‘lat belgisi, devor qalinligi, tushirish chuqurligi, quvurlar birikmasi og‘irligi, sement eritmasini ko‘tarish balandligi va boshqalar.
Loyihada har bir quvurlar birikmalarini tushirish va ularni sementlashning texnik usullari ifodalanadi.
Bundan tashqari, har bir quvurlar birikmasining mustahkamligi, talab qilinadigan sement miqdori, sementlash vaqti, sementning qotishi uchun kerak bo‘lgan suv, sementlash vaqtida sodir bo‘ladigan bosimlar hisob-kitob qilinadi. Sementlash agrigatlari va sement qorishtirgichlar asoslanadi. Shuningdek, bu qismda quduq kovlash uchun kerak bo‘lgan burg’ular miqdori, burg‘ilash rejimining parametrlari, Mexanik va reysli kovlash tezligi bo‘yicha bir burg’uning kovlashidan kutilgan natijalar hisoblanadi.
Burg‘ilash qudug‘ining geologik-texnik sharoitlariga qarab talab qilinadigan yuvish eritmalari va kimyoviy reagentlar hisoblab chiqiladi. Keyin quduq devorlarining qiyshayishini o‘lchash sonlari, har xil elektrometrik ishlar va ularning usullari keltiriladi. Neft va gaz qatlamlarini ochish texnologiyasi beriladi.
Bu qismda sermashaqqat jarayonlarni mexanizatsiyalash tadbirlar o‘z aksini topishi lozim.
To‘rtinchi va beshinchi qismda - quduq qurishi uchun talab qilinadigan hamma operatsyailarning vaqti hisob-kitob qilinadi. Shuningdek yo‘llanma texnologik xarita va quduq qurilishining hamma sikli uchun grafik beriladi.
Oltinchi qismda quduqlarni qurish va quduqlarni kovlash jarayonida bajarilishi kerak bo‘lgan xavfsizlik texnikasi, yong‘inga qarshi va tibbiyot bo‘yicha tadbirlar keltiriladi.
Yettinchi qismda - quduq qurishning samaradorligini xarakterlovchi texnika iqtisodiy ko‘rsatkichlar beriladi. Bu yerda mahsuldor gorizontlar, quduqni mustahkamlash chuqurligi, qurilishning davom etgan vaqti, burg‘ilashning kommersiya va siklli tezligi, debiti va obyektning tannarxi ko‘rsatiladi.
Ayrim hollarda buyurtmachilarning reja topshiriqlariga ko‘ra mahsus loyiha institutlari tomonidan kompleks qilib tuziladi. Texnik loyihada quyidagi hujjatlar qayd qilinadi:
1) texnik-iqtisodiy ma’lumotlar;
2) loyiha tuzish hujjatlari;
3) geologik kesim to‘g‘risida ma’lumotlar;
4) loyiha texnik qismining vazifalari;
5) burg‘ilash quduq tuzilishini tanlash, asoslash va ish tartibini aniqlash;
6) quduq kesimini tanlash;
7) burg‘ilash eritmasi tarkibini, xossalarini aniqlash va asoslash;
8) burg‘ilash qudug‘ini mustahkamlash texnikasi va texnologiyasini aniqlash;
9) burg‘ilash usulini va asbob-uskunalarini tanlash;
10) neft va gaz qatlamlarini ochish hamda quduqni sinash;
11) burg‘ilash quduqlarini va asbob-uskunalarini mustahkamlikga sinash;
12) qurilish va yig‘ish (montaj) ishlarini asoslash;
13) burg‘ilash asboblarini tanlash va asoslash;
14) burg‘ilash jarayonida bajariladigan hamma ilmiy tadqiqot ishlarini tanlash va asoslash.
Do'stlaringiz bilan baham: |