Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
www.ziyouz.com
kutubxonasi
56
Kunbotarda qop-qora bulut suzdi. Kun bulutda qoldi. Besh tiyinlik sariq tanga misol qoldi.
Bulut ko‘pirib toshdi. Bulut ko‘pirib qoraydi. Bulut tog‘ni qopladi.
Azim-azim tog‘dan yong‘oqday cho‘qqi-da qolmadi.
Bulut ichra ayqash-ayqash nur yalt etdi. Bulut bag‘rini yorug‘-yorug‘ yo‘llar tildi — tog‘da
yomg‘ir yog‘di.
Bulut tog‘dan endi. Bulut qoyaladi. Bulut qirladi. Bulut adirladi. Bulut dalalab keldi.
Dim-dim sukunat bo‘ldi.
Daraxtlar tosh qotdi. Chumchuqlar ichiga bo‘yin tortdi.
Tog‘ tarafdan favqulodda shamol turdi. Shamol mo‘rt daraxtlar bargini duv to‘kdi.
Shamol tol
shoxchalarni qirs-qirs sindirdi.
Dona-dona yomg‘ir tomchiladi.
Dalalarim cho‘tir-cho‘tir bo‘ldi. Kiyimlarim nuqta-nuqta bo‘ldi.
Bulut sharr-sharr yog‘di.
Dalalarim changib-changib qoldi. Dalalarimdan yoppa baraka chang o‘rladi.
Havodan yer hidi keldi.
Bulut endi jala yog‘di.
Qiyalab-qiyalab jala yog‘di. No‘xatday-no‘xatday jala yog‘di. Muzday-muzday jala yog‘di.
Endigina nish urmish g‘o‘zani nimasi bo‘ladi? Birovgina yolg‘iz bargi bo‘ladi!
Jala ana shu yolg‘iz bargni urib ketdi.
Norasida g‘o‘zani nimasi bo‘ladi? Ignaday tanasi bo‘ladi!
Jala ana shu igna tanani urib ketdi.
Norasida bolani o‘zidan oldin qulog‘i ko‘rinadi. Shu norasidani quloq-chakkasiga
tarsillatib urib
bo‘ladimi? Ko‘kragida Imoni bor odam norasidani uradimi?
Norasida g‘o‘za-da misoli norasida — o‘zidan oldin quloq-bargi ko‘rinadi.
Havo nima uchun ayaa shu norasida g‘o‘zalarimni yertepkilaydi?
Havo nima uchun ana shu
norasidalarimni yerpoymollaydi?
Shunday vaqtda yaratganni o‘ziga-da ha, demayman.
O‘ynab qo‘yay, notanti-notanti qiliqlaringdan o‘ynab qo‘yay, deyman.
25
Dalalarim selgidi,
Ballonoyoq traktor selgi dalani qotirib-qotirib tashlaydi.
Zanjiroyoq traktor selgi dalani qotirmaydi. Zanjiroyoq traktor zanjirini tushab-to‘shab yuradi-da.
Men zanjiroyoq traktorga ketma-ket uchta «Zig-zag» sixmola uladim.
Dalalarimga «Zigzag» sixmola soldim. Dalalarimni enlatib-enlatib sixmola soldim. Dalalarimni
bo‘ylatib-bo‘ylatib sixmola soldim.
Sixmola kesaklarni maydaladi. Sixmola g‘adir-budurlarni tekisladi.
Dalalarim tobga keldi.
Dalalarimga sudrama arava soldim.
Olti g‘o‘lalik sudrama arava ezilmayman degich kesaklarni-da ezdi. Barmoqday-barmoqday o‘nta
tishlik sudrama arava ketmayman degich qatqaloqlarni-da ketkazdi. Bir qulochlik yo‘g‘on-yo‘g‘on
sudrama arava dalalar betini ravon-ravonladi.
Dalalarim qiyomga keldi.
Sixmola tegmay qolmish chet-chetlarni ketmon bilan havorladim.
Sudrama arava tegmay qolmish burchak-burchaklarni xaskash bilan ravonladim.
Dalalarim quyruqday-quyruqday bo‘ldi.
Ikkinchi bor chigit ekdim.
Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: