Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
www.ziyouz.com
kutubxonasi
65
Ro‘molini boshiga ila-ila tashqariladi.
Men xiyoldan keyin turdim. Ro‘yi hushim bo‘lmadi. Tandir chetida cho‘nqayib o‘tirdim.
Ko‘zlarimni uqaladim. Kerishib esnadim.
Onamiz tom ketilab obtova ko‘tarib o‘tdi.
Ayolimiz qo‘lyuvgichda yuz-qo‘l yuvgan bo‘ldi. Naridan-beri artingan bo‘ldi.
Buzog‘ini yetaklab kelib molini emizdi. No‘xta tortib-no‘xta tortib emizdi.
Buzoqni tag‘in qoziq qantardi.
Oshxonadan kadi
olib keldi, sigir ostida cho‘nqaydi. Tizzalari orasiga kadi oldi.
Ayolimiz sigir sog‘di.
Sigir ayolimizni dumi bilan urib-urib turdi.
Tag‘in buzoqni qo‘yberdi. Buzoq onasi yeliniga yopishdi.
Ayolimiz oshxonada dokadan sut o‘tkazdi. O‘choqqa sut osdi.
Bir quchoq yo‘ng‘ichqa o‘rib kelib molga tashladi.
Ityaloqqa yovg‘on sarqit soldi.
Tovuqlarga don sochdi.
Qozonda ko‘pirib toshmish sutni lo‘killab borib oldi.
Mol ostini qaradi.
Eshik-oraga suv sepdi. Supurib-sidirdi.
Ichkarida birin-ketin bolalar chiqib keldi: Birovi yuz-qo‘lini yuvdi, birovi yuz-qo‘lini yuvmadi.
Ayolimiz yuz-qo‘l yuvmagichlarni qo‘lyuvgich ostiga yetaklab bordi.
Bolalar suvdan seskandi. Bolalar suvdan bet burdi. Bolalar voy-voyladi.
Ayolimiz quloq solmadi. Barini yuz-qo‘lini yuvdi. Ishton kiymagichlariga ishton kiygizdi.
Tashqi so‘riga gilam to‘shadi. Ko‘rpacha soldi. Dasturxon yoydi. Choy damladi.
Ichkaridan shiptirdan-shiptir ko‘rpachalar olib keldi. Simga yoyib-yoyib osdi.
O‘choqdan kul olib keldi. Shiptirlarga hovuchlab-hovuchlab sepdi.
Chaqalog‘imiz tuvagini to‘kib keldi.
Maktab borgich boshalarini kiyintirdi. Qo‘liga kitob-daftar berdi. Yelkasiga sumka osdi.
Qizlari sochiga qizish taoma taqdi.
O‘g‘illari oyoq liboslarini kiydirdi. Paydarpay-paydarpay kiymishlarini o‘ng-o‘ng kiydirdi. Iplarini
boyladi.
Barini ko‘chalatib haydab bordi. Barini maktab haydab soldi.
Qodir o‘g‘lini dastyorlikka olib qoldi.
Onamiz munkillab-munkillab so‘ri keldi.
Men choyimni ichib bo‘ldim. Kaftlarimni yuzimga surta-surta so‘ridan tushdim.
Ayolimiz qatiq uyutdi: sutga bir qoshiq tomizg‘i qatiq soldi. Kadini janda chopon o‘rab-o‘rab
qo‘ydi.
Molni bo‘shatdi. Qodir o‘g‘li oldiga solib berdi.
— Podaga qo‘sh-da, shundan shuyoqqa maktabga jo‘na! — dedi.
So‘ri tevarak-girdini aylandi. Bolalar tashlamish ushoqlarni terib-terib oldi.
— Ena, nevaralaringiz o‘qishdan kelsa, ko‘z ayirmang, tag‘in ko‘chaga
chiqib ketmasin, — dedi.
— Ha, er-xotin yetimlaringni topdilaring! — to‘ng‘illadi onamiz.
— Unday demang, ena, unday demang, bari o‘zingizni bolalaringiz.
— Bola, bola! Umrim bola boqib o‘tdi!
Otasini boqqanim kamday, endi bolasiniyam boqaman!
— Bolamni to‘ygunimcha boqaman, nevaramni o‘lgunimcha boqaman, deganlari shu-da, ena, —
dedi ayolimiz. — Ko‘kragimdagini tashlab ketmaganimga shukur qiling.
— Ha, endi ko‘kragingdaginiyam tashlab ket, ha! Bir kamim nevara emizish qolib edi! Oyog‘imni
uzatib, emin-erkin o‘lganiyam qo‘ymanglar!
—
Hali erta, ena...