KIRISH
Mavzuning dolzarbligi va zarurati. Jahonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga muvofiq, shaxsning atrofidagi dinamik xarakterga ega bo‘lgan muhitga moslashuviga hamda shaxsiy rivojlanishini ta’minlovchi sub’ektiv xarakterga ega bo‘lgan faoliyatiga, tashabbuskorlik, mustaqillik, intizomlilik va javobgarlik kabi xususiyatlariga alohida talablar qo‘ymoqda. Xorij ta’lim tizimidagi zamonaviy tendensiyalar shaxs mustaqilligi asosida irodaviy sifatlar, javobgarlik hissi va mas’uliyatlilikni juda erta yosh davridan shakllantirishni nazarda tutmoqda. Jumladan, Finlyandiya, Janubiy Koreya, Yaponiya ta’lim tizimida kichik maktab yoshi davridanoq bolalar hayotiy vaziyatlarda mustaqil qaror qabul qilish, kelajagi uchun mas’uliyatga o‘rgatib borish muhim ahamiyat kasb etadi.
Dunyoda bolalarda mas’uliyatlilikni rivojlantirish muammosini aniqlash hamda shaxs ma’suliyatini shakllantirishni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Bu borada, jumladan, shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim strategiyasi talablari va kompetensiyaviy yondashuv asosida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini faoliyatlar integratsiyasi jarayonida mas’uliyatlilikni shakllantirishning samarali shakllari va usullarini joriy etish, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining innovatsion faoliyati ko‘lami darajasini kengaytirish, ularning kasbiy kompetentliligini rivojlantirish masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda.
Respublikamizda erta bolalik yoshidan boshlab, atrofdagilarga, jamiyatga, tabiatga va o‘z faoliyatiga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish va shu asosda yosh avlod ma’naviyatini boyitishga so‘nggi yillarda alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. “Yosh avlodning o‘qishga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish, kitobxonlarni ma’naviy va moddiy rag‘batlantirish, faol kitobxonlar safini kengaytirishni nazarda tutadi”1. Ushbu vazifalardan kelib chiqgan holda respublikamizda 6-7 yoshli bolalarni majburiy maktabga tayyorlov jarayoniga qamrab olish, erta bolalik davridan kitobxonlik ko‘nikmalarini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan tadqiqot ishlari muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-son “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”, 2019 yil 29 apreldagi PF-5712-son “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonlari, 2018 yil 30 sentyabrdagi PQ-3955-son “Maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, 2019 yil 30 sentyabrdagi PQ-4467-son “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 apreldagi VMQ-187-son “Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartini tasdiqlash to‘g‘risida”, 2018 yil 8 dekabrdagi VMQ-999-son “Bolalarni boshlang‘ich ta’limga majburiy bir yillik tayyorlashga bosqichma-bosqich o‘tish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, 2020 yil 14 dekabrdagi “2020-2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida” VMQ-781-son qarorlari, shuningdek, mazkur sohaga tegishli boshqa me’yoriy- huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda mazkur dissertatsiya tadqiqoti muayyan darajada xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |