Baliqchilar (Lari) kenja turkumi. Bu kenja turkum vakillari suv qushlari bo`lib, yaxshi suzadi va yaxshi uchadi. Ularning tanasi cho`zinchoq, qanoti uzun, o`tkir, tumshug’i to`g’ri, baquvvat, biroz uchi qayrilgan. Oyoqlari kalta, to`rtta barmoqli, uchta oldingi barmoqlarida suzgich pardalari bor, patlari zich joylashgan va yumshoq. Kenja turkum vakillarining hajmi turlicha, kichigi chug’urchuqday, kattasi esa kichikroq g’ozday keladi. Barcha baliqchilar yaxshi uchadi, ko`p vaqtini havoda o`tkazadi. Suvda ham yaxshi suzadi, lekin suvga sho`ng’iy olmaydi. Asosan suvda oziqlanadi. Yer yuzida keng tarqalgan. Baliqchilar kenja turkumining pomorniklar (Stercorariidae), baliqchilar (Laridae) va dengiz qaldirg’ochlari (Sternidae) oilalari bor.
Pomorniklar oilasi vakillari qoramtir-qo`ng’ir tusda, o`rtacha kat-talikda, yer yuzida keng tarqalgan dengiz qushlari bo`lib, shimoliy muz okeani qirg’oqlarida yashaydi. Yerga uya quradi, juft bo`lib yashaydi. Bu qushlar yirtqich bo`lib, tumshug’ining ustki qismi ilmoqsimon qayrilgan. Ular yozda o`rdak, g’oz, baliqchi va chigirtchilarni uyasini buzib, ozig’ini tortib oladi. Pomorniklarning tirnoqlari o`tkir, qayrilgan bo`ladi. Ular mayda chumchuqsimonlarni va baliqchi qushlarni tutib oziqlanadi. Pomorniklar dengiz qirg’oqlariga yaqin yerlarga oddiy chuqurcha shaklida uya qurib, unga 2-3 ta tuxum qo`yadi.
Baliqchilar oilasiga 45-46 ta tur kirib, ular oqish rangli yoki och kulrang, yosh baliqchilar esa qora-kulrang tusda bo`ladi. Baliqchi qushlar oyoqlarining tirnoqlari biroz qayrilgan. Tumshug’i o`tkir, qayrilgan, pomorniklardan ilmoqchalari bo`lmasligi bilan farq qiladi. Bu qushlar uyasini shimolda toshlar tepaliklariga, janubda esa suvi qurib qolgan daryo va dengiz qumlariga qurib, 2-3 ta tuxum qo`yadi.
Baliqchilar jo`ja bolali bilan jish bolali qushlarning oraliq formasi hisoblanadi. Ular turli xil oziqlarni, ya`ni baliqlar, qisqichbaqalar, hasharotlar va chuvalchanglarni suvdan tutib oziqlanadi. Yirik vakillari mayda kemiruvchilar, qushlar bilan hatto o`lgan baliqlar bilan ham oziqlanadi va baliqchilik xo`jaliklarida sanitarlar hisoblanadi. Ayrim hududlarda zararkunanda hasharotlarni ko`plab qirib foyda keltiradi. Ichki suvliklarda daryo baliqchisi (Larus ridibudus) va ancha yirik kulrang baliqchi (L. canus), shimolda esa kumushrang baliqchi (Larus argentatus) ko`p uchraydi. O`zbekistonda baliqchilar oilasiga kiruvchi 9 ta tur qushlar uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |