Balchiqchilar (Charadrii) kenja turkumi vakillari mayda va o`rtacha kattalikdagi qushlar bo`lib, oyog’idagi barmoqlari orasida suzgich pardalari bor. Tumshug’i uzun, ingichka va to`g’ri, oyoqlari uzun, kulrang tusda. Botqoqlik va suv qirg’oqlarida yashaydi. Patlari zich, xira-balchiq tusda. Jo`ja bolali. Tipik vakillariga turuxtan (Phielomachus pugnax), loyxo`rak (Gallinago gallinago), katta uzun burun balchiqchi (Numenius arquata) kiradi.
Turuxtanning erkagida bahorda boshi atrofida bir tutam pat paydo bo`ladi. Katta balchiqchining hajmi o`rdakday keladi. U ovlanadi, go`shti mazali. Balchiqchilar suv va quruqlikda yashovchi hasharotlar, chuvalchanglar va boshqa umurtqasiz hayvonlar bilan oziqlanadi. O`rmonda yakantovuq (Scolopax rusticola) ko`p ovlanadi. Yakantovuqning erkagi erta bahorda, kun botgandan keyin o`rmondagi o`tloqlar ustida uchib yuradi va qir-qir yoki chuq-chuqlab sayraydi. Oddiy qizqush (Vanellus vanellus) ham shu kenja turkumga kiradi. Bu kenja turkumga 200 dan ortiq tur kiradi, 50 ta turi MDHda uchraydi, 4 tagacha tuxum qo`yadi. Uyalarini yerga yoki daraxtga quradi. Kavkaz, Hindiston, Afrikada qishlaydi. Bu kenja turkumga kiruvchi ko`pchilik qushlar sport ovi hisoblanadi.
Chistiklar (Alcae) kenja turkumi. Chistiklar kenja turkumining vakillari chin chistiklar, dengiz to`tilari, kayralar va baliqchilarning ayrim turlari bilan birgalikda shimol va uzoq sharq dengizlarida qushlar bozori deb ataladigan katta koloniyani hosil qiladi va qoyalarda uya quradi. Ba`zi hududlarda baliqchilar bilan chistiklarning
tuxumlari yig’ib olinadi. Bu kenja turkumning bitta chistiklar (Alcidae) oilasi va 22 ta turi bor. MDHda 18 ta turi uchraydi. Chistiklar, asosan okean va dengiz qushlari, suvda yaxshi suzadi va sho`ng’iydi. O`rtacha va mayda qushlar, yiriklari o`rdakday keladi. Gavdasi cho`ziq, bo`yni qisqa, oyoqlarida barmoqlari 3 ta, qanotlari kalta, tumshug’i har xil ko`rinishda. Chistiklarning orqasi qora va qorni oq rangda bo`ladi. Ikkala jinsi ham bir xil tusda. Juda tez uchadi. Yerda beso`naqay va yomon yuradi. Suv ostida qanotlari yordamida suzadi.
Chistiklar oilasiga kayralar (Uria), tupiklar (Fratercula) yoki toporiklar (Lunda) va chistiklar (Cepphus) kiradi.
Chistiklar, asosan Tinch okeanining shimol qismida, Bering, Oxota va Yaponiya dengizlarida keng tarqalgan. Bu qushlar 1-2 tadan tuxum qo`yadi, tuxumini ikkala jinsi navbatlashib bosadi. Jish bolali. Inkubatsiya davri 24-35 kun. Chistiklar baliqlar va turli umurtqasiz hayvonlar bilan oziqlanadi.Tuxumi va go`shti uchun ko`p ovlanishi tufayli kamayib ketgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |