Uch barmoqlilar (Turnicidae) oilasiga og’irligi 30-100 g keladigan, uzunligi 12-19 sm bo`lgan bedanaga o`xshash turnalarning 15 ta turi kiradi. MDHda Primorye o`lkasining quruq yerlarida dog’li uchbarmoqli turna (Turnix tanki) uchraydi. Uchbarmoqli turnalarning qanoti kalta, oyoqlari kuchli rivojlangan.
Haqiqiy turnalar (Gruidae) oilasiga 14 ta tur kiradi, shulardan 7 ta turi MDHda uchraydi. Ulardan eng ko`p tarqalgani ko`k turna (Grus grus) hisoblanadi (175-rasm). Ko`k turnaning bo`yi 120 sm, og’irligi 6 kg keladi.
Tundra va baland tog’lardan tashqari barcha hududlarda tarqalgan. Janubda cho`l va dashtlarda kichik turna, ya`ni go`zal turna (Anthrapoides virgo) uchraydi. U kichik bo`lib, og’irligi 2,5 kg keladi.
Kichik turna ham boshqa turnalarga o`xshash monogam. Turnalar o`z uyalarini botqoqliklarga, ko`l va daryo bo`ylariga quradi. Ular botqoqliklarda va cho`llarda keng tarqalgan. Ko`pincha 2-3 ta tuxumini yerga uya qurib qo`yadi. Tuxumni bosishda ikkala jinsi ham ishtirok etadi. Inkubatsiya davri bir oy. Hasharotlar, o`simlik ildizlari, kemiruvchilar, reptiliyalar va amfibiyalar bilan oziqlanadi. Yoz oxirida g’alla dalalariga uchib kelib g’allachilikka zarar yetkazishi mumkin. Sibirning shimolida oq turna yoki sterx (Grus leucogieranus) yashaydi. Turnalar uchib o`tuvchi qushlar hisoblanadi. Ular Janubiy Osiyoda va Afrikada qishlaydi. Jo`ja bolali qushlar. O`zbekistonda kulrang turna, kichik turna yoki go`zal turna va oq turna uchib o`tish davrida uchraydi. Kulrang turna janubiy viloyatlarda qishlab ham qoladi. Turnalar kam uchraganligi uchun ko`pchilik turlari «Qizil kitob»ga kiritilgan, shu jumladan, oq turna O`zbekiston Respublikasi «Qizil kitob»iga kiritilgan.
175-rasm. Turnasimonlar: 1- ko`k turna, 2- daur turnasi, 3- oq turna (sterx), 4- yapon turnasi,
5- go`zal turna, 6- qora turna.
Tuvaloqlar (Otididae) oilasi ham turnasimonlar turkumiga kiradi. Tuvaloqlar uch barmoqli yirik va o`rtacha kattalikdagi qushlar bo`lib, yaxshi yuguradi. Ularning og’irligi 1 kg dan 16 kg gacha yetadi. Tuvaloqlar oilasiga 24 ta tur kiradi. Tashqi ko`rinishidan tovuqlarga o`xshaydi. Ular Sharqiy yarimsharning cho`l va sahrolarida yashaydi. Dumi nisbatan kalta, quruq iqlimli hududlarda yashaganligi uchun dum bezi yo`q. Bo`yni o`rtacha uzunlikda, oyog’i baquvvat, uch barmoqli, tumshug’i kalta. Erkagida halqumiga ulangan va rezonator vazifasini bajaruvchi teri xaltasi bor. Tipik vakillariga dudak yoki tuvaloq (Otis tarda), bizg’aldoq (Tetrax tetrax) va yo`rg’a tuvaloq (Chlamydotis undulata) kiradi (176-rasm).
Dudak yoki tuvaloqning og’irligi 16 kg gacha boradi, uyasini cho`llarda har xil o`simliklar orasiga, ba`zan boshoqli don ekinlari ekilgan dalalar va yerga quradi. Bahorda juft hosil qilib yashaydi, lekin tuxumini faqat urg’ochisi bosadi. O`zbekiston tekisliklarida yo`rg’a tuvaloq uchraydi. Uning og’irligi 2,5 kg. Bahorda (martda) va kuzda (sentyabrning ikkinchi o`n kunligida va oktyabr oyining boshlarida) uchib o`tadi. Yo`rg’a tuvaloq yangi novdalar, yovvoyi piyoz, sarimsoq, qo`ng’iz, chigirtka va kaltakesaklar bilan oziqlanadi.
U yasida 2-6 ta tuxum bo`ladi, inkubatsiya davri 30 kun. Qishda janubga – Kavkaz, Hindiston va Afrikaga uchib ketadi. Jo`ja bolali. O`zbekiston faunasida 3 ta tur tuvaloq ham uchraydi. Qo`riq yerlarni o`zlashtirilishi va tartibsiz ovlanishi natijasida tuvaloqlarni soni kamayib bormoqda, shuning uchun ular Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro ittifoqi va O`zbekiston Respublikasi «Qizil kitob»lariga kiritilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |