Dengiz qaldirg’ochlari yoki chigirtchilar (Sternidae) oilasi vakillari mayda qushlar bo`lib, ularning tumshug’i qayrilmagan, qanotlari uzun va ingichka, dum patlari ikkiga ayrilgan, ya`ni qaldirg’och dumini eslatadi. Koloniya bo`lib uya quruvchi qushlardan hisoblanadi. MDHda 10ga yaqin turlari, shu jumladan, O`zbekistonda 7 ta turi uchraydi.
Tipik vakillariga daryo chigirtchisi (Sterna hirundo), qora chigirtchi (Chlidonias niger), oq qanotli chigirtchi (Chlidonias leucoptenis), baliqchitumshuq chigirtchi (Gelochelidon nilotica), kichik chigirtchi (Sterna albifrons) va boshqalar kiradi.
Kaptarsimonlar (Columbiformes) turkumi. Kaptarsimonlar turkumi bir-biridan keskin farq qiladigan 2 ta kenja turkumga bo`linadi: kaptarlar (Columbae) va bulduruqlar (Pterocletes). Kaptarsimonlar turkumiga 311 ta tur kiradi.
Kaptarlar (Columbae) kenja turkumiga kiruvchi qushlar tirik chiligini kunduzi o`tkazadi, tumshug’i kalta va ustki tumshug’i asosida yumshoq, teri-burmali voskovitsasi bor. Burun teshigi terili qopqoq bilan bekilgan. Qanoti yaxshi rivojlangan, tez uchadi. Yerda oziqlanganligi sababli yaxshi yuguradi. Dum usti bezi yaxshi rivojlanmagan yoki yo`q. Jig’ildoni yaxshi rivojlangan va ko`payish jarayonida jig’ildoni «qush suti» degan suyuqlik ishlab chiqaradi va bu suyuqlik bilan kaptar jo`jalarini boqadi. Monogam, urg’ochilari, asosan 2 ta, ayrim turlari 3-4 ta tuxum qo`yadi. Tuxumlarini urg’ochisi va erkagi 14-30 kun navbatlashib bosadi. Bir yilda 2 marta, ayrim turlari 4-5 martagacha tuxum qo`yadi. 292 ta turi bor, MDHda 12 ta turi , shu jumladan, O`zbekistonda 9 ta turi uchraydi.
Kaptarlar kenja turkumi 2 ta, ya`ni drontlar va kaptarlar oilalariga bo`linadi. Yer yuzining qutb mamlakatlaridan tashqari hamma mintaqalarda tarqalgan. Asosan o`rmon va tog’larda yashaydi. Kaptarlarning ko`plab turlari Malay arxipelagida va Avstraliya zoogeografik viloyatlarida tarqalgan. Kaptarlar (Columbedae) oilasining tipik vakillari ko`k kaptar (Columba livia), gov kaptar (C. palumbus), klintux (C. oenas), qora kaptar (C.eversmfnni), qoya kaptari (C. rupestris), g’urrak (Streptopelia turtur), tog’ g’urragi (S. orientalis), kichik musicha (S. senegalensus), halqali musicha yoki qumri (S. decaocto) va boshqalar kiradi.
Ular tog’, qishloq va shaharlarda keng tarqalgan. Kaptarning go`shti mazali va sifatli bo`lgani uchun ko`p ovlanadi. Kaptarlar jish bolali qushlar hisoblanadi.
Barcha kaptar zotlari yovvoyi ko`k kaptardan kelib chiqqan. Xonaki kaptarlarning 200 ga yaqin zoti mavjud. Qora kaptar O`zbekiston Respublikasi «Qizil kitob»iga kiritilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |