B
97- rasm. A. Baqaning arterial sistemasi sxemasi: 1-yurak qorinchasi; 2-o`ng yurak bo`lmasi;
3-chap yurak bo`lmasi; 4-arterial konus; 5-umumiy uyqu arteriyasi; 6-aorta yoylari sistemasi;
7-o`mrov osti arteriyasi; 8-orqa aorta; 9-umumiy yonbosh arteriyasi; 10-son arteriyasi; 11-quymich arteriyasi; 12-ichak-tutqich arteriyasi; 13-o`pka arteriyasi; 14-teri arteriyasi; 15-uyqu «bezi»;
16-tashqi uyqu arteriyasi; 17-ichki uyqu arteriyasi (vena qonli arteriya qon tomiri qora rangga bo`yalgan, arterial va aralash qonli arteriya qon tomirlari chiziqchalar (shtrixlar) bilan ko`rsatilgan). B. Baqaning venoz sistemasi sxemasi: 1-venoz sinusi; 2-tashqi bo`yinturuq vena;
3-ichki bo`yinturuq vena; 4-terining katta venasi; 5-o`mrov osti vena; 6-oldingi kovak vena;
7-keyingi kovak vena; 8-son venasi; 9-quymich venasi; 10-yonbosh venasi; 11-buyrak qopqa venasi; 12-ichak osti venasi; 13-jigar qopqa venasi; 14-jigar venasi; 15-qorin venasi; 16-o`pka venasi; 17-buyraklar (venoz qon qora rangda, arterial qon chiziqlar va aralash qon nuqtalar bilan ko`rsatilgan).
O`pkalarda oksidlangan qon o`pka venasi orqali chap yurak bo`lmasiga tushadi. O`pka bilan nafas olganda o`ng yurak bo`lmasida aralash qon yig’iladi. Chap yurak bo`lmasi esa arterial qon bilan to`ladi. Yurak bo`lmalarining bir vaqtda qisqarishi natijasida qon qorinchaga o`tadi. Qorinchada uning ichki devorlaridagi o`siqlar qon aralashuviga to`sqinlik qiladi.
Yurak qorinchasining o`ng qismida vena qoni, chap qismida esa arterial qon ko`proq bo`ladi. Arterial konus yurak qorinchasining o`ng qismidan chiqadi. Shuning uchun yurak qorinchasi qisqarganda arterial konusga dastlab vena qoni kiradi va o`pka - teri arteriyasini to`ldiradi. Yurak qorinchasining qisqarishi davom etganda arterial konusda bosim biroz oshadi, yurak qorinchasining markaziy qismidan aralash qon aorta yoylariga chiqadi. Yurak qorinchasi to`liq qisqarganda arterial konusga yurak qorinchasining chap qismidan, asosan arterial qon o`tadi. Bu uyqu arteriyasiga ochiladi. Qonning umumiy miqdori gavda massasining 1,2-7,2% ini tashkil etadi, qondagi gemoglobin ham 1 kg massaga 4,8 g gacha o`zgarib turadi. 1 mm3 qonda 20 mingdan 730 ming donagacha eritrotsitlar bo`ladi.
Amfibiyalarda yurak urishi (puls) hali past bo`ladi. Masalan: massasi 50 g bo`lgan o`t baqasida pul`s minutiga 40-50 ga teng. Taqqoslash uchun shu massadagi qushda u 500 ga teng ekanligini ko`rsatish mumkin. Amfibiyalarda arterial qon bosimi ham past. Dumsiz amfibiyalarda bu ko`rsatkich 30/20 ga teng. Taqqoslash uchun sog’lom odamlarda bu ko`rsatkich 120/80 bo`ladi.
Shunday qilib, chap yurak bo`lmasiga arteriya qoni, o`ng yurak bo`lmasiga vena qoni va teridan arteriya qoni keladi. Arteriya va vena qoni yurak qorinchasida aralashib ketadi. Amfibiyalarning boshidan boshqa barcha organlari aralash qon bilan ta`minlanadi. Ularda ikkita qon aylanish doirasi hosil bo`lsada, bitta yurak qorinchasi bo`lganligi tufayli bu doiralar to`liq ajralmagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |