3-Model.
Ushbu model ayollar uchun maxsus tantanalarda kiyishga mo’ljallangan. Ko’ylak bichimi simmetrik ko’rinishda bo’lib, to’g’ri bichimli, belgacha nim yopishgan, etak qismi keng, uzunligi to’piqqacha, yengsiz. Yaxlit to’g’ri to’rtburchak shaklidagi matoni taxlamalarga yig’ish orqali ko’ylakning lif qismi shakli hosil qilingan. Old va ort bo’yin o’yindisi chuqur emas, yelka tomonga kengaytirilgan. Old va ort qismlarda belgacha markazdan ikki yonga qarab ustma-ust yotqizib taxlangan 2 sm li taxlamalar bo’lib, ularning kengligi belga tomon biroz toraytirib taxlangani hisobiga bel qismida nim yopishgan ko’rinish hosil qiladi va libosga joziba bag’ishlaydi. Ko’ylakning old va ort bo’laklari yon qismidagi oxirgi taxlamalar o’zaro bir-biriga biriktirib tikilgan. Barcha taxlamalar bel qismida bo’ylamasiga 5 sm li bahyaqator bilan mustahkamlangan. Ko’ylak lifining ort qismida diametri 19 sm bo’lgan doira shaklidagi mato bo’lagi bostirib tikilgan. Ko’ylak ichki qismiga astar bilan ishlov berilgan. Ko’ylak va astar etak qirqimi 0,2 sm kenglikdagi qaytarma chokda tikilgan.
Ko’ylak ustidan aylana shakldagi metall bo’lakchalarni bir-biriga ulab yig’ish orqali yasalgan qo’shimcha ustki aksessuar qilingan bo’lib, u ko’ylak bilan bir butunlikni hosil qiladi. U modelning bo’yin sohasida joylashadi va orqada tasmali mato bo’lagi yordamida biriktiriladi. Metall bo’lakchalaridan yig’ilgan detal uchidagi har bir aylanaga asosiy matodan 7 sm li kenglikdagi, uzunligi ko’ylak etagigacha yetadigan tasmalar bog’lab chiqilgan.
4-Model.
Ushbu model ayollar uchun maxsus tantanalarga kiyishga mo’ljallangan. Ko’ylak bichimi simmetrik ko’rinishda bo’lib, qirqmabel, belgacha nim yopishib turadi, uzunligi to’piqqacha, uzun ochiq yengli. Old bo’lak bo’yin o’mizi dumaloq shaklda, chuqur emas. Old bo’lak lif qismida 6 tadan, ort bo’lak lif qismida esa 5 tadan markazdan ikki yonga qaratib yotqizilgan ketma-ket taxlamalar mavjud. Taxlamalar kengligi 1,9 sm, taxlamalarning orasidagi masofa esa 1,4 sm. Shu sababli ketma-ket taxlangan taxlamalar bir-birining ustiga tushib turadi. Old bo’lak ko’krak vitochkasi yelka chizig’idan tushirilgan bo’lib, u hosil qilgan chok oxirgi taxlama hisobiga yopilib turadi. Old bo’lak lif qismining ko’krak sohasida diametri 19 sm bo’lgan doira shaklidagi mato bo’lagi bostirib tikilgan. Etak qismi keng va burmaga yig’ilgan holda lifga ulangan. Ort bo’lak lif qismi yaxlit bichimli. Ko’ylak ichki qismiga astar bilan ishlov berilgan.
Ko’ylak yengi plisse qilingan va burmaga yig’ilgan holda qo’ltiq o’yindisining faqat yuqori qismigagina biriktirilgan. Yengning kengligi ham shunga mos ravishda bichilgan. Yeng juda uzun bo’lib, uchi qaytarilgan holda beldagi metall bo’lakchalardan yig’ilgan kamarga bog’lab biriktirilgan. Kamar orqada maxsus tasma yordamida mahkamlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |