Batik texnikasida mozaika uslubi qo’llanilgan liboslar kolleksiyasini yaratish uchun ijodiy manbani tanlash va uni asoslash
Batik – rezerv tarkibli bo’yoq yordamida matoga qo’lda rasm solish texnikasi. 2009-yil 2-oktabrda batik insoniyatning ijodiy va ma’naviy merosi durdonasi sisatida YUNESKO ro’yxatiga kiritilgan [29].
Indoneziyaliklar tilidan tarjima qilinganda “batik” so’zi “mum tomchisi” degan ma’noni anglatadi. “Membatik” – chizish, tomchilar bilan qoplash, shtrixlash degani. Batik texnikasi birgina yuz yillikdan iborat emas, u juda qadimgi badiiy hunar bo’lib, o’z tarixida doimiy murakkablashib, mukammallashib borgan. Turli mamlakatlarda batik yoki matoga rasm solish texnikasi o’ziga xos tarzda shakllangan bo’lsa-da, unda hamisha suv va mumdan foydalanilgan.
“Batik” tushunchasi birinchi bo’lib XVII asrdagi Gollandcha matnlarda uchraydi. Yavaliklar batikni chizish va yozuv ma’nolarini beruvchi “ambatik” so’zi bilan atashgan. Shuning uchun batikning vatani Indoneziya hisoblanadi. Garchi Hindistondan topilgan tasvirlarda batik texnikasida tushirilgan naqshlarni eslatuvchi liboslar uchrasa-da, bunday matolarning qadimgi namunalari topilmagan. Eng qadimgi namunalar Misrdan topilgan va ular V asrga tegishli deb hisoblanadi [32].
VI asrda Malayziyada daraxt po’stlog’idan material tayyorlashgani ma’lum. Unga yovvoyi arilardan yig’ilgan mumni surishgan, bo’yoq sifatida esa qizil tosh (oxra) va qurumdan tayyorlangan ranglardan foydalanilgan (8-rasm).
Mato uchun ishlatiladigan bo’yoqlar haqidagi dastlabki fikrlarni taxminan 2500 yil oldingi Xitoy matnlaridan topish mumkin.
Xitoyda Suy sulolasi davrida (710-794) batik texnikasidan foydalanilganligi haqida aniq faktlar mavjud. Har qanday holatda ham tarix bu san’at turini Xitoy bilan qattiq bog’laydi, chunki u ipak bilan birgalikda aynan Xitoy orqali butun dunyoga yoyilgan. Nafis, yengil ipak matosining bahosi o’sha davrda oltinga teng bo’lgan va u Xitoydan Yaponiyaga, Markaziy Osiyoga, bu yerlardan esa Yaqin Sharq va hindistonga eksport qilingan. Aynan shu sababli ham bu savdo yo’li “Buyuk Ipak yo’li” nomini olgan.
VIII asrda batik Yaponiyada juda keng tarqalgan. Mum yordamida mato bo’yash texnikasini Yaponiyada boshqa bo’yash texnikalari – masalan, murakkab naqshlar yaratish mumkin bo’lgan tugunli texnika bilan juda ko’p qo’llashgan. XIX asr boshlarida Miyazaki Yuzen trafaretlar va himoyaviy tarkibli bo’yash usulidan foydalangan holda o’z shaxsiy uslubini yaratgan.
Batik Yava orollarida juda katta mashhurlikka erishadi. U yerda ustalar bu ishda misli ko’rilmagan darajadagi yutuqlarga erishishadi. Dastlab batik texnikasida naqsh tushirilgan matolardan qilingan liboslarni faqat aristokratlar kiyishgan. Ular bo’sh vaqtlarida matoga rasm solish bilan shug’ullanishgan. Asta-sekin bu nozik va juda mashaqqatli ishga xizmatkorlar ham jalb etilgan.
Islom odamlar va hayvonlar tasvirlarini ishlashni ta’qiqlaydi, shuning uchun ham u Yava orollariga tarqalgandan so’ng matolardagi tasvirlar birmuncha stilizatsiyalangan ko’rinish olib, bo’yoqlar orasida esa musulmonlar uchun tabarruk hisoblangan yashil rang ustunlik qila boshlagan.
Ayni vaqtda gollandiyalik savdogarlar yevropacha motivlarni afzal ko’rishardi – ularni guldastalar, kapalaklar va qushlar tasvirlari o’ziga jalb etgan. 1835-yilda golland shaharchasi Leydenda batik ishlab chiqarish bo’yicha birinchi fabrika ochiladi. Uning ortidan birin-ketin shunday korxonalar Rotterdam, Apeldorn, Xelmund va Xarlemlarda paydo bo’ladi. Kam xarajat qilib ko’p daromad olish maqsadida murakkab yavancha naqshlarni tushirish uchun yangi texnologiya ishlab chiqiladi. Bu vaqtda mumni bosma shtamplar yordamida surtish joriy etilib, bu usul mehnatni sezilarli darajada arzonlashtirgan va juda murakkab naqshlarni tushirishga imkon yaratgan. Rapportli matolar uchun shtamplar birin-ketin siljitib borilgan.
1920-yillarda jahondagi shiddatli iqtisodiy inqiroz paytida batik sanoat ishlab chiqarishidan yana yakka tartibdagi hunar bo’lib qoladi. Gollandiyada batik maktablari ochiladi va batik amaliy san’at turiga aylanadi.
Batik texnikasida yaratilgan jumboqli va stilizatsiyalangan buyumlar paydo bo’lishida modern uslubi va madam Pangon, Kris Lebo hamda Charlz Renni Makintosh kabi rassomlarning ta’siri juda kata [35].