Issiq batik. Issiq batik matoga rasm solishning eng qadimiy usullaridan biridir. Issiq usul deb atalishiga sabab, bo’yash uchun ishlatiladigan rezerv vositalari matoga faqat issiq holatda qo'llaniladi. Rezerv vositalari sifatida parafin, sham, stearin yoki ularning aralashmasi ishlatiladi. U matoga cho'tka yoki maxsus mis chizg’ich yordamida suriladi (11-rasm).
Issiq batikda quyidagi asosiy ish usullari ajratib ko'rsatilgan:
1. oddiy batik (bir qoplamali).
2. murakkab batik (ikki yoki ko'p qoplamali).
3. dog’lar bilan ishlash [37].
Tugunli batik. Tugunli batik mato bezashning eng qadimgi usullaridan biri desak mubolag’a bo’lmaydi. Bu san'at ming yillik an'analarga ega.
Ma’lum naqsh sxemasi bo’yicha rangsiz polotno ip bilan qattiq mahkamlangan holda kichik tugunchalarga tugiladi. So’ng mato bo’yaladi va iplar olib tashlanadi. Natijada ajoyib va qaytarilmas naqsh hosil bo’ladi. Xuddi shunday usul bilan eski tugunlarni yechib va yangilarini hosil qilib matoni bir necha marotaba bo'yash mumkin (13-rasm).
Ko'plab mamlakatlar bu texnikada matolarni bo'yashning maxsus usuliga ega. Misol uchun, Hindistonda tugunli batik "bandana" deb ataladi. Ular texnologiyaga qo'shimcha effekt o’ylab topishgan. Hind hunarmandlari jimjilog’ining uzun o’tkir tirnog’i yordamida matoni minglab mayda tugunlarga bog'lashni o’rganib olishgan, va shu orqali murakkab ko’p rangli ornamentlar yaratishga erishishgan. Matoni bo’yab quritgandan so'ng uni tekislashmaydi. Shu tariqa, mato o’zining g’ijimlanganlik ko’rinishini saqlab qoladi [32].
Sibori. "Sibori" so'zi yapon tilidan olingan bo'lib, "ochish", "aylantirish", "presslash" degan ma'noni anglatadi. Ushbu uslub Yaponiyada, ya’ni origami vatanida paydo bo'lganligi ajablanarli emas. Bu texnikada mato taxlanadi, qattiq presslanadi va hajmdor o’ram hosil qilinadi, so’ng o’ramning yuqori qismiga mos rangda bo’yaladi. Matoning qalinligiga, bo’yalish vaqtiga, shuningdek, presslanganlik darajasiga bog’liq holda, rang matoga kirib boradi. Shuning natijasida rangning har xil tuslari hosil bo’ladi va farqli jihati, taxlamlarning asosi bo’yalmay qoladi. Naqshning ko’rinishi matoni taxlamga yig’ish turiga bog’liq [35].
Batik qo’llanilgan liboslarga kelsak, batik ko’plab kolleksiyalarda muntazam uchrab turadi. Rasm solishning bu turi juda ko’p dizaynerlar uchun haqiqiy topilmadir, chunki bu usulda yaratilgan har bir rasm nodir va tengsiz hisoblanadi. Batik texnikasi qo’llanilgan oddiy bichimdagi libos ham eksklyuziv ko’rinish oladi, unga asos sifatida ishlatilgan tabiiy tolali mato esa kiyimni yilning xohlagan mavumida kiysa bo’ladigan darajada jozibador qilib ko’rsatadi. Lekin batik asosan bahor va yoz mavsumlari uchun xosdir.
Zamonaviy dizaynerlar tomonidan batik texnikasi qo’llangan holda yaratilgan bir qancha modellarni ko’rib chiqamiz:
Bali Moda haftaligida batik asosiy rol o’ynagan – butun loyiha unga bag’ishlanib, “Tenselda batik” deb nomlangan. Bu loyiha ustida Marilena Vlataki, Batik Krt.Daud, Oliver Tolentino kabi Indoneziya va boshqa chet ellik mashhur dizaynerlar va rassomlar ishlashgan. Loyiha mualliflari o’z maqsadlariga yetishdi – ya’ni ular an’anaviy Indoneziya matoga gul solish san’atini jahon bozoriga olib chiqishdi (14-rasm).
Faqat indoneziyalik emas, yevropalik dizaynerlar ham batikning katta imkoniyatlarini ko’ra olishdi. Versacening pret-a-porte kolleksiyasida ham batik texnikasidan foydalanib yaratilgan ko’plab modellarni ko’rish mumkin. Bu yerda ko’k, zarg’aldoq, pushti, sariq, yashil kabi yorqin ranglar namoyish etilgan. Mato – ipak. Modellarning ko’pi oddiy bichimda, masalan, kolleksiyadagi ko’ylaklarning ko’pchiligi futbolka-ko’ylaklarlar bo’lib, ular oddiy, lekin batik texnikasidagi rasm hisobiga noodatiy va yorqindir. Kolleksiyadagi tilla rang uzun baxroma batik bilan ajoyib uyg’unlik hosil qilgan (15-rasm).
Dizaynerlardan NYMPH DRESSES brendining asoschisi ukrainalik dizayner Lesya Kaplanning batik texnikasidagi ijodi alohida e’tiborga loyiq. NYMPH DRESSES – bu liboslar yaratish texnologiyasi bilan ajralib turuvchi brend. Bu brend tomonidan yaratilgan buyumlardagi barcha rasmlar butunlay qo’lda bajariladi. Qadimiy matoga rasm solish texnikalaridan va umuman, bu san’atning o’zidan ilhomlangan holda brend tabiiy matolarga beqiyos naqshlar tushirilgan kolleksiyalarini yaratadi (16-rasm).
Mustaqillik yillarida O’zbekiston amaliy bezak san’atida gazlamani badiiy bezashning batik usuli rivojlandi (1992-yilda tuzilgan “Batik” guruhi: L.Sayfi, I.Lisenko, O.Kaleslikova, N.Kuchina, M.Strelnikova, R.Mirahmedovalar). Guruh rassomlari ro’mol, durracha, bo’yinbog’, qiyiq ro’mollarga gul solishdan boshlab, asta-sekin turli liboslarga gul tushirishga, batik usulida muayyan mavzuga bag’ishlangan rasmlar yaratishga, charmga naqshlar bosishga o’tdilar. Jahon san’ati namunalari rassomlar uchun ilhom manbayiga aylandi. Ularning asarlarda islimiy naqshlar bilan bir qatorda hind, yapon, qadimgi Misr, Afrika san’ati mavzulari uchraydi. «Batik» guruhi va L.Sayfi liboslar to‘plamida Sharq madaniyati an’analari yaqqol namoyon bo‘ldi (anorgul, bodomgul, shakllari, an’anaviy, o‘zbek va turkman gilamdo‘zligiga xos naqshlar, zardo‘zlik san’atiga oid tasvirlar va boshqalar). «Batik» guruhidan tashqari san’atning bu turida L.Boymatova, A.Allabergenovalar ham ijod qilmoqdalar. L.Boymatova ijodining negizini manzarali, avangard yo‘nalishidagi asarlar tashkil etsa A.Allabergenova ijodida esa miniatyura, me’moriy yodgorliklar, xalq amaliy bezak san’ati mavzularidan faol foydalanishi o‘ziga xosdir.
Hozirgi kunda o’zbak dizaynerlaridan Elena Milberger ijodi ham gullab-yashnamoqda. U 12 dan ortiq kolleksiyalar muallifi hisoblanadi. U yaratgan barcha buyumlar batik texnikasi qo’llanilganligi bilan ajralib turadi va matoga tushirilgan barcha printlar mualliflik asosida yaratiladi. Elena Milbergerning mualliflik ishlari – podium modasi va Sharq an’analarining sintezi desak, mubolag’a bo’lmaydi. U yaratgan har bir model beqiyos tengsizligi bilan, noodatiy bichimi va yorqin ranglari bilan ajralib turadi. Elena Milbergerning mijozlari yorqin ko’rinishni, boshqalardan ajralib turishni xohlovchi ayollardir. Bu shubhasiz, san’at durdonasini ajrata oladigan va qo’l mehnatining qadrini tushunadigan o’zgacha didga ega shaxslar hisoblanadi. Elena Milbergerning liboslari – “maxsus tadbirlar uchun mo’ljallangan liboslar”dir. Elena Milberger “Qanot qoqayotgan nozik qushchalar” nomli kolleksiyasi bilan Italiyada o’tkazilgan Fashion Marine Fest – 2016 festivalining tanlovida “Alta moda” (Oliy moda) nominatsiyasi bo’yicha qatnashgan. Xuddi shu festivalning “pret-a-porte” nominatsiyasida ham qatnashib, faxrli 1-o’ringa loyiq deb topilgan. Dizaynerning “Qanot qoqayotgan nozik qushchalar” kolleksiyasi nafis pastel ranglari fonida yorqin aksentlar berilgan holda yaratilgan. Yengil, nozik ko’ylaklar tabiiy ipakdan qilingan. Gaz, organza, atlas, shifon, barxatlarda mualliflik rasmlari qo’lda chizilgan. Rasmlarning syujeti – qushlar va ularni o’rab turgan tabiat mavzusidir. Liboslarga qo’shimcha sifatida Elena Milbergerning mualliflik eskizlari asosida yaratilgan kumush va tilla taqinchoqlar, shuningdek, tabiiy charmdan qilingan oyoq kiyimlar qo’llanilgan (17-rasm).
Kolleksiya yaratish uchun ijod manbai sifatida mozaika texnikasi ham tanlangan. Mozaika (fr. mosaique, ital. mosaico, lotin. (opus) musivum – ilhom bilan bajarilgan san’at asari) – turli janrlardagi dekorativ-amaliy va monumental san’at turi. Bunda rasmning shakli tekislik yuzasiga kompanovka yordamida har xil rangli toshlar, keramik plitkalar va boshqa materiallarni yig’ish va mahkamlash orqali hosil qilinadi. Mozaika tarixi miloddan avvalgi IV mingyillikning 2-yarmiga – Mesopotamiyaning shumer shaharlarida saroy va ibodatxonalar qurilishi davriga borib taqaladi (18-rasm). Ishlov berilmagan shag’aldan qilingan ilk antik mozaikalar esa Korinfdan topilgan va eramizdan oldingi V asrga tegishli deb belgilangan. Bu odamlar, hayvonlar, mifologik mavjudotlar, dekorli geometrik va o’simliksimon naqshlarning konturli tasviri asosan oq-qora ko’rinishda bo’lgan. Reallikka bo’lgan ilk qadamni Pella mozaikalarida (mil. avv. IV asr oxiri) uchratish mumkin. Antik mozaikalarda rang-baranglik ellinizm davridan qo’llanila boshlangan.
Hozirgi kunda Uicholi qabilasi mozaikasiga o’xshash san’at turi rivojlanib bormoqda. U ishlatiladigan materiali bo’yicha noyob bo’lgan mozaika turi – bu texnikada mozaikani yig’ish uchun biserdan foydalaniladi (19-rasm).
Mozaika texnikasini nafaqat monumental va amaliy san’atda, balki liboslarda ham qo’llash mumkin. Buni ma’lum mozaika namunalaridan ilhomlanib yoki biror-bir tasvirni mozaika usulida geometrik shakllarga ajratib print qilish yordamida yaratish mumkin. Bunga juda ko’p misollar keltirsa bo’ladi. Masalan, Dolce & Gabbananing 2013-2014 kuz-qish mavsumi kolleksiyasining birinchi qismi butunlay Palermo shahridagi Duomo sobori mozaikalaridan ilhomlangan holda yaratilgan [36]. Liboslardagi deyarli barcha tasvirlar sobor freskalari va mozaikalaridagi avliyolar tasvirini takrorlaydi.
Mozaika uslubida yaratilgan yoki uning ko’rinishini eslatuvchi liboslarni kundalik hayotimizda ham uchratishimiz mumkin. Shuningdek, bizga qadimdan ma’lum bo’lgan quroq texnikasi ham mozaikaning bir ko’rinishidir.
Yana bir ijod manbai sifatida bo’lajak mavsum uchun trendda bo’lgan metall elementlardan hosil qilingan o’ziga xos “to’r” asos qilib olindi. Bunday elementlar hamisha dizaynerlar e’tiborini tortib kelgan va hozirgi kunda ham bunday usuldagi liboslar urfda bo’lishi belgilangan. Bu usulda yaratilgan modellar o’ziga xos va noodatiy, betakror ko’rinish oladi hamda o’zgacha didga ega, boshqalardan ajralib turishni xohlovchi ayollar uchun ayni muddaodir.
Do'stlaringiz bilan baham: |