Badiiy qism
Modellar tashqi ko’rinishi tasnifi.
1-Model.
Ushbu model ayollar uchun maxsus tantanalarda kiyishga mo’ljallangan. Ko’ylak bichimi simmetrik ko’rinishda bo’lib, to’g’ri bichimli, belgacha nim yopishgan, etak qismi keng, uzunligi to’piqqacha, yengsiz. Yaxlit to’g’ri to’rtburchak shaklidagi matoni taxlamalarga yig’ish orqali ko’ylakning lif qismi shakli hosil qilingan. Old va ort qismlarda belgacha markazdan ikki yonga qarab ustma-ust yotqizib taxlangan 2 sm li taxlamalar bo’lib, ularning kengligi belga tomon biroz toraytirib taxlangani hisobiga bel qismida nim yopishgan ko’rinish hosil qiladi va libosga joziba bag’ishlaydi. Ko’ylakning old va ort bo’laklari yon qismidagi oxirgi taxlamalar o’zaro bir-biriga biriktirib tikilgan. Barcha taxlamalar bel qismida bo’ylamasiga 5 sm li bahyaqator bilan mustahkamlangan. Ko’ylak old qismining ko’krak sohasida diametri 19 sm bo’lgan doira shaklidagi mato bo’lagi bostirib tikilgan. Ort bo’lak o’rtasi chokli bo’lib, bo’ksa chizig’igacha yashirin molniya taqilmasi biriktirib tikilgan. Ko’ylak ichki qismiga astar bilan ishlov berilgan. Ko’ylak va astar etak qirqimi 0,2 sm kenglikdagi qaytarma chokda tikilgan.
Ko’ylak ustidan aylana shakldagi metall bo’lakchalarni bir-biriga ulab yig’ish orqali yasalgan qo’shimcha ustki aksessuar qilingan bo’lib, u ko’ylak bilan bir butunlikni hosil qiladi. U modelning yelka va qisman qo’l qismida joylashgan va orqada tasmali mato bo’lagi yordamida biriktiriladi. Metall bo’lakchalaridan yig’ilgan yeng uchidagi har bir aylana bo’lakchalarga asosiy matodan 7 sm li kenglikdagi, uzunligi ko’ylak etagigacha yetadigan tasmalar bog’lab chiqilgan.
2-Model.
Ushbu model ayollar uchun maxsus tantanalarga kiyishga mo’ljallangan. Model ikki alohida qismdan iborat: maksi uzunlikdagi qirqmabel ko’ylak va uning ustidan kiyiladigan metalldan yig’ilgan ustki kiyim (nimcha).
Ko’ylak bichimi simmetrik ko’rinishda bo’lib, qirqmabel, belgacha nim yopishib turadi, uzunligi to’piqqacha, yengsiz. Old bo’lak yoqa o’mizi dumaloq shaklda, chuqur emas va yelkaga tomon kengaytirilgan. Old bo’lak lif qismida
6 tadan ort bo’lak lif qismida esa 5 tadan markazdan ikki yonga qaratib yotqizilgan ketma-ket taxlamalar mavjud. Old bo’lak ko’krak vitochkasi yelka chizig’idan tushirilgan bo’lib, u hosil qilgan chok oxirgi taxlama hisobiga yopilib turadi. Old bo’lak lif qismining ko’krak sohasida diametri 19 sm bo’lgan doira shaklidagi mato bo’lagi bostirib tikilgan. Ort bo’lak lif qismi asosi yaxlit. Etak qismi keng va burmaga yig’ilgan holda lifga ulangan. Ko’ylak ichki qismiga astar bilan ishlov berilgan. Ko’ylak va astar etak qirqimi 0,2 sm kenglikdagi qaytarma chokda tikilgan.
Ustki kiyim aylana shakldagi metall bo’lakchalarni bir-biriga o’zaro biriktirib yig’ish orqali yasalgan, to’g’ri siluetli, yengsiz nimcha ko’rinishini eslatadi. Uning uzunligi belgacha va bel qismidagi har bir oxirgi aylanalarga asosiy matodan kengligi 7 sm li, uzunligi ko’ylak uzunligigacha yetadigan tasmalar bog’lab chiqilgan. Nimcha old bo’lagi ichki ko’ylak lif qismiga bostirib tikilgan doira shakliga mos ravishda ochiq joy qoldirilib yasalgan. Old va ort bo’laklar ikki yonda mato tasmasi yordamida biriktiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |