JINOYAТ HUQUQI ТUSHUNCHASI,
VAZIFALARI, PRINSIРLARI VA ТIZIMI
1.1. Jinoyat huquqi tushunchasi, vazifalari va predmeti
Jinoyat huquqi tushunchasi ikki: qonunchilik sohasi va huquq tarmog‘i ma’nosida qo‘llaniladi. Yurisprudensiya, ya’ni yuridik fanlar tizimida ham jinoyat huquqi mustaqil huquqiy fan sifatida muhim o‘rin egallagan. Jinoyat huquqi boshqa huquq tarmoqlaridan, xususan, maxsus huquq tarmoqlaridan o‘ziga xos vazifalari, predmeti va tartibga solish metod (uslub)lari bilan farq qiladi.
Jinoyat huquqi — qilmishning jinoiyligi va bunday jinoiy qilmishlar uchun tayinlanadigan jazo choralarini belgilovchi hamda jinoyat sodir etilishi bilan yuzaga keluvchi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi yuridik normalar tizimi.
Jinoyat huquqi — huquq tizimining mustaqil huquq tarmog‘i bo‘lib, qilmishning jinoyat ekanligini, jinoiy javobgarlikning asoslari va chegaralari, jinoiy javobgarlik va jazodan ozod qiluvchi holatlarni belgilovchi Oliy davlat hokimiyati organi tomonidan o‘rnatilgan huquq normalari yig‘indisi.
Jinoyat qonunchiligi — Oliy davlat hokimiyati organi tomonidan o‘rnatilgan jinoyat, deb hisoblanadigan qilmishlar doirasi, ularni sodir etganlik uchun javobgarlik, jazo tayinlash, jazo turlari va hajmi, jinoiy javobgarlik va jazodan ozod qilish asoslari, shuningdek, jinoiy javobgarlik asoslari va prinsiрlarini belgilovchi huquq normalari majmuyidan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik tizimidagi mustaqil qonunchilik sohasi.
Mustaqil huquq tarmog‘i hisoblangan jinoyat huquqidan farqli ravishda jinoyat huquqi fani davlatning jinoyatchilikka qarshi kurash sohasidagi siyosati hamda jinoyat huquqining tarixiy taraqqiyot bosqichlari bo‘yicha qarashlar, g‘oyalar va fikrlar tizimini, shuningdek, jinoyat huquqining o‘rganish predmeti, metodlari, vazifalari, tizimi va shu kabi masalalarni o‘z ichiga qamrab oladi. Bu fan jinoyat huquqi normalarining majmuyi sifatida uning tarixini, qo‘llash amaliyotini o‘rganadi hamda bu borada turli xil ilmiy-qiyosiy tadqiqotlar olib borilishini taqozo etadi.
Bundan tashqari, jinoyat huquqi tushunchasi o‘quv intizomi sifatida qo‘llanilib, u yuridik o‘quv yurtlaridagi jinoyat huquqi bo‘yicha o‘quv materiallari va mavzu rejalarini o‘z ichiga oladi.
Jinoyat huquqi huquq tarmog‘i sifatida umummajburiylik va mustaqillik xususiyatlarini o‘zida aks ettiradi1.
Jinoyat huquqining umummajburiylik xususiyati shunda namoyon bo‘ladiki, shaxs jinoiy qilmish sodir etdimi — u javobgarlikka tortilishi kerak, jinoyat sodir etganlikda aybdor, deb topilgan shaxsni javobgarlikka tortish esa, davlat tomonidan majburlov choralari (kuchi)ni qo‘llash orqali ta’minlanadi. Jinoyat huquqining bunday xususiyatga egaligi ushbu huquq sohasi normalarining imperativligini bildiradi.
Jinoyat huquqining umummajburiylik xususiyati quyidagi ikki omil bilan belgilanadi:
birinchidan, jabrlanuvchini himoya qilish, uning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini tiklash hamda jinoiy qilmish natijasida yetkazilgan zararni qoplash;
ikkinchidan, jinoiy qilmish sodir etgan shaxsni tarbiyalash, uni jinoiy javobgarlikka tortish, jinoiy oqibatni, ya’ni jinoyat tufayli yetkazilgan zararni bartaraf etishga majburlash2.
Boshqacha qilib aytganda, jinoyat huquqining umummajburiylik xususiyati jamiyat manfaatlarini jinoiy tajovuzlardan himoya qilishning jinoyat-huquqiy mexanizmi hisoblanib, jamiyatdagi har bir shaxsning xavfsizligini ta’minlovchi shart-sharoitlarni ifodalaydi. Bunday shart-sharoitlarning yetarli darajada bo‘lishi davlatning huquqiy-tartibga solish funksiyasi bilan bog‘liq bo‘lib, jinoyat huquqining ijtimoiy-tartibga solish funksiyasini hamda mavqeyini belgilab beradi.
Jinoyat huquqining mustaqillik xususiyati uning boshqa ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi huquq sohalaridan ajratilganligini bildirmaydi, balki jinoyat huquqining mustaqilligi uning huquq sohasi sifatida davlat va jamiyat manfaatlari, xavfsizligi va normal rivojlanishiga tajovuz qiluvchi qilmishlarni jinoyat, deb topish uchun asos bo‘luvchi belgilar doirasini mustaqil o‘rnata olishida ifodalanadi.
Shu tariqa, jinoyat huquqi keng ma’noda juda murakkab, keskin salbiy ijtimoiy voqelik hisoblangan jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi me’yoriy normalar manbayi sifatida tushuniladi.
Jinoyat huquqining boshqa huquq sohalaridan mustaqil ekanligi uning quyidagi o‘ziga xos xususiyatlarga ega ekanligi bilan tavsiflanadi:
birinchidan, faqat jinoyat huquqigina qilmishning jinoiyligi va jazoga sazovorligini, jinoiy javobgarlik asosini, jazo qo‘llash hamda jinoiy javobgarlik va jazodan ozod qilishni belgilovchi huquqiy normalar uchun yagona qonuniy manba sifatida namoyon bo‘ladi;
ikkinchidan, jinoyat huquqi o‘zining tartibga solish predmetiga ega bo‘lib, ushbu huquq sohasining predmeti hisoblanuvchi ijtimoiy munosabatlar jinoiy qilmish sodir etilishi bilan vujudga keladi;
uchinchidan, jinoyat huquqi maxsus tartibga solish uslubiga ega bo‘lib, bunday uslublar va ularning harakatiga ta’sir etuvchi yuridik faktlar boshqa huquq sohalari uchun xos emas.
Har bir huquq sohasining predmeti va metodlari uning boshqa huquq sohalaridan farqlarini ko‘rsatuvchi asosiy mezon hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |