1.2.7. Javobgarlikning muqarrarligi prinsiрi
Jinoyat kodeksining 10-moddasida ushbu prinsiр belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra: «qilmishida jinoyat tarkibining mavjudligi aniqlangan har bir shaxs javobgarlikka tortilishi shart».
Javobgarlikning muqarrarligi prinsiрi:
1. Jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksida belgilangan jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilishini;
2. Jinoiy javobgarlikdan va jazodan ozod qilishda qonunda ko‘rsatilgan mavjud barcha asoslar va shartlar bo‘lgandagina yo‘l qo‘yilishini bilidiradi.
«Bu prinsiр jinoyat huquqiy xususiyatdan ko‘ra, ko‘proq jinoyat protsessual xususiyat kasb etadi», degan fikr ko‘pgina mamlakatlarning Jinoyat kodeksiga kiritilmagan.
1.3. «Jinoyat huquqi» fani va uning predmeti
Jinoyat huquqi jinoiy javobgarlikka tortish asoslari va shartlari, jinoyat va jazo tushunchalari, ularning mohiyati, jinoyat huquqining institutlari va normalari, ularning amalda qo‘llanilishi va ahamiyati, jinoyatchilikka qarshi kurash natijalarini yaxshilash maqsadida jinoyat qonunini amalda qo‘llash an’analari haqidagi g‘oyalar, fikrlar, qarashlar, konsepsiyalar va huquqiy bilimlar majmuyini ifodalovchi yuridik fandir.
«Jinoyat huquqi» fani — yuridik fanlar tizimi (yurisprudensiya)dagi mustaqil huquqiy fan bo‘lib, jinoyat huquqi, shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurash yo‘llari va vositalari haqidagi jamiyatda ayni vaqtda hukm surayotgan qarashlar, g‘oyalar va fikrlar tizimidan iborat.
«Jinoyat huquqi» fanining predmeti huquqiy hodisalar va jarayonlar bo‘lganligi uchun u yuridik fanlar tizimiga kirsa ham, bir vaqtning o‘zida ijtimoiy (gumanitar) fanlarning bir tarmog‘i ham hisoblanadi.
Aynan shuning uchun ham «Jinoyat huquqi» fani jinoyat qonunchiligining obyektiv hodisa va jarayonlar bilan bog‘liqlikda o‘rganadi, shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurashishning normativ huquqiy bazasini shakllantirish yo‘nalishida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tavsiyalar va O‘zbekiston Respublikasi Oliy davlat qonunchilik organiga takliflar (de lege ferenda)ni ishlab chiqish maqsadida huquqni muhofaza qilish va huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha impirik bilimlar va materiallarni umumlashtiradi va tahlil qiladi.
«Jinoyat huquqi» fanining predmeti jinoyat-huquqiy tartibga solish predmetidan kengroq bo‘lib, jinoyat huquqiy tartibga solish predmetini jinoyat huquqi tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar tashkil etsa, «Jinoyat huquqi» fanining predmeti — jinoyat qonuni va uning amal qilish muammolari, shuningdek, jinoyat qonuni normalarini qo‘llash amaliyoti hisoblanadi.
Shunday qilib, «Jinoyat huquqi» fanining predmeti ikki asosiy institutdan: jinoyat va jazodan iborat. Jinoyat huquqi ushbu institutlarning rivojlanishi va o‘zgarishini jinoyatchilikka qarshi kurash maqsadida ularni o‘rganadi.
«Jinoyat huquqi» fanining asosiy vazifalaridan biri — aniq ijtimoiy-siyosiy holatlardan kelib chiqib, jinoyat qonunini amalda qo‘llashning keng umumlashtirilgan asoslari bo‘yicha jinoyat qonunchining amalda qo‘llash va ularning samaradorligini oshirish hisoblanadi.
Demak, «Jinoyat huquqi» fani o‘rganadigan predmet:
a) jinoyat qonunini ilmiy sharhlash;
b) qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
d) jinoyat huquqining tarixiy taraqqiyot bosqichlarini o‘rganish;
e) milliy va xorijiy huquqiy tizimlarni ilmiy-qiyosiy tahlil qilish;
f) jinoyat huquqining ijtimoiylik xususiyatidan kelib chiqib, qilmishlarni kriminalizatsiya qilish (qilmishlarni jinoyat, deb topish) yoki dekriminalizatsiya qilish, jinoyat-huquqiy tartibga solish mexanizmi, jinoyat qonunchiligining qo‘llanishi, jinoyatchilik darajasi, tuzilishi va dinamikasi tushunchalari orqali jinoyat qonunchiligini real o‘rganish;
g) xalqaro jinoyat huquqiga oid muammolar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish.
Yuqoridagilarga asoslanib, «Jinoyat huquqi» fani zamonaviy huquqiy fan sifatida quyidagi vazifalari mavjud:
1. Ma’lum bir ijtimoiy shart-sharoitlarga ta’sir qiluvchi amaldagi jinoyat qonunlar hamda uning normalari bo‘yicha tizimli va kompleks tadqiqotlar o‘tkazish;
2. Umuman jinoyat qonunlari va ularning alohida institutlari, ularning umumlashtirilgan va alohida qo‘llanilishining tahlili borasida, shuningdek, u yoki bu ijtimoiy holatlarni kriminalizatsiya yoki dekriminalizatsiya qilish bo‘yicha prognoz berish;
3. Jinoyat qonunlarini qabul qilish, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, uning amal qilishi va qo‘llanishi bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishda davlat organlarining qatnashishini ta’minlash;
4. Xorijiy mamlakatlar jinoyat qonunlarini o‘rganish va ularning ijobiy tomonlarini O‘zbekiston Respublikasi jinoyat qonunlariga kiritish va amaliyotda sinab ko‘rish (xususan, shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish, bozor iqtisodiyoti, tinchlik va insoniyat xavfsizligi masalalari bo‘yicha qonunchilikdagi yangi normalarni qo‘llash borasida);
5. Jinoyat huquqining rivojlanish yo‘llarini ilmiy jihatdan asoslash va prognoz qilish, huquqiy-demokratik davlatning mohiyati, vazifalari va prinsiрlariga to‘liq mos keluvchi jinoyat qonunchiligi konsepsiyalarini ishlab chiqish.
Do'stlaringiz bilan baham: |