Evolyutsiyaning tupiklari to‘g‘risida
Biologik progressga olib keluvchi evolyutsion protsessning turli yo‘nalishlari turlarning avj olib rivojlanishini ta’minlaydi. Biroq populyatsiya ichida tinmay ro‘y beradigan takomillashish yoki turlarning tor doirada ixtisoslashishi yashash muhiti keskin o‘zgargan taqdirda biologik regressga, ya’ni qirilishga olib kelishi mumkin.
Evolyutsion protsessda organizmlarning qirilishiga asosiy sabab, progressiv ixtisoslashishimi yoki evolyutsion protsessning turli yo‘nalishlarini bir-biriga almashinib turishimi, degan muammo turadi.
Darvinning kelib chiqishi yaqin bo‘lgan formalar o‘rtasidagi adaptiv radiatsiyani ta’minlaydigan raqobatning kuchli bo‘lishi va tabiiy tanlanish to‘g‘risidagi tasavvurlari asosida, evolyutsion protsess ixtisoslashish ortishi bilan uzviy bog‘liq, degan fikrlar keng tarqalgan.
Ixtisoslashish bilan progressiv rivojlanishni o‘xshatish xato fikrdir. Bu xato fikr progressiv evolyutsiya haqida aniq mezon ishlab chiqilmaganligidadir. Ixtisoslashmagan formalar evolyutsiyaning kelgusida yangilanishi uchun asos bo‘ladi, deb ixtisoslashgan formalar esa evolyutsiyaning boshi berk kuchalari -tupiklari deb baholanishi lozim. Bunga oid fikrlar Kovalevskiy, Kop, Depere, Marsh, Roza kabi olimlarning asarlarida bayon etilgan. Jumladan, Deperening “filogenetik tarmoqlarning progressiv ixtisoslashish qonuni”ga ko‘ra, hayvonot olami parallel ravishda rivojlanib, yoshlik, voyaga yetish, qarish kabi bosqichlarni boshidan kechiradi va ichki zarurriyat tufayli yuqori darajada ixtisoslashib, keyin qiriladi va nasl qoldirmaydi. Paleontolog Marsh fikricha tez ixtisoslashgan organizm tez qiriladi. Shuning uchun ham ba’zi olimlarning fikricha, ayrim guruhlar hayotining qisqaligi progressiv ixtisoslashishga bog‘liqdir.
Shunga ko‘ra, yerdagi organik dunyo evolyutsiyasini so‘ngi protsess deb hisoblash kerak. Tabiatdagi har bir narsani oxiri bo‘ladi. Ammo planetamizdagi hayot mavjudligi uchun kerakli sharoit saqlanguncha uning yerdagi evolyutsiyasi davom etaveradi. Shuning uchun ham uni cheksiz desa bo‘ladi. Paleontologik ma’lumotlardan ma’lum bo‘lishicha, qisqa vaqt yashagan organizmlar o‘ta ixtisoslashgan bo‘lgan. Ammo bu narsa ular qirilib ketganligining haqiqiy sabablarini ochib bera olmaydi, bu ko‘plab faktorlarga bog‘liq bo‘ladi. Bu bir turni boshqa tur tomonidan siqib chiqarilishi hisobiga ro‘y bergan va u yashash uchun kurash natijasidir. Bu holat o‘zgargan muhit sharoitida yanada jadal sur’atlar bilan boradi. Chunki ilgari yaxshi moslashgan formalar endilikda yashash uchun kurashdagi afzalliklarini yo‘qotadi, chunki evolyutsion protsessda har xil turlarning taqdiri bir xil emas.
Ixtisoslashgan organizmlarning yashab qolishi ular yashayotgan muhitga bog‘liq. Ikki kurak tishlilar kenja turkumining va qopchiqli ayiq yoki koala evkalipt barglari bilan oziqlanadi, shuning uchun ular yashab qoladi.
Tarixiy protsessda o‘ta ixtisoslashgan organizmlar qayta ixtisoslashishi mumkin. Mayr fikricha, evolyutsion jihatdan avj olib rivojlangan deyarli barcha formalar yuksak darajada ixtisoslashgan formalardir. Infuzoriyalar evolyutsiyaning tupigidir.
Demak, evolyutsiyaning tupiklarini organizmlarning ixtisoslashishi bilan tushuntirib bo‘lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |