Evolyutsion protsessning tezligi
Evolyutsion protsessning xarakterlovchi asosiy elemantlardan biri uning tezlik darajasidir. Bu tezlik turlar rivojlanishining tezligi bilan belgilanadi. Agar tur ichida irqlarga ajralish, populyatsiya ichida ro‘y beradigan protsesslar o‘zaro farq qilsa, u holda ular evolyutsiya tezligiga ta’sir qiluvchi faktor bo‘lib xizmat qiladi. Umuman, har qanday tabiiy guruhlar evolyutsiyasining tezligi tur hosil bo‘lishiga bog‘liq, deb hisoblash mumkin. Evolyutsiya tezligi organlar filogenetik o‘zgarishi tezligiga bog‘liq. Bu masala Lukin va Voronsov ishlarida o‘z aksini topgan.
Voronsov organlarning yangilanish tezligi notekisligiga genetik nuqtai nazardan yondoshadi. Masalan, bunday yondoshish organlarning yangilanish tezligi muhit talabiga bog‘liqligini inkor etmasa ham, evolyutsion tezlikdagi farq irsiy turg‘unlik bilan izohlanadi. Organlar yangilanishidagi notekislikni faqat irsiyat bilan izohlash filogenezni ontogenez bilan tenglashtirishga olib keladi.
Organlar tuzilishi va funksiyasi tanlanishning ma’lum formasiga bog‘liq holda turg‘un yoki o‘zgaruvchan bo‘ladi.
Lukin fikricha, organlarning filogenetik o‘zgarishi notekisligiga asosiy sabab, ularning filogenezdagi ahamiyatining har xilligidir. Aslida filogenezda katta ahamiyatga ega bo‘lgan organlar oldin, ikkinchi darajali ahamiyatga ega bo‘lgan organlar esa keyinchalik o‘zgaradi yoki o‘zgarmay qoladi. Ammo bu qoida doimo to‘g‘ri bo‘lavermaydi. Masalan, ayrim hollarda ovqat hazm qilish organlarining yangilanishi tez boradi. Jumladan, mazkur fikr nematodalarga taaluqlidir. Ularni sistemaga solishda og‘iz apparati va qizilo‘ngachining tuzilishini e’tiborga olish tasodifiy bir xol emas. Ayrim organlar sistemasining yanglanishi evolyutsiya tezligining ortishi yoki sekinlashishi to‘g‘risida xabar berishiga qaramay, evolyutsiya hamma vaqt butun organizmga tegishli bo‘ladi. Organlar, organizmlar yangilanishi tezligini kuzatish paleontologiyada ayniqsa muhim rol o‘ynaydi. Bunday materiallar qancha ko‘p bo‘lsa, evolyutsiya tezligi haqidagi ma’lumotlar ham shuncha to‘liq bo‘ladi.
Organlarning filogenetik yangilanish tezligining notekis borishi haqida fikr yuritilganda, avlodlar, turlar evolyutsiyasi tezligining notekisligi ham e’tiborga olinishi kerakligini ko‘rsatadi (Simpson).
Paleontologlarning ma’lumotlari har xil hayvonlar guruhlarida evolyutsiya tezligining o‘zgarganligi haqida guvohlik beradi. Bu hodisa Myuller ishlarida ko‘rsatib o‘tilgan. U yaxshi o‘rganilgan hayvonlar avlodini ayrim geologik qatlamlar bo‘yicha joylashtirganda, evolyutsion protsess tezligiga doir qiziqarli ma’lumotlar olgan. Masalan, amfibiyalar devon davrida paydo bo‘lib, karbonda ko‘p avlod, turlar paydo bo‘lgan, ya’ni biologik progressga uchragan va evolyutsiyasining tezligi pasaygan va avlodlar soni kamaygan. Bu hodisani repteliyalarda ham qo‘rish mumkin.
Evolyutsiya tezligining o‘zgarishiga ta’sir etuvchi faktorlar orasida mutatsiya protsessining takrorlanishi ham katta ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, yashash sharoiti ham evolyutsiya tezligiga ta’sir etib ba’zi turlarning nobud bo‘lishiga, boshqalarning esa son jihatidan kamayishiga olib keladi.
Organizm tarqalgan territoriya, populyatsiya hajmining ortishi, organizmlarning adaptatsiogenezi, orogenez to‘qnashishidagi rivojlanishi ham evolyutsiya o‘z-o‘zini tezlashtiruvchi harakatlanish xarakteriga kirganligidan dalolat beradi.
Shmalgauzen fikricha, progressiv evolyutsiya protsessida, populyatsiyalar orasida maksimal tezlik bilan moslanish bo‘yicha biologik poyga boradi. Shunga o‘xshash allogenez, gipergenez ham evolyutsiya tezligini oshirishda muhim rol o‘ynaydi.
Xulosa qilib aytganda, evolyutsiya protsessining tezligi evolyutsiyaning elementar faktorlari (mutatsiya, populyasiya to‘lqini, izolyatsiya, tabiiy tanlanish)ning xususiyatlari, bo‘g‘inlarning almashinib turishi va ontogenetik differensiyalanish darajasi bilan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |