Xomashyo (materiallarni)ni ishlab chiqarishga kiritish nazorati.
Bu usul quyidagilar zarur bo’lganda qo’llaniladi:
Tekshirilayotgan davrda korxonada amalda bo’lgan yoki ilgari qo’llanilgan xomashyo va materiallar sarfi o’rnatilgan miqdorlarini tekshirish kerak bo’lganda;
Amaldagi xarajatlar, chiqindilar soni, tayyor mahsulot chiqarilishini o’rnatish zarur bo’lganda;
Texnologik jarayon, uskunalar ishlab chiqarish imkoniyatlarini tekshirish kerak bo’lganda.
Buning uchun tegishli tajribaviy ishlar amalga oshiriladi, masalan, matolarni bichish, go’sht mahsulotlarini chiqarish, non yopish va boshqalar.
Xomashyo va materiallarni ishlab chiqarishga nazoratli kiritish ishlab chiqarish texnologiyasi va o’rnatilgan sarflar qiymatidagi buzilishlar va kamchiliklarni aniqlashga, talon-taroj va o’rnatilgan sarf miqdoridan oshiqcha asossiz hisobdan chiqarish, xarajat me’yorlarini yuqori o’rnatish, texnologik rejimni o’zgartirish, mahsulot sifat ko’rsatkichlarini buzib ko’rsatish orqali hisobga olinmagan moddiy boyliklar qoldiqlarini yaratish bilan bog’liq boshqa xildagi qonunbuzarliklarni ochishda yordam beradi.
Shuni e’tiborga olish lozimki, mahsulot ishlab chiqarish ilgari qanday amalga oshirilgan bo’lsa, aynan shu tartibda amalga oshirilishi kerak. Faqat shu shart bajarilgandagina o’tkazilayotgan nazorat operatsiyasi natijalari mahsulot chiqarishda xomashyo va materiallar sarfining amaldagi hajmini aniqlashda, talon-taroj va boshqalar haqida qo’shimcha ma’lumot olishda foydalanilishi mumkin.
Ilgari mavjud bo’lgan ishlab chiqarish jarayoni va holati haqidagi ma’lumotlarni tekshiruvchi tegishli hujjatlarni o’rganish orqali bilib oladi. Bular: o’rnatilgan me’yorlar, texnik shartlar, texnologik xaritalar, ishlab chiqarish jurnallari, xomashyo va materiallar sarfi, mahsulot chiqarilishi, laboratoriya tahlillari bo’yicha hisob hujjatlari va hokazolar.
Ilgari korxonada ishlagan ma’sul shaxslar va xodimlarning tushuntirishlari muhim ahamiyatga ega. Ularni o’rganib chiqish natijasida ishlab chiqarish xarakteri va sharoitlari o’zgarmaganligini bilib olish mumkin. Bunday holatlarda nazorat sifatida ixtiyoriy xomashyo va materiallarni chiqim qilishni olish mumkin. Agar ma’lumotlar o’zgargan va buzilgan bo’lsa, tadbir mazkur o’zgarishlarni inobatga olgan holda ilgarigi sharoitlarni qayta yaratish orqali amalga oshiriladi. Xomashyoning nazoratli ishlab chiqarishga kiritishning ishtirokchilari bo’lib, qoidada shu korxonada ishlab kelgan ishchilar, shu jumladan, faoliyati tekshirilayotgan ma’sul shaxslar bo’ladi.
Nazorat kiritishni amalga oshirish va tashkil etishda kamomad va qonunbuzarliklarni yashirish maqsadida tekshirilayotgan shaxslar ko’p hollarda ishchilar bilan avvaldan kelishib olishlari yoki o’zlari qing’ir yo’llar bilan tajribaning u yoki bu ahamiyatli shartlarini o’zgartirish va shu bilan natijalarni buzishga harakat qilishlarini hisobga olish kerak. Shu munosabat bilan tajriba shartlari bajarilishi ustidan nazorat va kuzatishni yaxshilash uchun manfaatdor bo’lmagan shaxslarni jalb qilish yoki tajribani ichki nazoratchilar guruhi qatnashuvida o’tkazish maqsadga muvofiqdir.
Mazkur tadbirning borishi boshdan oxirigacha kerakli tafsilotlari bilan uning ishtirokchilari tomonidan imzolanuvchi bir yoki bir nechta dalolatnomalarda qayd qilib boriladi. Dalolatnomada mustahkamlangan natijalar keyingi tekshiruvda ishlatiladi va ichki audit umumiy hisobotida aks ettiriladi.
Xomashyo, materiallar va tayyor mahsulot sifatining tahlili sifatsiz xomashyodan foydalanish, bir materiallarni boshqa arzonroqlari bilan almashtirish, mahsulotga etarli sarflar qilinmasligi, qabul qilinayotgan va chiqarilayotgan mahsulot sifat ko’rsatkichlarini buzib ko’rsatish holatlarini aniqlashga imkon beradi. Bunday holatlar nafaqat ishlab chiqarish texnologiyasi, o’rnatilgan qoida, me’yor, standart va texnik shartlarning buzilishi haqida, balki, hisobga olinmagan moddiy boyliklar qoldiqlarini yaratish bilan bog’liq buzilishlar haqida dalolat beradi.
Ushbu usul ko’proq tekshirilayotgan tashkilotning u yoki bu faoliyat sohasidagi ishlar ahvolini o’rganib chiqishda qo’llaniladi. Bunda tahlilga tekshiruvgacha chiqarilgan mahsulot yoki ishlab chiqarishga kiritilgan xomashyoni olish zarur. Aks holda tekshiruv samara bermaydi.
Agar sifat tekshiruvini maxsus laboratoriya uskunalarisiz amalga oshirish va mahsulot joylashgan erda o’tkazish imkoni bo’lsa, u holda ushbu hududga javobgar shaxslar va tekshirilayotgan shaxslar tekshiruvda qatnashishlari shart. Shu bilan birga namunalarni olish usullari va texnikasiga doir o’rnatilgan qoidalarga amal qilish lozim.
Tekshiruv, agar uning natijalari auditorlik tekshiruvi uchun ahamiyatga ega bo’lsa, tegishli dalolatnoma bilan rasmiylashtirilishi kerak. Tahlil laboratoriyada o’tkazilishi zarur bo’lgan hollarda, ichki auditor xomashyo va materiallarning tegishli namunalarini olishni tashkil etadi. Bu hatti-harakat barcha ishtirok etganlar imzolari qo’yilgan dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Laboratoriya tahlili natijalari tegishli hujjat sifatida ichki audit dalolatnomasiga (hisoboti) ilova qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |