5.5. Tahliliy amallar
Ichki audit davomida auditorlik dalillarini olishda asosiy rolni bajaruvchi tahliliy amallar mohiyatiga ko’ra korxona faoliyatining moliyaviy-iqtisodiy ko’rsatkichlari orasidagi munosabatlarni aniqlash, tahlil qilish, baholash va tekshirish hamda ularning o’zaro ta’sir aloqalarini aniqlashdan iboratdir.
Tahliliy amallarning asosiy maqsadi – xo’jalik faoliyati natijalari va ehtimoliy risk hududini aniqlashtiruvchi g’ayrioddiy yoki noto’g’ri aks ettirilgan xo’jalik faoliyatining faktlarininig mavjud yoki yo’qligini qidirish va yuzaga chiqarishdir. Bu faktlar bozor iqtisodiyoti sharoitida korxonaning uzluksiz faoliyatining bosh tamoyilini hisobga olgan holda strategiya va taktikani belgilashda katta ahamiyat kasb etadi.
Tahliliy amallarning qo’llanilishi ichki auditning sifatini oshirishga va belgilangan dastur doirasida auditorlik chora-tadbirlari sonini kamaytirish yordamida tekshiruv vaqtni qisqartirishga xizmat qiladi.
Tahliliy amallar, qoidada, butun auditorlik jarayoni davomida amalga oshiriladi, ularning turlari ichki auditning rejasiga muvofiq bosqichlar bo’yicha belgilanadi.
Auditorlik tekshiruvlari vaqtida tahliliy amallarni qo’llash zarur hisoblanadi. Aynan tahliliy amallar auditorlik dalillarini to’plashning eng ishonchli va ko’p qo’llaniladigan usuli hisoblanadi.
O’zbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini amalga oshirishda tahliliy amallarni bajarishning me’yoriy-huquqiy asosi bo’lib, O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 1999 yil 4 avgustda 64-son bilan tasdiqlangan hamda O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999 yil 3 sentyabrda 814-son bilan ro’yxatga olingan “Tahliliy amallar” nomli 13-son auditorlik faoliyatining milliy standarti hisoblanadi. Shuningdek, tahliliy amallarni bajarishda “Auditorlik dalillar” nomli 50-son auditorlik faoliyatining milliy standartiga ham tayaniladi.
Tahliliy amallarni bajarishning bir nechta turi mavjud bo’lib, o’z ichiga quyidagilarni oladi:
Auditorlik tekshiruvlari amaliyotiga nazar tashlaydigan bo’lsak, tahliliy amallarning eng ko’p qo’llaniladigan turi haqiqatdagi ma’lumotlarni o’tgan yilgi ma’lumotlar bilan taqqoslash hisoblanadi. Tahliliy amallarni qo’llashda korxonalar faoliyatida joriy davrda o’tgan davrga nisbatan o’zgarishlar bo’lganligi inobatga olinishi lozim. Agarda korxonada shu davr mobaynida moliyaviy yoki tashkiliy jihatdan sezilarli o’zgarishlar sodir bo’lmasa, olingan natijalar haqqoniy hisoblanadi. Moliyaviy jihatdan o’zgarishga quyidagicha misol keltiramiz: korxonaga investitsiya kiritish natijasida ishlab chiqarish hajmi ortadi, shu bilan birgalikda boshqa ko’rsatkichlar ham o’zgaradi. Tashkiliy jihatdan o’zgarishga tarkibiy qayta qurish yoki ishlab chiqarish tusini o’zgartirish misol bo’ladi. Shunga muvofiq ravishda joriy yilning natijalarini o’tgan yilgi natijalar bilan taqqoslab bo’lmaydi.
Auditorlik tashkilotlari auditorlik tekshiruvlari davomida mijoz korxona ma’lumotlarini tarmoqdagi o’rtacha korxona yoki turdosh korxona ma’lumotlari bilan taqqoslashni amalga oshiradi. Ushbu amallar, o’z navbatida, korxonaning bozordagi ulushini va raqobatbardoshliligini aniqlash imkonini beradi. Tarmoqdagi turdosh yoki o’rtacha korxona ma’lumotini taqqoslash uchun nafaqat moliyaviy hisobot ma’lumotlari, balki ularga qo’shimcha ravishda buxgalteriya hisobida qo’llaniladigan usullar bayonini ham ilova qilish tavsiya etiladi. Chunki tarmoqdagi turli korxonalarda buxgalteriya hisobining turli usullari qo’llanilayotgan bo’lishi mumkin.
Tahliliy amallarning qo’llanilishida asosiy e’tibor noodatiy chetlanishlar va ularning sabablarini o’rganishga qaratiladi. Odatda muhim bo’lgan chetlanishlar o’rganiladi. Ushbu chetlanish sabablari va ta’sir qiluvchi omillar tahliliy yo’l bilan emas, balki keng qamrovli tekshirish yo’li bilan o’rganiladi.
Umuman olganda tahliliy amallar auditorlik tekshiruvining sifati va samaradorligini oshirishga keng xizmat qiladi. Ushbu amallarni auditda qo’llashning ijobiy jihatlari safiga quyidagilarni kiritish mumkin:
Alohida hisobvaraqlar yoki hisobvaraqlar guruhi ma’lumotlarining ishonchliligini isbotlaydi;
Muayyan sanada, yoki o’tgan davr bo’yicha likvidlilik, rentabellik ko’rsatkichlarini aniqlash imkonini beradi.
Auditorning diqqat-e’tiborini tekshiruvning muhim jabhalariga qaratadi, shuningdek, tekshirish hajmi va vaqtini qisqartirishga xizmat qiladi.
Ko’rsatkichlarning o’zaro aloqadorligini tekshirish imkonini beradi.
Korxona hisobotining amaldagi ko’rsatkichlarini biznes-reja bilan solishtirishda auditor rejalashtirish uslubiyatini baholashi zarur. Agar, auditor fikricha, rejali ko’rsatkichlar bajarilishi imkoniyati haqiqatda bo’lmasa, auditor ulardan auditorlik dalillarini to’plashda foydalanmasligi lozim. Buni ishchi hujjatlarda qayd qilish kerak.
Tahliliy amallarni o’tkazish tartibi ularning aniq bir muammoga oydinlik kiritishni tanlashga asoslanadi. Quyidagi bosqichlardan kelib chiqqan holda tahliliy amallarni shakllantirishning umumiy tamoyillari mavjud:
Amalning maqsadini aniqlashtirish;
Amal turini tanlash;
Amalni o’tkazish;
Amalni o’tkazishdan olingan natijalarni tahlil qilish.
Tahliliy amallarning turi ularni o’tkazishdan maqsad, ma’lumotning erkinligi va solishtirish xususiyatlari hamda auditorning professional fikrlash darajasiga bog’liq.
Tahliliy amallarning nisbatan afzalligi shundaki, ularni ham yig’ma buxgalteriya hisoboti, ham sho’’ba korxonalar (filiallar va bo’limlar) hisobotlariga qo’llash mumkinligidadir.
G’ayrioddiy chetlanishlar tahlili natijalarini auditor ishchi hujjatlarda aks ettirishi, va ularni korxona rahbariyatiga yozma ma’lumot tayyorlashida foydalanishi lozim.
Tahlil hisobotning haqqoniy emasligi holatlarini aniqlashga, tashkilotning moliyaviy ahvoliga baho berishga, xo’jalik yurituvchi sub’ektning ichki zahiralarini aniqlashga imkon beradi. Uning yordamida tashkilotning xo’jalik faoliyati samaradorligini oshirish zahiralari safarbar etiladi. Shunisi oydinki, to’g’ri tashkil qilingan iqtisodiy tahlil byudjetlashtirish tizimi ko’rsatkichlarini rejalashtirish va bajarish uchun ilmiy baza bo’lib xizmat qiladi.
Tannarx tarkibining tahlilida yo’l qo’yilgan xatoni aniqlash, xarajatlarning u yoki bu kalkulyatsiya moddalari bo’yicha ishlab chiqarish sarflarining oshirilishi hamda byudjet ko’rsatkichlaridan chetga chiqishlar aniqlanadi. Moddalar kesimida tannarx tahlili har bir modda bo’yicha amaldagi xarajatlarning byudjet xarajatlaridan farqlanishini topishdan boshlanadi. Mahsulot tannarxi haqidagi hisobot ko’rsatkichlari moddalar bo’yicha qanday bajarilganini ko’rsatib beradi.
Xarajatlarning kalkulyatsiya moddalari bo’yicha farqlari ham ijobiy, ham salbiy bo’lishi mumkin. Boshqa o’xshash sharoitlarda ijobiy farqlar tashkilot resurslaridan ratsional foydalanilganlik haqida, salbiy farqlar esa – amaldagi tannarxning rejadagidan ortib ketganligidan dalolat beradi.
Mahsulot tannarxining ichki nazorati tahliliy amallarini har bir modda ko’rsatkichining byudjet ko’rsatkichidan farqlanishiga ta’sir qilgan omillarni aniqlash uchun ham qo’llash zarur. Bunda sodir bo’lgan ob’ektiv omillarni hisobga olish kerak. Masalan, texnik-iqtisodiy omillarning kalkulyatsiya moddalari bo’yicha xarajatlar darajasiga ta’siri.
Kontragentlar bilan solishtirma dalolatnomalarni tuzish ichki nazoratga bog’liq faoliyat bo’lib, u amalda mavjud bo’lgan debitor va kreditor qarzdorliklar to’g’risidagi ma’lumot haqqoniyligini oshirishga xizmat qiladi.
Xo’jalik shartnomalarini tuzish shartlarining iqtisodiy maqsadga muvofiqligi va ob’ektivligini aniqlashtirish zarur.
Naqd hisob-kitob asosida mahsulot chiqarish amalga oshiriladigan bo’linmalarda (turli hildagi qo’shimcha ishlab chiqarish) kassir-operatsionistlar tomonidan bajariladigan kassa amaliyotlari ichki nazorati bo’yicha tahliliy amallar o’tkazish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |