Rasmiy so’rov va tashqi tasdiqlash. Auditorlik dalillarining ishonchliligi, shu jumladan, ichki auditda ham, ularning qaysi manbadan olinganiga bog’liq. Tashqi manbalardan olingan auditorlik dalillari ichki manbalardan olingan dalillarga nisbatan ishonarliroq hisoblanadi.
Tashqi manbadan olingan va rasmiy so’rovga javoban berilgan tasdiqlovchi ma’lumotdan foydalanishning yagona talablarini o’rnatadi. Bular quyidagilarni tasdiqlash uchun zarur:
Bank hisobraqamlaridagi pul qoldiqlari;
Debitor va kreditor qarzdorliklarni va shu jumladan olingan qarzlar miqdorini;
Qayta ishlash yoki komissiyaga berilgan moddiy-ishlab chiqarish zahiralari miqdorini;
Hisobot sanasigacha xarid qilingan biroq tashkilotga etkazib berilmagan moliyaviy instrumentlarni;
Tekshirilayotgan tashkilot uchinchi shaxs bilan birga yuritgan xo’jalik operatsiyalari va kelishuvlar shartlarini.
Tekshirilayotgan tashkilotning so’rovlariga javoban uchinchi shaxslardan olingan auditorlik dalillarini olish va tahlil qilish jarayoni tashqi tasdiqlash deyiladi.
Auditor uchinchi tomondan olmoqchi bo’lgan ma’lumot xususiyatlaridan kelib chiqqan holda ijobiy yoki salbiy tasdiqlashga so’rovnoma tayyorlashi mumkin.
Ijobiy tasdiqlash so’rovga uchinchi shaxs har qanday vaziyatda javob berishi kerakligini nazarda tutsa, salbiy tasdiq faqat so’rovda ko’rsatilgan ma’lumot bilan uchinchi shaxsning noroziligi holatida javob berilishini ko’zda tutadi. Ijobiy so’rovnoma so’ralayotgan ma’lumot to’ldirilishi kerak bo’lgan yoki uchinchi shaxs tasdiqlashi, rad etishi kerak bo’lgan zarur ma’lumot ko’rsatilgan blank sifatida tuzilishi mumkin. Har bir so’rovda so’rovga javob ichki auditorga bevosita yuborilishi kerakligi va tekshirilayotgan tashkilot rahbariyati so’ralayotgan ma’lumotning ochib berilishiga roziligi ko’rsatib o’tilishi zarur.
Auditor so’rov yuboriladigan tashqi tashkilotning ma’sul shaxslarini to’g’ri tanlay bila olishi zarur. Bunda ma’sul shaxsning layoqatliligi, uning xabardorligi, motivatsiyasi, javob bera olish imkoniyati va hohishini inobatga olishi lozim.
Salbiy tasdiqlash nisbatan ishonarsizroq auditorlik dalili bo’lganligi sababli undan faqat ma’lum bir sharoitlarda foydalanish mumkin. Masalan, hisobraqamlar bo’yicha ko’p sonli ahamiyatsiz qoldiqlarni tekshirish zarur bo’ladi.
Tashqi tasdiqlash jarayoni to’liq ichki auditor nazorati ostida bo’lishi kerak. U shaxsan kontragentlarni tanlab olishi, so’rovnomalarni tayyorlashi va ularni korxona rahbariyatiga imzoqo’ydirishi, kontragent manzilini aniqlashi va so’rovnomalarni yuborishi lozim. Olingan javoblarni auditor ularning ishonarliligi nuqtai-nazaridan ko’rib chiqish, va zarur bo’lgan hollarda olingan javoblarning ishonchliligi va haqqoniyligiga doir shubhalarni bartaraf qilish uchun zaruriy amallarni bajarishi kerak (masalan, olingan javobni telefon orqali og’zaki tasdiqlash).
Agar ijobiy tashqi tasdiqlash haqidagi so’rovga javob kelmasa, u holda auditor hisobot tayyorlashning sabablariga nisbatan muqobil amallarni bajaradi. Uchinchi shaxslar tomonidan ko’p marotaba noroziliklar bildirilishi tekshirilayotgan korxona buxgalteriya hisobida buzilish va xatoliklar mavjudligidan dalolat beradi.
Tashqi muassasadan tashqari moliyaviy nazorat amaliyotida (masalan soliq idoralari tomonidan) mazkur amallar qarama-qarshi tekshiruv sifatida o’tkaziladi. Qarama-qarshi tekshiruvni o’tkazish ikkala tomon amalga oshirgan xo’jalik operatsiyalarini ularning buxgalteriya hisobida farqli ravishda aks ettirishdagi turli xil kamchiliklarni aniqlashga xizmat qiladi.
Tashqi tasdiqlarni olishning usullari quyidagi xato va kamchiliklarni aniqlashda asqotishi mumkin:
Xo’jalik operatsiyasida qatnashgan bir tomonning boshqasidan olingan tovar-moddiy boyliklari va pul mablag’larining to’la yoki qisman kirim qilinmaganligi;
Tovar, ish va xizmatlar realizatsiyasidan tushumni (shu qatorda bankka topshiriladigan qismiga ham) o’zlashtirish;
To’liq yoki qisman tovarsiz operatsiyalar mavjudligi;
Tovar-moddiy boyliklar va pul mablag’larining ortiqcha hisobdan chiqarilishi va hokazolar.