5.3. Ko’rik, tekshiruv, nazorat o’lchash Hujjatlari ko’rsatib o’tilgan xo’jalik mablag’larining haqiqatdagi holatining tekshiruvi ma’lum bir ob’ektlarni ko’rikdan o’tkazish va tekshirish yo’li orqali amalga oshiriladi.
Ko’rik tegishli mutaxassis tomonidan xo’jalik tizimida qandaydir aniq bir funktsiyalarni bajaruvchi ma’lum bir ob’ektlarni o’rganib chiqish va agar zarur bo’lsa, ko’rib chiqilgan ob’ektlar to’g’risida ma’lumotlarni qayd etishdan iboratdir.
Tekshiruv ham ko’rik kabi ma’sul xodimlar tomonidan xo’jalik tizimining ma’lum ob’ektlarini bilvosita o’rganib chiqishdir. Biroq, tekshiruvda ko’proq ob’ektlarining aniqlangan qo’shimcha xususiyatlari to’g’risidagi muhim ma’lumotlarni hujjatlashtirish amalga oshiriladi. Bular, dalolatnoma, bayonnoma va boshqa shunga o’xshash hujjatlardir.
Ko’rikdan turli xildagi ob’ektlar o’tkazilishi mumkin: ishlab chiqarish binolari, asbob-uskunalar, hududlar, omborlar, mahsulot va boshqalar. Ko’rik yoki tekshiruvga, kerak bo’lsa, tekshirilayotgan ob’ekt rahbarlari (yakka tadbirkorlar) yoki kerakli ma’lumot bera oluvchi ma’lum bir soha yoki yo’nalishga javobgar shaxslar jalb qilinishi mumkin.
Savdo tashkilotlarida qo’p sonli xo’jalik operatsiyalarini tekshirish uchun markirovka, tovar belgilari, aktsiz markalari mavjudligi, tovarlarning boshqa o’ziga xos xususiyatlari sinchiklab ko’rikdan o’tkazish talab qilinadi. Ko’rik davomida olingan ma’lumotlar buxgalteriya hujjatlari bilan solishtiriladi. Hujjatlarni tekshirish uchun ko’rib chiqilayotgan tovarlarning xususiyatlarini o’rganib chiqish, zarur bo’lgan hollarda ko’rikka tovarshunos mutaxassis jalb qilinishi mumkin.
Yuk xo’jaligini ko’rikdan o’tkazishda quyidagi kamchiliklar aniqlanishi mumkin:
yuk o’lchash asboblarida tamg’aning yo’qligi;
engillashtirilgan vazn toshlari;
o’lchash pallalarining og’irlashtirilganligi;
muvozanati buzilgan tarozi va hokazo.
O’z navbatida, savdo-sotiq xonalarini ko’zdan kechirish kassa-nazorat mashinalari foydalanishidagi qonunbuzarliklarni aniqlashga imkon beradi.
Agar yanada chuqurroq tekshiruv o’tkazish va hisob holati hamda texnologik jarayonga amal qilishni aniqlash zarur bo’lgan hollarda, tekshiruvchi shaxs tomonidan korxonaning alohida bo’limlarini tekshirib chiqish amalga oshiriladi. Ushbu faoliyat davomida quyidagilar aniqlanishi mumkin: mahsulot saqlash qoidalari buzilish holatlari; nazorat o’tkazish tizimining qoniqarsiz tashkil etilganligi va hokazolar.
Nazorat o’lchash ichki nazoratning metodik uslubi. Uning yordamida xo’jalik yoki pudrat asosida haqiqatda amalga oshirilgan qurilish yoki qurilish-montaj ishlari hajmi va ular bo’yicha to’lovning haqqoniyligi aniqlanadi.
Odatda o’lchash quruvchi mutaxassislarni jalb qilish orqali amalga oshiriladi. O’lchashga tayyorlanishda tekshirilishi lozim bo’lgan ob’ektlar, qurilma elementlari va ish turlari aniqlanadi. Shundan so’ng, tekshirilayotgan naryad va bajarilgan ishlarni qabul qilish dalolatnomalari bo’yicha to’langan va qurilish boshidan beri amalga oshirilgan ishlar miqdori va qiymati hisoblab chiqiladi. Bu ma’lumotlar loyiha-smeta hujjatlari bilan solishtiriladi va amalga oshirilgan ishlar xususiyati, soni va qiymati bo’yicha tafovut topiladi. Zarurat tug’ilganda hisobdan chiqarilgan materiallar soni va turi hisoblab tekshiriladi.
O’lchashda qatnashishga mutasaddi rahbar xodimlar, bajarilgan ishlarni qabul qilish dalotlatnomasi, naryad va materiallarni hisobdan chiqarish hujjatlariga imzo qo’ygan va qurilish yoki ta’mirlash ishlariga javobgar ijro etuvchi shaxslar jalb qilinadi. Bular odatda prorablar va yo’nalish boshliqlari bo’ladi. Bundan tashqari, o’lchashga buyurtmachining, smeta-loyiha tashkilotining vakili, tekshirilayotgan ishlarning naryadlarida bajaruvchi bo’lib ko’rsatilgan ishchilar, jamoatchilik vakillari taklif qilinishi mumkin.
Nisbatan katta hajmdagi ishlar amalga oshirilgan alohida olingan ob’ektlarning nazorat o’lchashi o’tkazilishi maqsadga muvofiqdir. Ob’ektlarning ko’pligida nazorat o’lchash, birinchidan, qo’shib yozish va ishlar hajmini oshirib ko’rsatish holatlarini aniqlashda kam samarali bo’lsa, ikkinchidan, ko’proq vaqt sarf qilishni talab qiladi.
Qurilish ishlarining asosiy o’lchash asboblar yordamida o’lchashdir (ruletka, metr, geodezik uskuna va hokazo). O’lchash zarur bo’lmagan yoki qiyin bo’lgan qurilmalar bo’yicha ish hajmini o’lchash ish chizmalari va tasniflari yordamida loyihada nazarda tutilgan konstruktsiyaning mavjudligi va chizmalar bo’yicha tegishli ishlar amalga oshirilganidan so’ng o’tkaziladi.
O’lchashni amalga oshirishda quyidagi hujjatlardan foydalaniladi: bajarilgan ishlar dalolatnomalari, jurnallari har bir ob’ekt bo’yicha, qurilish materiallari sarfi jurnallari, ishlar naryadi, geodezik o’lchashlar dalolatnomalari, binolarni texnik ko’rikdan o’tkazish dalolatnomalari, smeta-loyiha hujjatlari, buxgalteriya hisobining materiallarni hisobdan chiqarish to’g’risidagi ma’lumotlari va boshqalar. O’lchash yordamida quyidagilar tekshiriladi:
Loyiha, smeta, qabul qilish dalolatnomalari va naryadlarda ko’rsatilgan bajarilgan ishlar qiymati, xarakteri va hajmining mosligi; bajarilgan ishlarning narxi smeta me’yorlari bo’yicha o’rnatilgan va hisoblab chiqilgan narxlarga mosligi;
Ob’ektlar, konstruktiv elementlar, ishlar turi va bosqichlari yoki ularning qismlarining (tekshiruv uchun zarur bo’lgan hollarda) tugatilganligi.
Ishlarning qiymati va hajmini oshirib ko’rsatishning keng tarqalgan usullari quyidagicha: dalolatnoma va naryadlarga amalda bajarilmagan ishlarni qo’shish; loyihadan chetga chiqqan holatda ishlarni bajarish; qabul qilish dalolatnomasida ko’rsatilgan kam hajmda bajarilgan ishlarni topshirish; ilgari amalga oshirilgan ishlarni dalolatnomalarga kiritish va boshqalar.
O’lchashni boshlashdan avval nazoratchi va ishtirok etuvchi mutaxassisda ikkita jadval bo’lishi shart. Birinchisi – smeta narxlarida (KS-6 shakl bajarilgan ishlar hisobi jurnali), ikkinchisi – naryadlar bo’yicha. Jadvalning chap qismida alohida hujjatlar bo’yicha ishlar nomi va hajmi aks ettirilsa, o’ng qismida o’lchash jarayonida aniqlanadigan barcha ma’lumotlar kiritiladi. Agar qurilish materiallarini hisobdan chiqarish to’g’riligini tekshirish kerak bo’lsa, ish bajaruvchilarning materiallar to’g’risidagi hisobotlari asosida sxema ishlab chiqiladi.
Bajarilgan ishlar bo’yicha o’lchashning natijalari tekshiruvchi bilan birga mutaxassis-quruvchi tuzgan va barcha qatnashuvchilar imzolagan o’lchash dalolatnomasida aks ettiriladi. Agar ulardan birortasi imzo qo’yishdan bosh tortsa, bu haqda tegishli belgilash kiritiladi. O’lchashga jalb qilingan shaxslar o’lchash natijalaridan norozi bo’lsalar, o’z qarshilik va kuzatuvlarini dalolatnomada aks ettirilishini talab qilishlari mumkin.
MISOL
Nazorat o’lchash dalolatnomasi №12 Men, muhandis-quruvchi Hasanov A.I. tomonidan, buyurtmachi “Yangiqurilishmontaj” korxonasi vakili bosh muhandis Berdiev A.S. ishtirokida 1 yanvar 2009 yildan to 1 iyul 2010 yilgacha bo’lgan muddatda to’langan(yoki to’lovi talab qilingan) qurilishi ishlarning ushbu nazorat o’lchash dalolatnomasi tuzildi, Qurilish ob’ekti - AJ “Yangiqurilishmontaj” garajini ko’zdan kechirish natijasida aniqlandi Poydevor (FBS-24-3-5 bloklari) – 2,4 m; To’sish plitalari PK 42x12 – 16 dona, PK 63ch12 – 10 dona; Bog’lar 5PB-30-27 – 8 dona, ZPB-13-37 – 15 dona; G’isht devor (M-100 g’isht) – o’lchami: balandligi 6m, perimetr bo’yicha uzunligi 48m, eni 0,52m; Ichki to’siqlar: uzunligi 22m, eni 0,25m. Ushbu nazorat o’lchash yordamida 962 ming. so’mlik ish hajmi tekshirildi. O’lchash natijalari bilan barcha hozir bo’lgan shaxslar tanishtirildi. Arz va e’tirozlar bildirilmadi. Tekshiruvchi _______ A.I. Hasanov Buyurtmachi vakili ______ A.S.Berdiev Pudratchi vakili ________ N.N. Bo’riev 10 iyul 2011 yil Dalolatnomada faqat amalda aniqlangan ishlar hajmi yoki o’lchashlar ma’lumoti ko’rsatilishi maqsadga muvofiqdir. Keyinchalik ushbu ma’lumotlar buxgalteriya hujjatlari bilan solishtiriladi va ishlar hajmi va qiymati, materiallar sarfi va ularning oshirib ko’rsatishlar aniqlanadi. Kamchiliklar aniqlangan holatda ishlar qiymatining qayta hisoblash vedomosti tuzilishi mumkin.