Investitura (lot.investio – kiyintirmoq, bezamoq) – 1) Dunyoviy I. – vassalga oʻz feodiga egalik qilishga kirishishni anglatuvchi ramziy marosim. Bu ramziy marosimda berilgan mulkka egalik qilish ma’nosini beruvchi uzuk, hassa, qoʻlqop, bayroq, bir hovuch tuproq va hatto somon bogʻlami kabilar berilgan. Bu oʻziga xos vassallik ma’nosini anglatuvchi holat edi, ya’ni vassal oʻz mulkiga egalik qilishini uning senori tasdiqlab bergan; 2) Cherkov I.si – yepiskop yoki abbatni oʻz lavozimiga tayinlash va oʻtqazish marosimi. Ikki xil koʻrinishda amalga oshirilgan: diniy hokimiyatni anglatuvchi hassa va uzuk berish hamda dunyoviy hokimiyatni anglatuvchi yer-mulk (cherkov benefitsiysi) va skipert berish. XI asr oxirigacha cherkov I.si amalda dunyoviy hokimiyatga (imperator yoki qirolga) tegishli boʻlgan. XI asr oxiridan bu huquqni berish uchun papalik kurash boshlaydi va uning natijasi sifatida 1122-yilda Vorms konkordati imzolandi.
Ioannitlar, gospitalyerlar – salib yurishlari vaqtida Falastinda tashkil topgan diniy-ritsarlik ordeni. Ordenning tamal toshini italyan savdogarlari XI asr oʻrtalarida oʻsha paytlarda musulmonlar qoʻlida boʻlgan Quddus shahrida “Materi Bojey Latinskoy” monastir qoshida birodarlik gʻaribxonasi (gospital) sifatida qoʻyishgan edi. Gospitalerlar Quddusga kelgan yevropalik savdogarlar va piligrimlarni (ziyoratchilar) turar joy bilan ta’minlagan, kasallarini parvarishlagan. Salibchilar tomonidan Falastin bosib olinishida birodarlik a’zolari ularga mamlakatni yaxshi bilganligi uchun ham qimmatli yordam koʻrsatishgan. Salibchilar muvaffaqiyatidan keyin birodarlik darhol mustaqil faoliyatga oʻtdi va “Ayo Ioann Choʻqintiruvchi gospitali” nomini oldi. Xuddi shu paytda unga fransuz ritsari Raymun boshchilik qildi, birodarlik boʻlsa (tax.1137-y) diniy-ritsarlik ordeniga – Ayo. Ioann Choʻqintiruvchi Quddus gospitali Ritsarlariga aylandi. 1259-yilda papa Aleksandr IV ordenning kiyimini – keng tutashpanjali (“malta”) oq xoch tasviri tushirilgan qora jubba va qora kapyushonli plashni rasmiy ravishda tasdiqlab berdi. Orden tepasida buyuk magistr turgan, unga dignitariylardan (buyuk kamondor, marshal, buyuk gospitalyer, kansler, admiral va shu kabilar) iborat kengash yordam bergan. Orden hayotida muhim masalalar ritsar-rohiblarning yigʻilishi boʻlgan bosh kapitulda hal qilingan. Rim papasining farmoyishiga asosan I. papa hokimiyatdan tashqari barcha dunyoviy va cherkov hokimiyatidan daxlsiz deb e’tirof etildi. Berilgan koʻplab tortiqlar tufayli orden Sharq va Yevropa mamlakatlarida: Fransiya, Italiya, Angliya, Germaniya, Kastiliya va Aragonda koʻplab mulklarga ega boʻldi. Orden shaharlarda markaziy maydonlar, savdo rastalari, tegirmon va nonvoyxonalar sohiblari boʻlgan. Orden a’zolari moliyaviy operatsiyalar bilan ham shugʻullangan. Ziyoratchi va salibchilarni Yevropadan Yaqin Sharqqa olib borishdan ham daromad koʻrishgan. Falastindan salibchilar quvilgach, ioannitlar Kiprga oʻrnashib oldi, 1308-yilda Rodos orolini egallab, u yerda oʻz davlatiga asos solishadi. 1522-yilda Sulaymon Buyuk tomonidan uzoq muddat qamalda qolgan ioannitlarning mazkur davlati taslim boʻldi. Sulton ordenga qurollari, xazinasi va oʻz kemalarida orolni tark etishlariga rozilik bildirdi. 1530-yilda orden Malta orolida oʻz davlatiga asos soldi. Shundan boshlab orden ikkinchi nomi – “Malta ordeni” ham deb atala boshladi. Oroldagi hayot rohib-ritsarlarga gʻayridinlar bilan kurash usullarini oʻzgartirishni taqazo etdi, ular oldingi kuchli otliq qoʻshin oʻrniga flot tashkil etadi, tez orada ushbu flot Oʻrtayer dengizida eng qudratli kuchlardan biriga aylandi. Oroldagi orden davlati Napoleon tomonidan 1798-yilda va inglizlar tomonidan 1800-yilda toʻliq tugatildi. Orden hozir ham faoliyat yuritib, oʻzining dastlabki faoliyati, ya’ni kasallarga gʻamxoʻrlik bilan shugʻullanmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |