Inkvizitsiya (lot. inquistio – tekshiruv, tergov) – daxriylarga qarshi kurashish uchun tashkil etilgan katolik cherkovidagi maxsus tribunallar. Cherkov va dunyoviy hokimiyat egalari Gʻarbiy Yevropaning xristian davlatlarida I. tashkil etilgunga qadar ham daxriylarni ta’qib etishgan. Bunda asosiy rolni yepiskoplar bajarishgan. 1215-yilda Lateran soborida barcha yepiskoplarga daxriylarni ta’qib etish majburiyati yuklatilgan, hatto buni bajarmasa mansabidan olinishi belgilangan. Dunyoviy hokimiyat vakillari (hukmdorlar) boʻlsa bu ishda cherkovga yordam berish majburligi belgilandi (aks holda ularni anafema yoki vassalarni unga sadoqatlilik toʻgʻrisidagi qasamyodni qilmaslik kutib turardi). Albigoychilar urushlari davrida tor-mor qilingan katarlar va valdenslar daxriylik harakatlari papalikni daxriylarga qarshi kurashishda favqulotda choralar koʻrish kerakligini koʻrsatib qoʻydi. Natijada I. tuzildiki, bu organning faoliyati an’anaviy cherkov huquqi doirasidan tashqariga chiqib ketdi. 1233-yilda Rim papasi Grigoriy IX dominikanlar rohiblik ordeni tasarrufida I.ni ta’sis etdi. Inkvizitorlar Rim papasi tomonidan tayinlangan va faqatgina unga boʻysungan. Daxriylarni izlab topishda I. chaqimchilikdan keng foydalangan, bunda chaqimchining ayblanayotgan kishi e’tiqodiga shubha qilishi haqidagi xabari yetarli boʻlgan. Tergov maxfiy ravishda oʻtkazilgan, uning uchun alohida cheklangan muddat amal qilmagan. Aybini isbotlash uchun kazuistik soʻrov usuli bilan birga, jismoniy, hatto dahshatli qiynoq usulidan ham foydalanilgan. Agar ayblanuvchi ixtiyoriy ravishda oʻzining daxriylik qarashlari moyilligini tan olsa, uni ozod qilishgan va ogʻir boʻlgan yepititiyaga mahkum qilishgan. Unga muvofiq mol-mulki birinchi navbatda musodara qilingan. Tergovda qaysarlik qilgan aybdorlar omma oldida sa’zoyi qilingan, qamoqqa tashlangan, majburiy katorga mehnatiga mahkum qilingan. Kaltaklash va qiynoqlarga qaramasdan oʻzining e’tiqodi cherkov nuqtai nazaridan notoʻgʻriligini tan olmaganlar, yoki qaytadan daxriylikda ayblangan mahkumlar cherkovdan holi deb e’lon qilingan va dunyoviy hokimiyat hukmiga topshirilgan. Odatda bu gulhanda kuydirish bilan (autodafe) ijro etiladigan oʻlim jazosini anglatgan. Oʻrta asrlarda ayniqsa Ispaniyada I. “gullab-yashnagan”, bu yerda u qirollik hokimiyatiga boʻysundirilgan edi. Millionlab kishilar I. qurbonlariga aylanishdi, ular orasida daxriylar bilan birga, papalik dushmanlari, hur fikrli madaniyat va fan dargʻalari bor edi. Yana koʻplab aybsiz insonlar shaxsiy gʻaraz va xasadgoʻylik evaziga amalga oshirilgan yolgʻon chaqimchilik qurboni boʻlishgan.
Intendantlar – Fransiyada Kardinal Reshel’e boshqaruvigacha mavjud boʻlgan, biroq uning davridan boshlab nufuzli mansabga aylangan lavozim. Viloyatlardagi markaziy hokimiyat vakillari.
Interdikt (lot.interictum – taqiq) – oʻrta asrlarda katolik cherkovida ma’lum bir hududda diniy marosim va ibodatlarni ma’lum muddatga taqiqlab qoʻyilishi. Odatda papalar tomonidan daxriylarga va siyosiy raqiblarga qarshi kurashda qoʻllanilgan. M: papaga qarshi chiqqanligi uchun Rim papasi Adrian IV 1115-yilda Rimga I. joriy qiladi. 1208-yilda papa Innokentiy III Ioann Yersizni oʻziga boʻysundirish maqsadida butun Angliyaga I. joriy qildi. Papa Grigoriy IX german qiroli Fridrix II ni cherkovdan chetlatar ekan, qirol qayerda paydo boʻlsa, shu yerda diniy rasm-rusumlar va ibodatlarni taqiqlaydi. Oʻrta asrlar sharoitida I. papalarning oʻz dushmanlariga qarshi kurashda eng samarali quroli hisoblanib kelgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |