Kanton – Shveysariyada hududiy-ma’muriy birlik.
Kapella (lot.capella – kichik ibodatxona (chasovnya)) – 1) qal’a va saroylardagi uy katolik cherkovi. Oilaviy ibodat yoki alohida ibodat uchun bunyod etilgan; 2) Qoʻshiqchilar xori.
Kapellan – kapelladagi ruhoniy. Katolik cherkovi ruhoniy yordamchisi; harbiy ruhoniy.
Kapetinglar – Fransiyadagi karolinglardan soʻng hukmronlik qilgan (987-1328) qirollik sulolasi. 987-yilda farzandsiz karoling qiroli Lyudovik V Yalqov vafotidan keyin Il-de-Frans gersogi Gugo Kapet Reyms shahri yepiskopi Adalberon va uning oʻqimishli kotibi Gerbert (boʻlgʻusi papa Silvestr II) koʻmagida Fransiyaning diniy va dunyoviy senorlari yigʻilishida qirol qilib saylanishga erishdi. Sulola avliyo Martin monastiri homiysi ekanligi va bu yerda avliyoning yopinchigʻi – “cappa” saqlanganligi tufayli shu nomni olgan. Sulolaning 12 ta vakili hukmronlik qilgan, ular ichida eng mashhurlari: Lyudovik VI Semiz, Filipp II Avgust, Lyudovik VIII, Lyudovik IX Avliyo, Filipp IV Chiroyli. K. domeni XII asr boshigacha Il-de-Frans hududi bilan cheklangan. Dastlabki K. senorlar qudratini sindirish va kuchli qirollik hokimiyatiga ega boʻlgan yagona Fransiyani tuzishni maqsad qilishdi. K. sulolasi hukmronligining oxirida Fransiya hududi anchagina kengaydi: XIV asr boshlarida qirollik domeni Fransiya hududining ¾ qismini qamrab olib, La-Manshdan to Oʻrtayer dengizigacha choʻzilgan edi.
Kapitan (lot.capitaneus – qoʻmondon, bosh) – 1) Oʻrta asrlarda Fransiyada harbiy unvon sifatida vujudga kelgan. Alohida harbiy okrug boshligʻi K. deyilgan. 1558-yildan rotalar komandirlari K. deb nomlana boshlandi; 2) Italiya shahar kommunalaridagi mansabdor shaxs.
Kapitul (lot.caput – bosh) – 1) yepiskop huzuridagi diniy shaxslar kengashi yoki kollegiyasi; 2) rohiblik yoki diniy-ritsarlik ordenlari a’zolarining umumiy yigʻilishi.
Kapitulyariy (lot.capitula – bob) – karolinglar sulolasi hukmdorlari chiqargan qonunlar, farmonlar, farmoyishlar (buyruqlar). Lotin tilida tuzilgan va kichik bob va paragraflarga taqsimlangan. K.lar tuzish XI asr oxirigacha davom etgan. K. matni qirol tomonidan oliy mansabdor shaxslarning yigʻilishida e’lon qilingan. K.lar oʻzida rasmiy, ya’ni davlat va shaxsiy, ya’ni votchina huquqlari jihatlarini birlashtirgan. Ularda xoʻjalik, siyosiy institutlar, ijtimoiy tuzum, egallangan hududlar boshqaruvi haqidagi kabi koʻplab turli mazmundagi ma’lumotlarni aks ettirgan. K.larning haqiqiy nusxasi yetib kelmagan, toʻplamlarda aks etgan nusxalar yetib kelgan.
Kapisha (slavyan. tasvir, sanam) – xristianlikkacha qadimgi slavyanlarda butlari oʻrnatilgan diniy joy, butparastlar ibodatxonasi vazifasini bajargan. Lekin sharqiy slavyanlar orasida na yozma va na arxeologiya manbalarda K. bilan bogʻliq joylar qayd etilmagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |